Shvetsiyadagi masjidga o‘t qo‘yilgan

Image copyright EPA

Shvetsiya politsiyasi xabar tarqatishicha, Eskilstuna shahrida masjid sifatida foydalanib kelingan binoga ibodat payti atayin o‘t qo‘yilgan.

Hodisa 25 dekabr kuni ro‘y bergan.

15-20 tacha namozxon namoz o‘qib turgan payti bir shaxs binoga o‘t qo‘ygan.

Shvetsiya mahalliy ommaviy axborot vositalari Eskilstuna masjidi yong‘ini tasvirga olingan kadrlarni namoyish etgan.

Ushbu hodisa Shvetsiya jamiyatida mamlakatning muhojirlik siyosati atrofida bahs-munozaralar qizigan paytga to‘g‘ri kelgan.

Millatchi siyosatchilar, Shvetsiyaga kelayotgan muhojirlarning sonini 90 foiz kamaytirish lozim, degan fikrni ilgari surmoqdalar.

Ammo mamlakatdagi asosiy yirik siyosiy partiyalar muhojirlikka oid joriy liberal siyosatni saqlab qolish kerak, degan mavqedalar.

Politsiya so‘zchisi Lars Franzellning jurnalistlarga aytishicha, bir guvoh masjid sifatida foydalanilib kelinayotgan binoning birinchi qavatiga bir shaxs qandaydir buyumni uloqtirganini ko‘rgan.

Shundan so‘ng qisqa vaqt ichida bino ichkarisini kuchli alanga qoplagan.

Masjid ichkarisida bo‘lgan besh kishi tutundan nafaslari bo‘g‘ilib shifoxonaga yotqizilgan.

Politsiya hodisani atayin o‘t qo‘yish sifatida tergov qilishni boshlagan, biroq hozircha hech kim qo‘lga olingani yo‘q, deb aytgan politsiya so‘zchisi.

Eskilstuna - aholisining katta qismini muhojirlar tashkil qiladigan shahar.

Bu yerda shu yil neonatsist guruhlar a‘zolari bilan to‘qnashuvlar ham yuz bergan edi.

Shvetsiyada siyosiy boshpana topgan o‘zbekistonliklar soni ham ko‘pchilikni tashkil etadi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Your contact details
Disclaimer