Besh nafar Guantanamo mahbusi Qozog‘istonga joylashtirildi

Image copyright AFP

Pentagonning ma‘lum qilishicha, AQShning Kubadagi Guantanamo Bey qamoqxonasida o‘n yildan ko‘proq vaqt davomida ushlab turilgan besh nafar mahbus Qozog‘istonga yuborildi.

Uch nafar yamanlik va ikki nafar tunislik al-Qoidaga aloqadorlikda gumon qilinib, Pokistonda ushlangan edi.

AQSh rasmiylarining aytishicha, mazkur besh nafar bundan buyon tahdid sifatida ko‘rilmaydi.

Rasmiylarga ko‘ra, Guantanamo qamoqxonasidan o‘tib borayotgan yil davomida 28 nafar mahbus ozod etildi.

Prezident Barak Obama AQShda sodir etilgan 11 sentyabr hujumlaridan keyin ochilgan Guantanamo qamoqxonasini butunlay yopishga va‘da bergan.

Shu oy boshida to‘rt nafar afg‘on mahbusi vataniga qaytarildi va yana olti nafar mahbus Urugvayga yuborildi.

Hozirga kelib Guantanamo qamoqxonasida hammasi bo‘lib 127 nafar mahbus qoldi, deyiladi Pentagonning seshanba kuni chiqargan bayonotida.

AQSh rasmiylariga ko‘ra, olib borilgan izchil muloqot ortidan Qozog‘iston birinchi bor Guantanamo Bey mahbuslarini o‘z hududida joylashtirishga rozi bo‘lgan.

Mahbuslarning vatanlariga qaytarilmagani sababi oshkor etilmagan.

Ammo, "beqaror yoki notinch" deya ko‘rilgani uchun ko‘plab mahbuslar o‘z vatanlariga qaytarilmaydi.

Guantanamo Bey qamoqxonasida tutqun bo‘lgan 127 nafar mahbusning deyarli yarimi boshqa mamlakatlarga yuborilishi kutilmoqda.

Muxbirlarga ko‘ra, prezident Obamaning qamoqxonani berkitishga qaratilgan hatti-harakatlari Kongress ko‘rsatayotgan qarshilik tufayli sekinlashgan.

Guantamo qamoqxonasi 2002 yilda ochilgandi.

Ushbu qamoqxona, AQShning aytishicha, "dushman jangchilari"ni saqlashga mo‘ljallangan edi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002