Suriya mojarosi: 2014 yilda 76 ming odam halok bo‘ldi

Image copyright Reuters

2014 yil Curiya uchun eng halokatli yil bo‘ldi.

Britaniyada joylashgan Suriya Inson Huquqlari Observatoriyasi ma‘lum qilishicha, o‘tgan yil davomida 76 mingdan ziyon inson halok bo‘ldi.

Unga ko‘ra, qurbonlarning 17,790 nafari oddiy suriyaliklardir.

Ularning uch yarim mingdan ko‘prog‘ini yosh bolalar tashkil etgan.

Iroqdagi mojaroda esa 2014 yilda 15 mingdan ko‘proq inson halok bo‘ldi.

Zo‘ravonliklarning kuchayishiga Islomiy Davlat va boshqa qurolli guruhlarning ikki mamlakatda yirik hududlarni qo‘lga kiritgani sabab qilib ko‘rsatiladi.

AQSh boshchiligidagi kuchlarning Islomiy Davlat guruhiga qarshi havo hujumlari, Suriyada hukumat qo‘shinlari va isyonchilar o‘rtasidagi janglar hamda Iroqdagi mazhabiy urushlar qurbonlar sonining ortishiga "hissa" qo‘shgan.

Suriyadagi qurbonlarga oid raqamlarni mustaqil manbalardan tasdiqlatib olishning imkoni yo‘q, ammo Suriya Inson Huquqlari Observatoriyasi raqamlarni mamlakatning turli burchaklarida faoliyat yurituvchi manbalaridan olganini aytadi.

Observatoriyaga ko‘ra, hammasi bo‘lib 76021 inson halok bo‘lgan.

2013 yil davomida 73447 nafar inson qurbon bo‘lgandi.

Shunday qilib, Suriyada 2011 yilda boshlangan mojaroda o‘ldirilganlar soni 200 mingdan oshdi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02