Tojikiston: "bokiralikni tiklash 350 dollar"

Image caption Nikohgacha bokiralikni saqlash oila qurishning muhim shartlaridan biri hisoblanadi

O‘nlab tojik ayollari har yili bokiralikni tekshiradigan tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun maxsus muassasalarga tashrif buyurishadi.

Bundan tashqari ayollar bokiralik pardasini tiklash uchun gimenoplastikaga tez-tez murojaat qiladilar. Bunday jarrohlik amaliyotining bahosi 200 dan 350 dollargacha bo‘lishi mumkin.

Ko‘pgina yosh ayollar sharmanda bo‘lishdan qo‘rqib og‘riqli tibbiy muolajalardan o‘tishga rozi bo‘ladilar. Bunda ular hammadan ham qo‘shnilar va qarindoshlar ta‘na-dashnomlariga nishon bo‘ladigan oilalaridan xavotir olishadi. Jamoatchilik fikri an‘anaviy jamiyatlarda hanuz katta ta‘sirga ega.

Nikohgacha bokiralikni saqlash oila qurishning muhim shartlaridan biri hisoblanadi. To‘yning ertasi kuni bokiralik belgilari yo‘qligi yoshlarning ajralib ketishiga sabab bo‘lishi hamda ayol va uning oilasiga jiddiy muammolarni keltirib chiqarishi mumkin.

19 yoshli Gulnorani Respublika Sud-tibbiy ekspertiza markaziga eri va qaynonasi olib kelishgan. Uch kun oldin kelinchak va uning 27 yoshli turmush o‘rtog‘i oila qurishgan. Birinchi nikoh kechasidan kutiladigan belgilarga guvoh bo‘lmaganlaridan keyin kuyov va uning qarindoshlari tibbiy muassasaga murojaat etishga qaror qilishgan.

"Biz xotinim bilan qarindoshmiz. Uni ota-onam tanlashdi. Men bu narsalar tufayli oilalarimiz o‘rtasidagi munosabatlar buzilishini hech ham istamayman. Shifokorlar tekshirishsin, agar u aybsiz bo‘lsa, men oilamni saqlab qolaman. Lekin uning nomusi mengacha buzilgan bo‘lsa, men xotinimni ota-onasiga qaytaraman. Shunda adolatli bo‘ladi. Xotinimning qarindoshlari mendan norozi bo‘lishmaydi", - deb tushuntiradi kuyov.

Munosabatlar

Sudtibbiy ekspertiza xonasida Gulnora eri va yana bir nechta erkak shifokorlar ishtirokida shifokorning savollariga javob berishiga to‘g‘ri keldi. U charchagan, xayolchan va sarosimada ekani ko‘rinadi. Eshik orqasida ekspertiza xulosalarini kutib erining qarindoshlari turishibdi.

Image caption Sud tibbiy ekspertiza markazi direktor o‘rinbosari Furqat G‘aniyev mijozlar soni ko‘pligini aytadi

"Ruhiy tomondan bu har qanday ayol uchun juda yoqimsiz jarayon. Men bu yerda ancha yillardan buyon ishlayman va bunga o‘xshash ko‘p qizlarni ko‘rib, nahot biz 21 asrda yashayapmiz?- deb o‘ylayman. Nikoh kechasida sodir bo‘ladigan yaqinlik - bu ikki insonning munosabati bo‘lib, unga qarindoshlarni aralashtirish mumkin emas. Yoshlar o‘zlari qanday yo‘l tutishni hal qilishlari lozim", - deydi sudtibbiy ekspert Fazilat Saidova.

"Kelishgan, kelishyapti va yana kelaverishadi. Bu bizning an‘analarimiz va mentalitetimizga bog‘liq. Avval ham shunday bo‘lgan va bu an‘ana saqlanib kelmoqda. Ko‘pincha to‘ydan keyin qizning "tozaligi" to‘g‘risida savollar tug‘ilganda kelishadi, lekin to‘ygacha ham "himoya" sifatida murojaatlar bo‘lib turadi. To‘ygacha albatta bokira bo‘lish hech qaysi qonunda belgilanmagan bo‘lsa ham, an‘ana bor", - tushuntiradi Respublika Sud-tibbiy ekspertiza markazi direktor o‘rinbosari Furqat G‘aniyev.

Globallashuv va yuqori axborot texnologiyalar eng yopiq davlatlar va jamiyatlarni ham tinimisiz o‘zgartirib borsada, bu yangilanishlar ayol va erkak munosabatlariga eng kam ta‘sir qilgan. An‘anaviy jamiyatda hozirgacha ayol va erkakning o‘rni va vazifalari aniq ajratilib, ular uchun nimalar mumkinligi qattiq chegaralab qo‘yilgan.

"Hayot-mamot masalasi"

Sharqning ko‘pgina boshqa mamlakatlari kabi Tojikistonda ham qator majburiy shart va vazifalar bo‘lib, ularga ko‘ra, qizlarga nikohgacha jinsiy munosabatlar qattiq ta‘qiqlanadi va bokiralikka muhim e‘tibor beriladi.

Shu bilan birga erkaklarga ham bunday shartlar ta‘luqli bo‘lsada, ularga rioya qilish uncha ham majburiy deb qaralmaydi.

Rasmiy ma‘lumotlar bo‘yicha, Tojikiston aholisining katta qismi musulmonlardir.

"Axloqiy poklik albatta qizlar uchun muhim, lekin u sevib qolsa va erkakka ishonsa, erkak esa uning ishonchidan foydalansa nima bo‘ladi? Yigit unga uylanmaydi, unga bokira qizni topishadi, keyin nima bo‘ladi? Bundan tashqari, bokiralik tozalikning aynan aksi degani emas. Ko‘p yosh ayollar bokiralikni va rasman axloqiy poklikni saqlab qolish uchun boshqa yo‘llardan ham foydalanishlariga ko‘p misollar bor", - deb ta‘kidlaydi dushanbelik Madina Kamolova.

"Bokiralik pardasining bor yoki yo‘qligi ajralishga sabab bo‘lishi mumkin. Ko‘pincha erkaklar birinchi kechada ko‘p qon ko‘rishni o‘ylaydi, u esa yo‘q. Va shunda hammasi u o‘ylagandek emasligini tushuntirishga to‘g‘ri keladi. Ko‘p narsa ayolning anatomik tuzilishi va o‘ziga xosligiga bog‘liq. Agar odamlar tushungan bo‘lsalar, oila saqlanadi, lekin shunday ham bo‘ladiki, erkaklar qayta-qayta ekspertiza o‘tkazishni talab qiladilar va natijasiga ishonmaydilar", - deb aytadi Furqat G‘aniyev.

Bokiralikni isbotlash

Image caption Ruhan olib qaralsa, bokiralikni tekshirish- har qanday ayol uchun yoqimsiz jarayon, deydi sudtibbiy ekspert Fazilat Saidova.

Oxirgi yillarda ayollarning o‘zlari bokiralikni tekshirishni tashabbuskori bo‘lmoqdalar. Ko‘plari tibbiy jarayondan eri va uning oilasiga o‘zining aybsizligini isbotlash uchun o‘tishga rozi.

"Men ham shunday tekshiruvdan o‘tganman. Spravka olganman va uni qo‘shnilarim va erimning qarindoshlariga ko‘rsatganman. Bu tahqirli, lekin men uchun yaqinlarim, ota-onamning, yaqinlarimning ruhiy holati men uchun muhim edi. Omma fikri bizning jamiyatda katta o‘rin tutadi", - deb hikoya qiladi Mahfirat Aminova.

Mamlakat qonunlari ayollarning nikohgacha bokiralikni saqlashlari majburiyatini bermaydi, shuningdek, uylanmagan juftliklar uchun yaqinlikni taqiqlamaydi. Biroq jamiyatda bunday harakat qoralanadi va bu kabi aloqalar axloqsizlik sanaladi, shu sababli yoshlar o‘zlarining munosabatlarini yashirishga harakat qilishadi.

Bu mavzu tojik jamiyatida ochiq muhokama etilmaydi. Omma fikri ayollarni qo‘rqitadi. Ular, tabiiyki, qarindoshlaridan qo‘rqishadi, onasining harakati uchun ayblanadigan bo‘lajak bolalarining kelajagidan xavotir olishadi.

Huquq faollarining aytishicha, ko‘p hollarda ayollar aybdorga chiqariladi, ko‘nglida ayollarni yoqlaydiganlar ham buni ochiq tan olmaydilar.

"Qizlar turmushga chiqish va bizdan tekshiruvdan o‘tishdan qo‘rqishadi. Misol uchun ularga buvilari gapirishgan, agar ariqdan noto‘g‘ri sakrab o‘tsa, bokiralikdan ajralib qolishi mumkin, deb. Yoki paxta terimi paytidagi ba‘zi vaziyatlarda bokiralikdan ajralib qoldim deb his qiladi. Xullas, yosh qizchalar o‘zlarida hammasi joyida ekanini tekshirib qo‘yishimizni so‘rab murojaat qilishadi", deb tushuntiradi Fazilat Saidova.

Teng huquqlilik

Mamlakatda 2005 yilda ayol va erkak tengligi kafolatlangan qonun qabul qilingan. Lekin unga doim ham amal qilinavermaydi.

Muammo shundaki, ko‘pgina erkaklar ayoliga buyumdek munosabatda bo‘ladi. Agar buyum sifatsizdek ko‘rinsa, ya‘ni bokiralik belgilari ko‘rinmasa, uni orqaga qaytarish, tashlab yuborish mumkin. Bokiralikni tekshirish- ogir tajriba, ayniqsa unda butun oila ishtirok etsa agar. Agar ayollarni bokiraligi tekshirilar ekan, nega erkaklar tekshirilmaydi?"- deydi jinslar tengligi va ayollarga nisbatan zo‘ravonlikni bartaraf etish birlashmasi direktori Alla Quvvatova.

Tojik hukumati axloqiy qonunlarga aniq amal qilish nazarda tutiladigan oilaviy va diniy an‘analarni saqlab qolishning muhimligi haqida ko‘p bor aytadi.

Tojikistondagi fuqarolar urushidan so‘ng va mamlakatda ommaviy mehnat muhojirligining boshlanishi bilan gender bo‘yicha tengsizlik kuzatildi. Bir erkakka 3-4 ayol to‘g‘ri keladi. Shuningdek, Rossiya yoki Qozog‘istonga tirikchilikka borgan tojik erkaklari u yerda boshqa ayolga uylangan holatlar ko‘p uchraydi.

Oxirgi yillarda mehnat muhojirlari tomonidan tashlab ketilgan ayollar bir baravar oshgan.

Bundan tashqari, og‘ir iqtisodiy vaziyat, ayniqsa qishloqlarda qizlarning maktabni erta tashlashlariga sabab bo‘ladi. Mamlakatda juda kam ayollar oliy o‘quv yurtlarida o‘qishni davom ettira oladilar.

Bularning barchasi tojik ayollarining ahvolini yana ham og‘irlashtiradi va erkakka ko‘proq tobe qilib qo‘yadi.

"Erkaklik g‘ururi o‘zining ayoli yoki qallig‘i nikohgacha qandaydir aloqa bo‘lishini tasavvur qilolmaydi. Lekin shu bilan birga erkakning ichki axloqiy qonuni o‘zining nikohgacha munosabatlarni sodir etib yurishini ayblamaydi. Hatto to‘ygacha va undan keyin ham. Unga go'yo mumkin, chunki u erkak. Men erkaklarga eslatgim keladi, agar siz nikohsiz aloqalarga yo‘l qo‘yar ekansiz, bu ayollar ham qachondir boshqa birovning xotini bo‘lishi kerakligini tushunishlaringiz, sizning xotiningizni ham aldab, foydalanib, keyin uylanmay ketishlari mumkinligini tushunishingiz kerak. Avvalo ishni o‘zingizning axloqingizni tarbiyalashdan boshlang derdim", - deydi huquq faoli Alla Quvatova.

Tojikiston rasmiylariga ko‘ra, oila kodeksiga o‘zgartirish kiritib, yoshlar bir-birlari haqidagi ma‘lumotni olishlari imkonini yaratish, oilani mustahkamlashi mumkin.

Bundan tashqari Tojikiston hukumati oxirgi paytlarda fuqarolarning axloqsiz harakatlariga qarshi kurashni kuchaytirgan, o‘tkazilgan o‘nlab reydlar davomida fohishalar ushlangan, ularga nisbatan majburiy tekshiruvlar o‘tkazilgan.

Huquq faollari hukumatning bunday amallarini qoralaganlar, rasmiylar esa bunday choralar mamlakatda ortib borayotgan fohishabozlikni oldini olishi, odam savdosi va jinsiy ekspluatatsiyaga qarshi qaratilganini ta‘kidlaydilar.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002