"Norvegiyadan qaytgan mehnat muhojirlari qiynoqlarga solingan"

O‘zbekiston Mustaqil Inson huquqlarini himoya qilish alyansiga ko‘ra, Norvegiyada ishlab qaytgan mehnat muhojirlari turli ayblovlar bilan hibsga olinib, qiynoqlarga tutilmoqda.

Toshkentlik fuqaro Nasiba Ilhomovaning alyans matbuot xizmatiga bildirishicha, uning 1977 yilda tug‘ilgan o‘g‘li Shuhrat Ilhomov ikki yil Norvegiyada mehnat muhojiri bo‘lib, 2014 yil 7 martda O‘zbekistonga qaytgan.

2014 yil 2 iyunda esa hibsga olinib, Ichki Ishlar vazirligi yerto‘lasiga tashlangan.

Alyansning Nasiba Ilhomovaga iqtibosan keltirishicha, IIV tergovchisi Shuhrat Ilhomov qatori Norvegiyada mehnat qilib qaytgan yana bir necha kishiga nisbatan taqiqlangan tashkilotlar tuzish va Konstitutsion tuzumga tahdid qilish moddalari bo‘yicha jinoiy ish ochgan.

Surishtiruv jarayoni davomida hibsdagilarga nisbatan qiynoqlar qo‘llanilgani xabar qilinadi bayonotda. Ularning hammasiga Norvegiyada internet orqali diniy mazmundagi videolar ko‘rish va diniy ulamolarning ma‘ruzalarini tinglaganlikda ayblanganlar.

2014 yil oktyabrda Toshkent viloyat jinoyat ishlari mahkamasida ular ustidan jarayon boshlangan.

Sudlanuvchilar Shuhrat Ilhomov, Davron Rahmonov, Asad Rixsiyev, Jahongir Tojiyev, Zafar Karimov, Ahmadjon Xoliqov olti kun davomida o‘zlarini qiynoqqa solinganlarini gapirib, isbot sifatida qiynoq izlarini ham ko‘rsatganlar. Ularning so‘zlariga qaraganda, qiynoqlar oqibatida sudlanuvchilardan birining tili yirtilib ketgan.

Ular tergovchi tomonidan ayblovlarni tan olishga majbur qilinganlari, o‘zlariga uyqu berilmaganini gapirganlar.

Biroq prokuror sudlanuvchilarning aytganlarini e‘tiborsiz qoldirgan. Mahkama jarayoni davlat televideniyesi orqali namoyish etilgan.

Bundan tashqari advokat tomonidan qiynoqlar haqida tashqariga xabar bermasliklari uchun sudlanuvchilarning qarindoshlari qo‘rqitilgani aytiladi.

2014 yilning 24 dekabrida mahkama jarayoni davom etgan. Hakam ularni aybdor deb topsa, har biri 10 yildan kam bo‘lmagan qamoq muddatlariga yuz tutishlari mumkin.

Image caption Bundan oldin O‘zbekiston televideniyesi Norvegiyada ishlagan besoqolbozlikda ayblangan mehnat muhojirlari haqida ko‘rsatuv tayyorlagan

Alyans bayonotida aytilishicha, mehnat muhojirligida bo‘lib yurtiga kelgan o‘zbekistonliklar go‘yo boshqa davlatda jinoyat sodir etganligi uchun sudlanishi tez-tez kuzatiladi.

Mustaqil inson huquqlarini himoya qilish alyansi Norvegiya huquq faollari va xalqaro tashkilotlarni qiynoq va adolatsiz mahkama qurbonlari bo‘layotgan O‘zbekiston fuqarolari himoyasiga befarq bo‘lmaslikka chaqiradi.

Huquq faollarining murojaatlaridan so‘ng Norvegiya hukumati deportatsiya qilinishi kutilayotgan o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarini chiqarib yuborishni to‘xtatgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002