Prezident Karimov "odamlarning noroziligi"ni tan oldi

Image copyright uza
Image caption Davlat xabar agentligi - O‘zA Prezident tabrigini uning bundan 20 yil oldingi surati ostida chop etgan

O‘zbekiston xalqiga yangi yil tabrigida Prezident Islom Karimov o‘tgan yilda 'erishilgan yutuqlarni' sarhisob qilish bilan birga, 'odamlarning noroziligini qo‘zg‘ayotgan qoldiqlar' haqida ham gapirdi.

Prezident Karimovga ko‘ra, fuqarolarning noroziligiga sabab "eski ma‘muriy-buyruqbozlik tizimi"dir.

Janob Karimov yangi yilda "odamlarning noroziligini qo‘zg‘ayotgan barcha qoldiqlardan voz kechishga imkon tug‘diramiz, ulardan ozod bo‘lamiz", - deb aytgan.

Ayrim tahlilchilarga ko‘ra, bu hukumat tarkibidagi ehtimoliy o‘zgarishlarga ishora bo‘lishi mumkin.

O‘tgan yil oxirida saylangan parlamentning Qonunchilik palatasi shu oy mamlakatning yangi bosh vazirini tasdiqlashi kerak.

Joriy bosh vazir Shavkat Mirziyoyev saylovlarda eng ko‘p o‘rin olgan Liberal demokratik partiyaga mansub.

Ushbu partiyaning Mirziyoyevni qaytadan bosh vazirlikka nomzod qilib ko‘rsatish-ko‘rsatmasligi haqida hech narsa ma‘lum emas.

Mirziyoyev ayni paytda Prezident Karimovning o‘rniga asosiy da‘vogarlardan biri sifatida ham ko‘riladi.

So‘nggi paytlarda da‘vogarlardan yana biri - Bosh vazir muovini Rustam Azimovning xorijdagi qator oliymaqom tadbirlarda O‘zbekiston hukumat hay‘atiga rahbarlik qilishi Mirziyoyevning iste‘fosi yaqinlashayotgani haqidagi farazlarga sabab bo‘lgan.

Ammo 11 yildan buyon bosh vazir lavozimida o‘tirgan 57 yoshli Shavkat Mirziyoyevning iste‘fosi haqida bundan avval paydo bo‘lgan xabarlar tasdiqlanmagan.

"Saylovoldi dasturi"

Prezident Karimov o‘z tabrigida yaqinda o‘tgan parlament va mahalliy kengashlarga saylovlar O‘zbekiston xalqining "noyob fazilatlari"ni namoyon qilganini aytgan va saylovchilarga faolliklargi uchun minnatdorchilik bildirgan.

Yangi yilda O‘zbekiston parlamentining har ikki palatasi yangilanadi va 29 martda prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tishi kerak.

Janob Karimov, an‘anaga ko‘ra, O‘zbekiston davlat televideniyesining boshlovchisi tomonidan o‘qib eshittirilgan tabrigida iqtisodiy islohotlar o‘tkazish, xususan, iqtisodda davlatning ulushini qisqartirishga va‘da bergan.

Prezidentga ko‘ra, davlatning iqtisoddagi ulushi "strategik hamda iqtisodiy asoslangan darajaga qadar qisqartiriladi".

O‘zbekiston hukumatining sobiq mulozimi, iqtisodiy tahlilchi Anvar Husayinovga ko‘ra, Prezidentning tabrigida yangragan islohotlar va‘dasini saylovoldi dasturi sifatida ko‘rish mumkin.

"Bu yil saylovlar yili va har bir qadam saylovlar bilan bog‘liq bo‘ladi, ayniqsa, iqtisodiy islohotlar", - deydi Anvar Husayinov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistondagi mavjud iqtisodiy model qo‘l bilan boshqaruvga asoslangan va bu hozirda ish bermayapti.

"Iqtisodiyotni tashkil qilishning ayrim tamoyillarini o‘zgartirishni hayotning o‘zi talab qilmoqda. Bundan buyog‘iga ko‘zga ko‘rinadigan choralar ko‘rilmasa, bir narsaga erishib bo‘lmaydi", - deydi tahlilchi.

Uning aytishicha, Prezident davlatning iqtisoddagi ulushi qay darajada kamaytirilishiga oydinlik kiritmagan.

"Dunyoning eng yaxshi, global shirkatlarini taklif qilish va mulklarni birgalikda boshqarishga o‘tish kerak. Biz mulkni xorijiy shirkatlarga yo to‘liq berib qo‘yamiz, yoki umuman bermaymiz. Iqtisodiy qarorlar qabul qilishda ko‘p kallalar ishtirok etishi kerak", - deydi Anvar Husayinov.

77 yoshni qarshilayotgan Islom Karimov yana bir bor prezidentlikka nomzodini qo‘yishiga ishora qilgan.

O‘zini mustaqil deb taqdim qiladigan Uzmetronom.com nashri davlat xabar agentligi - O‘zA Prezident tabrigini uning bundan 20 yil oldingi surati ostida chop etganiga e‘tibor qaratgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02