O‘zbekistonda “muhojir - mujohidlar”ni qamash davom etmoqda

Image copyright navoi.biz

Navoiy viloyat mahkamasi “Islom jihodi ittihodi” atalmish guruhning ikki a‘zosini uzoq yillik qamoq jazolariga hukm etgan.

Inson huquqlari himoyachilari tashabbus guruhi tarqatgan xabarnomaga ko‘ra, mahkama Amriddin Ashrafov va Madadjon Xalimovlarni yetti yillik qamoq jazosiga loyiq topgan.

Ikkovlon “noqonuniy ekstremistik guruhlar”ni barpo etish va bu kabi guruhlarda ishtirok etishda ayblanganlar.

Amriddin Ashrafov va Madadjon Xalimov o‘zlariga qo‘yilgan ayblarni rad etishgan.

Ular “Islom jihodi ittihodi” tashkiloti haqida tasavvurga ega emasliklari, o‘zlari namozxon bo‘lmaganlarini ham aytishgan. "Qama-qama"ning yangi usullari

Kecha Toshkent viloyati mahkamasida muqaddam Norvegiyada muhojir bo‘lgan olti o‘zbekistonlik 13 yilga qadar qamoq jazosiga hukm qilingandilar.

Sudlanuvchilar Shuhrat Ilhomov, Davron Rahmonov, Asad Rixsiyev, Jahongir Tojiyev, Zafar Karimov, Ahmadjon Xoliqov olti kun davomida o‘zlarini qiynoqqa solinganlarini gapirib, isbot sifatida qiynoq izlarini ham ko‘rsatganlar. Ularning so‘zlariga qaraganda, qiynoqlar oqibatida sudlanuvchilardan birining tili yirtilib ketgan.

Biroq prokuror sudlanuvchilarning aytganlarini e‘tiborsiz qoldirgan. Mahkama jarayoni davlat televideniyesi orqali namoyish etilgan.

Bundan tashqari advokat tomonidan qiynoqlar haqida tashqariga xabar bermasliklari uchun sudlanuvchilarning qarindoshlari qo‘rqitilgani aytiladi.

Inson huquqlari himoyachilari tashabbus guruhi rahbari Sur‘at Ikromovga ko‘ra, huquq-tartibot organlarining "qama-qama"larda qo‘llaydigan usullari ham o‘zgarib bormoqda.

"Avvallari narkotiklar, o‘qlar va varaqalar tashlab qo‘yishardi...Endilikda varaqalar bema‘ni bo‘lib qoldi, chunki internetda hamma narsa bor. Hozir shu chet elga chiqib ketayotganlarni qo‘rqitishadi, boshqalarga o‘rnak bo‘lsin deyishadi. Ammo boshqa tarafdan o‘zbekistonliklar orasida Suriya va boshqa mintaqalarda jangarilarga qo‘shilib ketayotganlar talaygina va bundan hukumat jiddiy xavotirga tushgan", deydi huquq faoli.

Inson huquqlari faollariga ko‘ra, so‘nggi vaqtlar mehnat muhojirligida bo‘lib yurtiga kelgan o‘zbekistonliklar go‘yo boshqa davlatda jinoyat sodir etganligi uchun sudlanishi tez-tez kuzatiladi.

Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002