Ukrainalik mehnat muhojirlar imtiyozlardan mahrum bo‘ladilar

Image copyright Getty
Image caption Shu paytga qadar Ukraina fuqarolari uchun imtiyozli muhojirlik tartibi amal qilib kelgan

2015 yil 1 yanvaridan boshlab Rossiya ukrainalik mehnat muhojirlari uchun mavjud ishlashga ruxsat beruvchi tizimga o‘zgartirishlar kiritadi.

Federal Muhojirlik xizmati rahbari Konstantin Romadanovskiyga ko‘ra, ukrainalik fuqarolar bundan keyin ishlash uchun pantentlarni jismoniy va yuridik shaxslardan olishlari kerak.

Bundan tashqari, Rossiyada 90 kundan ortiq bo‘lmaslik tartibi yarim yil davomida qattiq amal qiladi.

"2014 yilda biz Ukraina fuqarolariga nisbatan o‘ta liberal tarzda yondoshdik. 2015 yilda biz o‘z tartibimizga qaytamiz va Ukraina fuqarolariga ham umumiy shartlar doirasida qaraymiz", deydi Romadanovskiy.

"Faqat bunda Ukrainadan majburan chiqqanlar va ma‘lum sabablar bilan qaytolmaganlar istisno bo‘lishi mumkin", qayd etgan u.

Rossiya Ukraina bilan viza tartibini joriy etishi yo yo‘qligi haqida xabar bermagan FMX rahbari.

"Biz mamlakatdagi ichki mojarolar tufayli qiyin vaziyatga tushgan birodar davlat fuqarolariga nisbatan murakkab yo‘ldan bormoqchi emasmiz", deb aytadi u shuningdek.

Shu paytga qadar Ukraina fuqarolari uchun imtiyozli muhojirlik tartibi amal qilib kelgan. Ular Rossiyada 90 kungacha hech bir ruxsatnomasiz qolishlari va ishlari mumkin bo‘lgan.

Bu muddatni uzaytirish uchun ukrainaliklar Rossiyadan bir soat bo‘lsa ham chiqib, so‘ng qaytib kira olardilar.

Chegarada ukrainaliklar ichki pasportlarini ko‘rsatishlari kifoya qilgan, bu tartib MDHning ba‘zi mamlakat fuqarolariga nisbatan ham amal qilgan.

Yangi yildan boshlab Moskva MDH davlatlari fuqarolari uchun muhojirlik tartiblarini murakkablashtiradi. Endi Belorussiya, Qozog‘iston (Bojxona ittifoqiga qo‘shilishga tayyorlanayotgan Qirg‘iziston)dan tashqari barcha qo‘shni davlat fuqarolariga faqat xorij pasporti bilan kirishga ruxsat beriladi.

Bu Ukraina fuqarolariga qanchalik ta‘luqli bo‘lishi hali aniq emas.

Romodanovskiy so‘zlariga qaraganda, Ukrainadagi vaziyat bois mamlakatni tark etgan 850 mingga yaqin inson hozir Rossiyada.

Bundan tashqari, mamlakatda jami 2 mln 476 mingdan ortiq ukrainalik bor deb ko‘riladi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002