2014 yil oramizdan ketganlar: Fayzullo Karomatov

Image copyright none

Joriy yilda Markaziy Osiyo musiqa olami eng zabardast vakillaridan birini yo‘qotdi. Professor Fayzullo Karomatli (Fayzullo Muzaffarovich Karomatov) 88 yoshida olamdan o‘tdi.

Samarqanddagi Registon maydonida 1997 yildan beri har ikki yilda bir marta o‘tkazib kelinadigan "Sharq taronalari" xalqaro musiqa festivali asoschisi sifatida u O‘zbek va Markaziy Osiyoning ko‘p asrlik musiqiy madaniyatiga dunyo e‘tiborini qarata oldi.

Professor Karomatlining xizmatlari tufayli "Sharq taronalari" turli madaniyatlar, asriy an‘analarni bir-biriga bog‘lovchi eng yirik xalqaro tadbirlardan biriga aylandi.

Shuningdek, Professor Karomatli An‘anaviy musiqa xalqaro kengashi "Maqom" tadqiqot guruhini tashkil qilishda jonbozlik ko‘rsatgandi.

Asli Buxorodan bo‘lgan Fayzullo Karomatli Toshkent va Moskvadagi ilm dargohlarida tahsil oladi va keyinroq, o‘z sohasining eng yuqori pog‘onalaridan birini egallaydi.

1972 yilda u Toshkent davlat konservatoriyasida Sharq musiqasi fakultetini tashkil qilish tashabbusi bilan chiqadi va buni amalga oshiradi. Markaziy Osiyodagi eng ko‘hna musiqiy ilm dargohlaridan biri hisoblangan Toshkent davlat konservatoriyasining o‘ziga 1936 yilda asos solingan.

Professor Karomatli musiqaga oid qator ilmiy maqolalar muallifi ham edi. U o‘z ilmiy izlanishlarida asosiy e‘tiborini an‘anaviy o‘zbek musiqasi va cholg‘u asboblariga qaratgandi.

Fayzullo Karomatlining "O‘zbek an‘anaviy cholg‘u asboblari" deb nomlangan monografiyasi 1972 yil bosmadan chiqishi bilan noyob asarlar qatoridan joy olgandi.

Professor Karomatli umrini O‘zbek va Tojik musiqasi, madaniyatini o‘rganishga bag‘ishladi.

U o‘z talabalarining ko‘pini O‘zbek musiqasini o‘rganishga rag‘barlantirar edi. Fayzullo Karomatli O‘zbekistonda etno-musiqa va folklorshunoslik maktabini yaratgandi. Uning talabalari bugun musiqa sohasining eng taniqli akademiklariga aylanishgan.

Ajoyib inson, bir necha tilni mukammal bilgan olim, O‘zbek va Tojik musiqasi bo‘yicha buyuk tadqiqotchi, tug‘ma iste‘dod egasi va ko‘plab o‘quvchilarini o‘z izidan ketishga rag‘barlantirgan ustoz - Professor Fayzullo Karomatlining xotirasi qalblarda abadiy qoladi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02