AirAsia uchog‘ini qidirish ishlari qayta boshlandi

Image copyright AFP

Malayziyaga qarashli AirAsia shirkatining yakshanba kuni bedarak ketgan Aerobus A320-200 uchog‘ini qidiruv amaliyotlari dushanba kuni erta tongdan qayta boshlangan.

Indoneziyaning Surabay shahridan Singapurga yo‘nalgan Aerobus A320-200 uchog‘i parvozdan 42 daqiqa o‘tgach, radarlardan g‘oyib bo‘lgan edi.

Image copyright n

Yavan dengizidagi qidiruv ishlariga bir necha mamlakat qo‘shilgan.

Indoneziya qidiruv-qutqaruv ishlari rahbari uchoq dengiz ostida bo‘lishi mumkinligi ehtimolini bildirdi. Biroq uchoqqa tegishli biror-bir dalil topilganicha yo‘q.

Bundan oldin Indoneziya Bosh vazir o‘rinbosari Yusuf Kala ham uchoq halokatga uchragan, degan taxminni aytgan, lekin aynan qayerda sodir bo‘lgani haqida aniq ma‘lumot yo‘qligini ta‘kidlagandi.

AirAsia shirkati rahbari Toni Fernandes bortida 162 yo‘lovchi bilan uchoqning bedarak qolayotganidan larzaga kelganini izhor etgan.

Image copyright EPA

"Biz uchoqdagi yo‘lovchilarning yaqinlari ahvolini ham o‘ylashimiz kerak. Biz hali bilmaymiz, uchoq halokatga uchragani yoki yo‘qligini. Oldindan taxmin qilishdan oldin sabr qilaylik, kutaylik. Uchoq topilgandan keyin, keng miqyosli qidiruv ishlarini boshlaymiz, degan u Surabaydagi matbuot anjumanida jurnalistlarga.

Uchoq bortida 17 bola doxil 155 yo‘lovchi va yetti ekipaj a‘zosi bo‘lganlar.

Yo‘lovchilarning asosiy qismi indoneziyalik, uch janubiy koreyalik, bir malayziyalik, bir singapurlik fuqarolar ro‘yxatga olingan.

Surabay aeroportidan BBC muxbiri xabar berishicha, uchoqdagi yo‘lovchilarning qarindoshlari dastlab bosiq ko‘rinishgan, uchoqqa aloqador qandaydir xabar topishga harakat qilishgan. Biroq oradan 12 soatdan keyin ularning qattiq xavotirda ekanliklari ko‘rinadi. Shifokorlar va mutaxassislar yo‘lovchilarning yaqinlari oldida birga turishibdi.

Image copyright n

AirAsia shirkati bildirishicha, uchoq komandiri indoneziyalik uchuvchi 6100 soat parvozni amalga oshirgan, ikkinchi uchuvchining tajribasi 2275 soat parvozga teng bo‘lgan.

AirAsia aviashirkatining QZ8501 nomerli uchog‘i Jakartada aloqadan uzilgan.

Aloqa yo‘qolishidan avval uchoq Yava va Kalimantan orollari o‘rtasidagi Yavan dengizi ustida bo‘lgan, hech bir g‘ayritabiiy tabiat hodisasi kuzatilmagan.

Bundan oldin uchoq ekipaji 10,500 m balandlikda dispetcherlardan quyuq tumandan chiqib olish uchun yana ikki km balandlikka ko‘tarilishni so‘ragan.

Indoneziya rasmiylariga binoan, uchoq biror bir fojea signallari bermagan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002