"Al-Qoida"ga aloqador ko‘rilgan shaxs AQSh hisbxonasida vafot etdi

Image copyright AP

1998 yilda Keniya va Tanzaniyadagi AQSh elchixonalarini portlatishni rejalashtirishda ayblangan shaxslardan biri Nyu-Yorkda mahkama boshlanishidan bir necha kun oldin vafot etgan.

Abu Anas al-Libiy himoyachisining aytishicha, uning himoyasi ostida bo‘lgan shaxs sog‘lig‘i birdan yomonlashgan.

Al-Libiyning jigar saratonidan aziyat chekkani xabar qilinadi.

U 2013 yilda Liviyada Amerika maxsus kuchlari tomonidan ushlangan edi.

Yoshi ellikda bo‘lgan Abu Anas al-Libiy juma kuni shifoxonada olamdan o‘tdi, deb xabar berishgan uning oila a‘zolari va himoyachilari.

Janob al-Libiy 2013 yil oktobr oyida AQSh maxsus kuchlarining Tripolida o‘tkazgan amaliyoti chog‘ida qo‘lga olingandi.

U bir haftadan keyin 1998 yilda Keniya va Tanzaniyada Amerika elchixonalariga sodir etilgan hujumlar yuzasidan mahkamada hozir bo‘lishi kerak edi.

Amerika elchixonalarida sodir etilgan mazkur hujumlarda 220dan ziyod inson halok bo‘lgandi.

Asl ismi Nazih Abdulhamid al-Rukaiy bulgan janob al-Libiy hozirga qadar unga ko‘yilgan terrorizm ayblovlariga iqror bo‘lmagan.

Uning turmush o‘rtogi, Um Abdulloh, AR xabar agentligiga ko‘ra, Amerika hukumatini "begunoh insonni o‘g‘irlash, yomon munosabatda bo‘lish va o‘ldirishda" ayblagan.

Um Abdullohga ko‘ra, uning eri jigarida o‘tkazilgan amaliyotdan keyin vafot etgan.

2013 yilda hibsga olingan payti, janob al-Libiy 10 yildan buyon FBI qidiruvida bo‘lgan shaxslar ro‘yxatining eng boshida turardi.

Amerika hukumati uning boshiga 5 million dollar muokofot puli va‘da kilgan.

U 2000 yilda Nyu Yorkdagi Oliy hakamlar xay‘ati tomonidan aybdor, deb topilgandi.

Liviya o‘z hududida Amerika maxsus kuchlari o‘tkazgan amaliyot yuzasidan e‘tiroz bildirishi ortidan Amerika davlat kotibi Jon Kerri amaliyot tafsiloti yuzasidan izoh berishga majbur bo‘lgandi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Your contact details
Disclaimer