MSK saylovchilarning yuksak siyosiy faolligini ko‘rdi

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

21 dekabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 17 gacha O‘zbekistonda ro‘yxatga olingan barcha saylovchilarning 78 foizdan ortig‘i parlament saylovida ovoz berib bo‘ldi, deya e‘lon qildi Markaziy Saylov komissiyasi.

Saylov rasmiylari so‘zlariga ko‘ra, ular soat 17 gacha 16299024 saylovchining ovoz berishda qatnashganining guvohi bo‘lganlar.

Bu jami saylovchilarning 78,4 foizini tashkil etishi xabar qilingan.

O‘zbekiston Markaziy Saylov komissiyasi raisi Mirzoulug‘bek Abdusalomov mahalliy vaqt bilan soat 10 gacha parlament saylovini bo‘lib o‘tgan, deb qaror berishga asos bo‘ladigan sondagi saylovchilar ishtiroki qayd etilganini e‘lon qilgan.

Janob Abdusalomov O‘zbekiston qonunchiligida jami saylovchilarning 33 foizining ovoz berishda qatnashishi saylovni qonuniy deb hisoblashga asos bo‘lishini eslatgan va soat 10 gacha 34 foizlik ishtirok kuzatilganini xabar qilgan.

"Shuni alohida ta‘kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari saylovda yuksak siyosiy faollikni namoyon etmoqdalar", deb aytgan O‘zbekiston Markaziy Saylov komissiyasi raisi.

Mamlakatda saylash huquqiga ega 20789572 fuqaro ro‘yxatga olingani e‘lon qilingan.

Ovoz berishga qobil O‘zbekiston fuqarolarining kamida 2 millioni Rossiyada mehnat muhojiri va xorijiy mamlakatlarda bo‘lgan barcha o‘zbekistonliklarning ham saylovdagi ishtiroki uchun sharoit yaratilgan-yaratilmagani noma‘lum qolgan.

Markaziy Saylov komissiyasi chet elda 44 ta saylov uchastkasi ochilganini xabar qilgan.

Markaziy Saylov komissiyasi keyingi brifing Toshkent vaqti bilan soat 22 da bo‘lishini ma‘lum qilgan.

Bundan oldin Internetda O‘zbek saylov mulozimlariga jami saylovchilarning 93 foizlik ishtirokini ta‘minlash topshirig‘i qo‘yilgani haqidagi xabarlar tarqalib ulgurgan.

O‘zbekiston Oliy majlisi quyi palatasidagi o‘rinlar uchun kurashayotganini aytadigan to‘rtta partiya va ekologlar harakati saylovlarda ishtirok etayotgani aytlgan.

To‘rt siyosiy partiya (Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi, "Milliy tiklanish" demokratik partiyasi, Xalq demokratik partiyasi va "Adolat" sotsial-demokratik partiyasi) ham hukumatparast partiyalardir.

O‘zbekistonda muxolif partiyalar faoliyati taqiqlangan.

Muxolifatdagi O‘zbekiston Xalq Harakati bir bayonot chiqarib, saylovlarni "qo‘g‘irchoqlar saylovi" deb atagan va aholini ovoz berish jarayonini boykot qilishga chaqirgan.

"O‘zbek xalqi 25 yil va 6 oy davomida favqulodda holatda yashamokda. Bu muddat ichida xalqning moddiy va ma‘naviy va zaxiralari halokatli ravishda erib, tamom bo‘lish arafasida. Jamiyatda yo‘qsillik, jaholat va eng yomoni - umidsizlik hokim. Bu holatdagi xalq na erkin saylov, na-da hurriyatni uylaydi", deyiladi O‘XH avvalroq e‘lon qilgan bayonotda.

Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti saylovlarda raqobatning yo‘qligini aytib, O‘zbekistonga cheklangan kuzatuvchilar guruhini yuborishini aytgan.

Tashkilot O‘zbekistonda hozirga qadar o‘tkazilgan saylovlarning birontasini ham erkin va adolatli deb topmagan.

O‘zbekiston Markaziy Saylov komissiyasi raisi Mirzoulug‘bek Abdusalomovning soat 12 dagi Toshkentdagi brifingdagi bayonotini tinglang!

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002