AirAsia aviashirkatining uchog‘i ummon ustida ko‘zdan g‘oyib bo‘lgan

Image copyright REUTERS
Image caption Airbus A320-200 uchog‘i bortida 162 yo‘lovchi bo‘lgan

AirAsia aviashirkatining QZ8501 nomerli reys bilan Indoneziyaning Srabay shahridan Singapurga yo‘nalgan uchog‘i Jakartada aloqadan uzilgan.

Airbus A320-200 uchog‘i bortida 162 yo‘lovchi bo‘lgan.

Bundan oldin uchoq ekipaji 10,500 m balandlikda dispetcherlardan quyuq tumandan chiqib olish uchun yana ikki km balandlikka ko‘tarilishni so‘ragan.

Aloqa yo‘qolishidan avval uchoq Yava va Kalimantan orollari o‘rtasidagi Yavan dengizi ustida bo‘lgan, hech bir g‘ayritabiiy tabiat hodisasi kuzatilmagan.

Indoneziya rasmiylariga binoan, uchoq biror bir fojea signallari bermagan.

AirAsia shirkati qidiruv-qutqaruv ishlari boshlanganini bildirgan. Biroq o‘tgan yetti soat ichida uchoqning izi chiqmagan.

Image copyright REUTERS

Uchoq soat 8:30 da Singapurga qo‘nishi kerak bo‘lgan.

Aviashirkat ma‘lum qilishicha, uchoq bortida 17 bola doxil 155 yo‘lovchi va yetti ekipaj a‘zosi bo‘lganlar.

Image copyright BBC World Service
Image caption Yo‘lovchilarning yaqinlari Surabay aeroportida

"Afsuski bizda hozircha yo‘lovchi va ekipaj a‘zolarining taqdiri haqida ma‘lumot yo‘q. Bu haqda imkon boricha xabar beramiz", deyiladi aviashirkat bayonotida.

Image copyright REUTERS

Yo‘lovchilarning asosiy qismi indoneziyalik, uch janubiy koreyalik, bir malayziyalik, bir singapurlik fuqarolar ro‘yxatga olingan.

Ba‘zi xabarlarga ko‘ra, Malayziya uchog‘i favqulodda qo‘ngan bo‘lishi mumkin. Bu taxmin yo‘lovchilardan birining karindoshi telefoniga xat kelganidan keyin tarqalgan. Xabarda guyo uchoqdagi hamma yo‘lovchilar tirik ekani aytilgan. Biroq bu xabarlar rasman tasdiqlanmagan.

1994 yilda tuzilgan AirAsia shu paytgacha biror uchog‘ini yo‘qotmagan va dunyodagi eng rivojlangan shirkatlardan hisoblanadi.

Biroq shu yilning o‘zida Malayziya Havo yo‘llariga tegishli ikki yirik uchoq halokatga uchradi. 8 martda "Boing" uchog‘i Hind ummoni ustida nom-nishonsiz g‘oyib bo‘ldi, bir necha davlat ishtirokidagi qidiruv ishlari samarasiz tugadi.

17 iyulda bortida 300 ga yaqin yo‘lovchi bilan ikkinchi uchoq Donbass ustida qulab tushgan edi. Tekshirishlar uchoq urib tushirilganini ko‘rsatgan. Ukraina sharqida urushayotgan tomonlar uchoq halokatida bir-birlarini ayblashgan, biroq Malayziya uchog‘iga urilgan raketani kim otgani hozircha noma‘lum qolayapti.

Ikki uchoq halokatida jami 537 inson halok bo‘lgan.

Oxirgi xabarlarga ko‘ra, Malayziyaning yana bir uchog‘i texnik nosozlik tufayli aeroportga qaytib qo‘ngan.

Airbus A320-200 uchog‘ini qidirish ishlari yakshanba kuni natijasiz tugagan. Amaliyotlar ertalabgacha to‘xtatilgani xabar qilinadi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002