"2004 yilgi tsunami Achexga tinchlik keltirdi"

Image copyright AFP

Bundan 10 yil oldin - 2004 yil 26 dekabri kuni Hind ummonida ko‘tarilgan tsunami qator mamlakatlarda halok qilgan qurbonlarning xotirasiga hurmat bajo keltirilgan.

Xotira marosimlari Indoneziya, Tailand va Shri-Lankada bo‘lib o‘tgan.

Hind ummonida balandligi 20-30 metrga yetgan to‘lqinlar yuzaga kelishiga kuchli zilzila sabab bo‘lgan.

Epitsentri Indoneziyaning Sumatra orolida bo‘lgan zilzilaning kuchi 9,1 ballni tashkil etgan.

Bu ushbu hududda so‘nggi 40 yilda kuzatilgan eng kuchli yer silkinishi bo‘lgan.

Ko‘plab binolar vayron bo‘lgan.

20 daqiqalardan so‘ng balandligi olti qavatli uydan ham baland bo‘lgan to‘lqin ummondan zaminga yopirilib kelgan.

Image copyright Reuters

Minglab odamlar qalin loy qatlamlari ostida tiriklayin ko‘milib qolganlar.

Faqat to‘lqin ko‘tarilmagan balandlikka chiqib olgan insonlargina omon qolganlar.

2004 yilgi tsunami 228 ming inson umriga zomin bo‘lgan deb ko‘riladi, biroq halok bo‘lgan insonlarning aniq soni bundan ham ko‘pligi aytiladi.

Dekabrning oxirgi kunlari dunyo nasroniylari uchun Iso Mavludi bayrami munosabati bilan hordiq kunlari hisoblanadi.

Ana o‘sha hordiq kunlari oilasi bilan butun dunyodan dam olishga borgan sayyohlar hayotdan ko‘z yumganlar.

Hammadan ham ko‘ra Indoneziyaning Achex viloyati ko‘p zarar ko‘rgan.

Viloyatda 170 ming odam halok bo‘lgan.

Image copyright BBC World Service

Tsunami haqidagi xabarlar tarqalgan paytda juda ko‘pchilik Banda-Achexda shikast yetmay qolgan yagona bino - XIX asrda qurilgan jome‘ masjidi binosini yaxshi eslaydilar.

Falokatning 10 yilligi munosabati bilan o‘sha masjidda odamlar to‘planishgan.

Masjid imomi Asman Ismoil, tsunami bu yerda yashayotgan odamlarga saboq bo‘ldi, deb aytgan.

Achex viloyatida 30 yil davomida Indoneziya hukumati va isyonchilar o‘rtasida qurolli to‘qnashuvlar yuz bergan.

"Tsunamidan keyin hech kim bir-biri bilan urushayotgani yo‘q. Odamlar bugungacha birga tinchlik-omonlikda yashab kelayaptilar", deb aytgan imom.

Tsunamidan keyin yarashuv ishlari boshlangan va 2005 yil avgustida tinchlik bitimiga erishilgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Your contact details
Disclaimer