Qirg‘iziston Bojxona Ittifoqiga a‘zo bo‘lishga rozi

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Kirg‘iziston prezidenti Almazbek Atamboyev bugun Moskva shaxrida uz davlati nomidan Bojxona ittifokiga a‘zo bulish xakidagi xujjatni imzolashi kutilmokda.

Moskvada xozir Kollektiv xavfsizlik Shartnomasi tashkiloti Oliy kengashining yig‘ini o‘tkazilmokda. Mazkur yig‘in yakunida Kirg‘iziston rahbari Rossiya, Kozog‘iston va Belarus bilan Bojxona Ittifoqiga qo‘shilishi haqida shartnomaga qo‘l qo‘ymoqchi.

Bundan oldin Qirg‘izistonning ittifoqqa qo‘shilishi to‘g‘risidagi hujjatlar parlament muhokamasiga qo‘yilgan va ko‘pchilik ovoz bilan ma‘qullangan.

Qirg‘iziston televideniyesiga intervyu bergan Almazbek Atamboyev mamlakati Bojxona Ittifoqiga qo‘shilishi kerakligi, tizilmaning ahamiyatli tomonlari ko‘p ekanini ta‘kidlagan jurnalistlarga. "Obro‘imizni hech ham pastga tushirmagan holda mana shu ittifoqqa kirishimiz ma‘qulroqdir, aks holda keyinchalik afsuslanishimiz mumkin", degan u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Qirg‘iziston a‘zolikdan voz kechgan taqdirda, qo‘shnilari (O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston) noqulay ahvolga tushirishi mumkin. Atambayev shu o‘rinda yoqilg‘i narxlari bo‘yicha ma‘lum bir yengilliklarga erishilishini aytgan. Shuningdek, Bojxona Ittifoqqiga a‘zolik mamlakatlar o‘rtasida qishloq xo‘jalik mahsulotlarini eksport qilishda qator qulayliklarni yaratadi.

Bundan tashqari xorijdagi, xususan Qozog‘iston va Rossiyada ishlab yurgan qirg‘izistonlik mehnat muhojirlari uchun ko‘proq imkoniyatlar paydo bo‘ladi.

2011 yil iyul oyida Belarus, Qozog‘iston va Rossiya o‘rtasida Bojxona ittifoqi tuzilgan.

Qirg‘iziston 2012 yildan buyon Belarus, Qozog‘iston va Rossiya a‘zo Bojxona Ittifoqiga a‘zo bo‘lish masalasini muhokama qilib keladi.

Qirg‘iziston muxolifati Bojxona Ittifoqiga a‘zolik mamlakatga yengilliklar olib kelishiga ko‘p ham ishonmaydi. Muxolifatga ko‘ra, ittifoqqa qo‘shilish referendum o‘tkazib hal etilishi lozim.

2014 yilning boshida Bishkekda mamlakatning Bojxona Ittifoqiga qo‘shilish harakatiga qarshi muxolifat boshchiligida norozilik namoyishi bo‘lib o‘tgan edi.

Almazbek Atambayev imzolaydigan hujjat Qirg‘iziston parlamentida keyingi yil ratifikatsiya qilinishi kutiladi.

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov fikricha, Rossiya, Qozog‘iston va Belarus o‘rtasida ta‘sis etilgan iqtisodiy ittifoq sobiq sovet davlatlarining siyosiy mustaqilligiga tahdid soladi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002