Qrimga elektr energiya berila boshlandi

Image copyright RIA Novosti

Qrim Bosh vazir o‘rinbosari Mixail Sheremetning bildirishicha, Ukraina tomonidan yarim orolga to‘satdan uzib qo‘yilgan elektr ta‘minoti qisman tiklangan.

"Biz muzokaralar o‘tkazdik, ayni vaqtda Qrimga 650 megavatt miqdorda elektr energiya bera boshlandi", degan u.

Chorshanba kuni ertalab Ukraina Rossiya tomonidan anneksiya qilingan Qrimga elektr energiya berishni ogohlantirishsiz uzib qo‘ygani xabar qilingandi. Rasmiy Kiyev bu holatni izohlamagan.

Rossiya Energetika vazirligi Ukrainaning ushbu harakatini mamlakatda eletr energiya tanqisligiga bog‘lagan.

"Biz hozir kerakli choralarni ko‘rmoqdamiz. Muammoni yechish uchun Ukrainaga ko‘mir va elektr energiya yetkazishni oshirish rejalashtirilmoqda. Shundan so‘ng Qrimdagi ahvol iziga tushadi", deb aytgan vazirlik vakili jurnalistlarga.

Qrim rasmiylariga ko‘ra, bugun kechga borib elektr ta‘minoti to‘liq yo‘lga qo‘yilishi kutilmoqda.

Ukraina energetika va ko‘mir sanoati vazirligi matbuot xizmatining RIA Novostiga ma‘lum qilishicha, Qrimda elektr energiyadan foydalanish me‘yorlaridan oshib ketilgani uzilishga sabab bo‘lgan.

Ukrainaning hamma mintaqalari uchun elektr energiyadan foydalanish me‘yorlari mavjud, kim unga amal qilmas ekan, uzib qo‘yiladi, degan Ukraina energetika vazirligi vakili.

23 dekabrda Qrim Bosh vaziri Sergey Aksyonov Ukraina bilan Qrimga uzluksiz elektr energiya ta‘minotini kafolatlaydigan kelishuvga erishilganini bildirgandi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002