Pokiston: yana o‘zbek jangarilari maskanlari nishonga olingan

Pokiston harbiylari tarqatgan xabarlarga ko‘ra, Haybar va Shimoliy Vaziristondagi islomiy jangarilar panoh topgan joylar havo hujumlariga tutilgani natijasida 40 qa yaqin qurolli o‘ldirilgan.

Image copyright AP

3 yanvar tunida Haybar mintaqasining Tira vodiysida jangarilar yashiringan to‘rtta nuqta Pokiston harbiy-havo kuchlari tomonidan hujumga tutilgan.

Pokiston armiyasiga ko‘ra, hujumga tutilgan joylardan biri xudkush hujumchilarni tayyorlash markazi bo‘lgan.

Hujumlar natijasida 31 jangari, jumladan xudkush hujumchilikka tayyorlangan shaxslar o‘ldirilgan.

Shuningdek, AQShning uchuvchisiz boshqariladigan uchog‘i deb ko‘rilgan uchoq yakshanba tongida Shimoliy Vaziristonning Datta Hel mintaqasida jangarilarning yana bir yashiringan joyini nishonga olgan.

Bu qarorgohning Afg‘on chegarasidan 300 metrcha Pokiston ichkarisida ekani xabar qilingan.

U Pokiston Toliboni qo‘mondoni Hafiz Gul Bahodir va o‘zbek jangarilarining qarorgohi sifatida foydalanilgan.

Hujum oqibatida kamida olti jangari halok bo‘lgani, to‘rt kishi yaralangani haqida aytganlar Pokistondagi harbiy manbalar.

Halok bo‘lganlar orasida yuqori mansabdagi jangari ham borligi, biroq uning shaxsi aniqlanishi lozimligi aytilmoqda.

Drondan otilgan ikki raketa o‘zbek jangarilarini ham halok etgani xabar qilinmoqda.

O‘zbek jangarilari ham Afg‘oniston va ham Pokiston hududiga hujumlarni uyushtirib kelgan, deyishadi rasmiylar.

Pokiston 2014 yil iyunida islomiy jangarilarga qarshi Shimoliy Vaziristonda keng miqyosdagi harbiy amaliyotlarni boshlagan, hududni ko‘p sondagi tinch aholi tashlab chiqishga majbur bo‘lgan edi.

Shimoliy Vaziristondagi jangarilar Haybar mintaqasidan panoh topganlar, deydi Pokiston harbiylari.

Armiyaga ko‘ra, o‘tgan yil yozidan buyon 1700 dan ortiq jangarini o‘ldirgan.

Pokiston mamlakatning kichik 2001 yil 11 sentyabr hujumlari deb atayotgan Peshovar maktabidagi hujumda 150 kishi halok bo‘lgan, ularning 134 nafari bolalar bo‘lgan.

Rasmiylarga ko‘ra, Peshovar maktabi hujumini jangarilar Haybar mintaqasida tashkillashtirganlar.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Your contact details
Disclaimer