"Islomiy Davlat" xalqaro koalitsiya harbiy uchog‘ini urib tushirgan

Image copyright AFP

Suriyadan olinayotgan xabarlarga ko‘ra, "Islomiy Davlat" jangarilari Suriya shimolidagi Raqqa shahri yaqinida AQSh yetakchiligidagi xalqaro koalitsiyaga a‘zo mamlakat harbiy uchog‘ini urib tushirgan.

Suriya Inson huquqlarini kuzatish guruhi xabariga ko‘ra, Arab mamlakatlaridan birining uchog‘i urib tushirilgan, deb ishonilmoqda.

Suriya Inson huquqlarini kuzatish guruhi uchuvchining taqdiri noma‘lum ekanini xabar qilgan.

Biroq Internetda "Islomiy Davlat" tarafdorlari fotosurat e‘lon qilganlar, bu suratda Iordaniya harbiy-havo kuchlarining uchuvchisi deb ko‘rilgan harbiy islomiy jangarilarning qurshovida aks etgan.

Image copyright RAQQA MEDIA CENTER

Suratda uchuvchining ismi ko‘rsatilgan va iordaniyalik ekani aytilgan, biroq suratning haqiqiyligini mustaqil manbalardan tekshirishning iloji yo‘q.

Iordaniya "Islomiy Davlat"ning Suriya shimolida o‘z nazoratiga olgan hududlarini sentyabr oyidan buyon havo hujumlariga tutib kelayotgan to‘rt Arab mamlakatidan biridir.

Suriya hukumat kuchlari ham bu kampaniyada ishtirok etmoqda.

"Al-Jazira" telekanali dastlab urib tushirilgan uchoq Suriya armiyasiga tegishli ekani haqida xabar tarqatgan.

Suriya hukumati uchoq o‘ziga qarashli ekanini tasdiqlamagan.

Oxirgi uch oyda AQSh, Saudiya Arabictoni, BAA va Bahrayn kuchlari Suriyaning Raqqa tumani va atrofida yuzlab amaliyotlarni amalga oshirganlar.

Image copyright AFP ARCHIVE

Raqqa "Islomiy davlat" e‘lon qilgan xalifalikning markazi sifatida Suriya armiyasining havo nishonlariga tutib kelinadi.

Suriya faollariga ko‘ra, seshanba kungi aviareydlar oqibatida 20 kishi halok bo‘lgan.

Ayni paytda Islomiy davlatga qarshi qo‘shni Iroqdagi hujumlarga Avstraliya, Belgiya, Kanada, Daniya, Frantsiya, Hollandiya va Britaniya qo‘shilgan.

Islomiy davlat Suriya va Iroqda katta hududlarni o‘z nazoratiga olib kelmoqda.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002