Shanxaydagi yangi yil izdihomida 36 kishi halok bo‘ldi

Image copyright REUTERS
Image caption Mushakbozlik bekor qilinganiga qaramay, sohil bo‘yida ko‘p sonli olomon to‘plangan

Shanxay markazida yangi yil tadbirlari chog‘ida yuz bergan izdihomda 36 inson hayotdan ko‘z yumgan, 47 kishi yaralangan.

Xitoy rasmiylariga ko‘ra, Vaytan sohilidagi Xuanpu mavzeyidagi hodisa yangi yil kirib kelishiga bir necha daqiqa qolganda sodir bo‘lgan.

Vaytan Shanxayning sayyohlar eng ko‘p ziyorat qiladigan mintaqalaridan biri hisoblanadi.

Ijtimoiy tramoq sahifalarida paydo bo‘lgan dastlabki xabarlarga ko‘ra, izdihomga shahardagi tungi klublardan birining balkonidan soxta kupyuralarning sochilishi sabab bo‘lgan.

"Olomonning orasida qolgan odamlar qopqonga tushib qolishdi, chiqolmay qoldilar", deb yozgan Xitoy Twitteri sifatida bilingan Sina Weibo foydalanuvchilaridan biri.

Politsiya xodimlari qo‘lni qo‘lga berib, "tirik qalqon" yasashgan va yaradorlarni olib chiqish uchun yo‘lak ochishga harakat qilganlar.

Image copyright b
Image caption Guvohlarning aytishicha, vaziyatni hech kim nazorat qilmagan

Xitoy matbuotining xabar qilishicha, halok bo‘lganlarning aksariyati talabalardir.

Qurbonlarning 25 nafari ayollar ekani aytiladi.

Xitoy hukumati hodisa yuzasidan tekshiruv boshlagan.

Amerikalik suratkash Gebi Gebrielning aytishicha, vaziyatni hech kim nazorat qilmagan.

"Odamlar chorasizlikdan baqirishardi. Dahshatli bir manzara edi", degan u BBC bilan suhbatda.

BBC muxbiri Jon Saduortning aytishicha, tergovchilar mushakbozlikning bekor qilingani va ko‘p sonli politsiya kuchlarining joylashtirilganiga qaramay, nima uchun buncha ko‘p odam to‘plangan, degan savolni so‘rashlari tabiiy.

Image copyright Reuters

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002