NATO Afg‘onistondagi missiyasini rasman tugatdi

Image copyright Reuters

Afg‘onistondagi Shimoliy Atlantika blogi o‘zining 13 yillik harbiy missiyasini rasman tugatilganini bildirdi.

Bundan keyin, 1 yanvardan boshlab Alyansning Afg‘onistonda qolgan vakillari vazifasiga afg‘on harbiylarini o‘qitish va maslahat berish kiradi.

Image copyright BBC World Service

28 dekabr kuni Kobuldagi xalqaro kuchlar idorasida NATO bayrog‘i tushirilgan va a‘zo davlatlarning "Qat‘iy dastak" deb nomlangan yangi missiya bayrog‘i ko‘tarilgan.

"Biz Afg‘on xalqini zulmat va qurquv ichidan olib chiqdik va ularga kelajakka umid berdik", deb aytgan marosimda qatnashgan general Jon Kempbell.

NATOning toliblar rejimini ag‘darish va Al-Qoida tayyorgarlik bazalarini yakson qilish amaliyotlari 2001 yil 11 sentyabr teraktlaridan keyin boshlanib, 13 yil davom etdi.

AQSh va Afg‘oniston hukumatlari o‘rtasidagi kelishuvga binoan, Amerika zarur bo‘lganda, mamlakatda islomiy jangarilarga qarshi mustaqil kurashish huquqini saqlab qoldi. Alyansga a‘zo qolgan G‘arb davlatlari faqatgina mahalliy harbiylarni o‘qitish imkoniga ega bo‘ladilar.

Image copyright Reuters

"Biz Afg‘oniston ozodligi uchun kechgan og‘ir janglarda halok bo‘lganlarning xotirasini yodga olamiz. Bizning oldimizda turgan murakkab vazifada biz g‘alaba qozonamiz", degan shuningdek Kempbell.

NATO Bosh kotibi Yyens Stolenberg ta‘kidlashicha, bundan keyin Afg‘oniston xavfsizligi to‘liq 350 ming mahalliy harbiy va politsiyachilar qo‘liga o‘tadi. Shu bilan birga, hamkor davlatlar ularga maslahat berish uchun mamlakatda qoladilar.

Kobuldagi BBC muxbiriga ko‘ra, harbiy missiyaga 13 yil to‘lgan bo‘lsada, Tolibon hamon faol, ayniqsa oxirgi paytlarda jangarilar bir nechta yirik hujumlarni amalga oshirganlar.

2014 yil Afg‘onistonda eng qonli bo‘lgani qayd etilgan, toliblar bilan to‘qnashuvlarda kamida 4600 afg‘on harbiylari o‘ldirilgan.

Image copyright Reuters

2001 yildan buyon NATO o‘zining 3500 harbiysini yo‘qotgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002