Shimoliy Koreya o‘n soat davomida internetsiz qoldi

Image copyright AP
Image caption Shimoliy Koreyada juda kam sonli aholi internetdan foydalana oladi

Shimoliy Koreya internet tizimi mislsiz uzilishlar orqasidan sekin-asta tiklanmoqda, deb xabar beradi amerikalik ekspertlar.

Internet tizimidagi nosozliklar AQSh Shimoliy Koreyani Sony Pictures kinoshirkatiga kiberhujumda ayblashidan bir necha kun o‘tib sodir bo‘lgan.

Rasmiy Pxenyan bu borada hozircha izoh bermagan.

Amerikaning Dyn Research shirkatiga ko‘ra, uzilishlar deyarli 10 soat davom etgan. Shimoliy Koreyaning Xitoy orqali internetga chiqadigan to‘rt rasmiy nuqtasi dam olish kunlari muammolarga uchragan. Xitoy bu uzilishlarga aloqasi yo‘qligini aytmoqda.

Dyn Research shirkatining internet tahlillari bo‘yicha direktori Dug Meydori "Shimoliy Koreyada internetda uzilishlar doimiy uchrasa ham, bu safargisi avvalgilariga o‘xshamaydi", degan. Uning jurnalistlarga aytishicha, internet aloqasi nosozligi dam olish kunlari davom etgan va dushanba kuni avj nuqtasiga yetib, butunlay uzilgan. Janob Meydori Shimoliy Koreya internet tizimiga kiber hujum bo‘lganini istisno qilmagan.

Bundan oldinroq AQSh Prezidenti Barak Obama Sony Pictures shirkatiga yetkazilgan zararga qarshi kerakli javob berilishini va‘da qilgandi. Ayni vaqtda Amerika rasmiylari Shimoliy Koreya internet tizimida yuzaga kelgan yirik muammoga aloqadorliklarini izohlashdan bosh tortganlar.

DOS-hujum

Tahlilchilarga ko‘ra, uzilishlarni kompyuter dasturidagi xatoliklar qatori kiber hujumlar keltirib chiqargan bo‘lishi mumkin.

Arbor Networks texnologiya shirkati shanba kuni Shimoliy Koreya infratizimiga DOS hujumlarini qayd etgan. Ushbu hujumlar shundan iboratki, intetnet xizmatlari bir vaqtning o‘zida kutilmagan bir xil tarzdagi ulkan so‘rovlarni olishga majbur bo‘ladi.

"Biz bu xabarni qandaydir izohlamaymiz yoki o‘zimiz o‘tkazadigan amaliyotlarning tafsilotlarini omma oldida muhokama qilmaymiz", - deb aytgan AQSh Davlat departamenti vakili Meri Xarf.

"Shuni aytishim mumkinki, biz amalga oshirgan javob amallarining ba‘zilari sezilarli, boshqalari uncha ko‘zga tashlanmaydi", degan u.

Image copyright AP

Sony Pictures shirkati Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Inga nisbatan suiqasd rejasi aks ettirilgan "Intervyu" filmini nihoyasiga yetkazgani xabaridan biroz vaqt o‘tib, shirkatning ulkan ma‘lumotlari kiberhujum orqali o‘g‘irlangan edi. Shimoliy Koreya bu hujumga aloqasini inkor qilsada, uni amalga oshirilishini olqishlagan. Internetda hali namoyishga chiqarilmagan Gollivud filmlari, shuningdek, Jeyms Bond kartinasining stsenariysi va shirkat rahbariyatining shaxsiy yozishmalari oshkor etilgan.

"Intervyu" filmi AQSh kinoprokatlarida Rojdestvo kunlari chiqarilishi mo‘ljallangan, biroq xakerlarning shirkat va tomoshabinlarga tahdidlari tufayli Sony Pictures film namoyishini bekor qilgan.

Image copyright fdd

Shimoliy Koreya dunyodagi eng yopiq mamlakatlardan biri va aholining juda oz qismidagina internetga kirish imkoni bor. O‘tgan yilda internetga kiruvchilar soni 1,2mingdan oshmagan. Ular ham partiya mulozimlari, targ‘ibotchilar, tashqi ishlar vazirligi xodimlari, elchixonalar, qo‘shma korxonalar va xavfsizlik xizmatlariga mahsulot tayyorlovchi idora vakillaridir. Internetga kiruvchilar shaxsan Kim Chen Inning ruxsati bilan tasdiqlanadi. Tashkilotlar faqatgina maxsus ruxsatnoma bilan internetga ulana oladilar.

Shimoliy Koreyada internet tizimidagi ulkan uzilishlar BMT Xavfsizlik Kengashining mamlakatdagi inson huquqlarining buzilishini muhokama qilishi bilan bir paytga to‘g‘ri kelgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002