Ispaniya malikasi mahkamaga tortiladi

Image copyright AFP

Ispaniya qirolining opasi bo‘lmish Malika Kristina o‘z erining tadbirkorlik ishlariga aloqadorlikda mahkamaga tortiladi.

Ispaniyaning yangi tarixida bu qirollik oilasi a‘zosining ilk bora mahkamaga tortilishi bo‘ladi.

Uning turmush o‘rtog‘i Iyanki Urdangarin o‘z biznes sherigi bilan birgalikda millionlab davlat pulini talon-taroj qilishda ayblanadi.

Er-xotin qonunni buzganliklarini rad etishmoqda. Mayorka orolidagi Palma shahri qoralovchilariga ko‘ra, janob Urdangarinning sport jamg‘armasi pullarni suiste‘mol qilgan.

Janob Urdangarin Nus Institut nomli xayriya sport jamg‘armasini boshqarganida 5,6 million yevro yo‘qolgani da‘vo qilinadi.

49 yoshli Malika Kristina shu miqdorning 2,6 millionini suiste‘mol qilishda ayblanayapti. U o‘z eri bilan Aizoon nomli shirkatga egalik qilgan.

U sobiq qirol Xuan Karlosning uch farzandi orasida o‘rtanchasidir.

Ayblovlar 2007-2008 yillarga borib taqaladi. Tergov 2010 yilda ochilganidan beri ispan qirollik oilasi obro‘yiga putur yetgan.

Malika Kristina yana 16 gumondor bilan birga mahkamaga tortiladi.

Tergovga asos bo‘lgan arizani bergan o‘ta o‘ng qanot Manos Limpias (Toza qo‘llar) kasaba uyushmasi malika 8 yilga, uning eri esa 26,5 yilga qamalishini so‘ramoqda.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002

Your contact details
Disclaimer