"2014 yilda O‘zbek qamoqxonalaridan 23 tutqun jasadi chiqqan"

Mustaqil Inson huquqlari himoyachilari Tashabbus guruhi tarqatgan xabarga ko‘ra, o‘tgan 2014 yil mobaynida O‘zbekiston jazoni ijro etish muassasalarida saqlangan kamida 23 dindorning jasadi dafn etish uchun yaqinlariga qaytarilgani guruhga ma‘lum bo‘lgan.

Bu haqda Tashabbus guruhi o‘zining bir yillik faoliyatiga bag‘ishlangan hisobotida ma‘lum qilgan.

"2014 yilda O‘zbekistonda inson huquqlari vaziyati yaxshilanmadi", deya xulosaga kelgan inson haqlari tashkiloti.

Tashabbus guruhga ko‘ra, O‘zbekiston qamoqxonalarida diniy va siyosiy ayblovlar bilan erksizlikda ushlab turilgan insonlarning soni ortib bormoqda.

Buning sabablaridan biri sifatida Mustaqil Inson huquqlari himoyachilari Tashabbus guruhi diniy va siyosiy tutqunlarga nisbatan amnistiyalar qo‘llanmayotganini aytadi.

"Hammasi bo‘lib O‘zbek turmalarida diniy va siyosiy ayblovlar bilan qamalganlarning soni 12500 dan ziyodni tashkil etadi va ular umumiy avfga tushmayotganlari yoki asosiy jazo muddatlarini o‘tab bo‘lganlaridan keyin yangi muddatlarni muhlatlar qo‘shib beriplayotgani sababli ularning soni ko‘payib bormoqda", deydi Tashabbus guruhi o‘z hisobotida.

Inson huquqlari tashkiloti o‘zi olgan axborotlarga ko‘ra, o‘tgan yili O‘zbekiston turma va koloniyalarida shafqatsiz qiynoqlar va xastaliklar tufayli diniy ayblovlar bilan ozodlikdan mahrum etilgan kamida 23 shaxs hayotdan ko‘z yumgan.

Image copyright Google map

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligining Jazoni ijro etish boshqarmasi mas‘ullari qamoqxonalardagi o‘lim holatlarini sir saqlashga harakat qiladi.

Ko‘pincha mahkum o‘limiga yurak xuruji yoki boshqa xastalik sabab bo‘lgani haqidagi yolg‘on guvohnoma beriladi.

Ichki ishlar vazirligi xodimlari qamoqxonadan jasadni qarindoshlari xonadoniga olib kelish bilanoq zudlik bilan dafn etishni talab qiladilar.

Jasad olib chiqiladigan uy atrofi ko‘p sondagi militsiya xodimlari bilan o‘rab olinadi.

Yaqinlarning jasadning ahvolini ko‘rish istaklariga qarshi chiqiladi.

Mahkum o‘limiga olib kelgan qiynoqlar uchun javobgar Ichki ishlar xodimlarini mas‘uliyatdan qutqarish maqsadida qarindoshlarga bosim o‘tkaziladi.

Juda tez vaqt mobaynida mayitni ko‘mishga majbur qilingani sababli sobiq mahkumning o‘limiga aslida nima sabab bo‘lganini yaqinlar mufassal o‘rgana olmaydilar, inson huquqlarini himoya qilish tashkilotlariga murojaat qila olmaydilar.

Shu bois ham O‘zbekistonning ichida faoliyat yuritadigan inson haqlari faollari ham qamoqlardagi o‘lim hollaridan bexabar qoladilar.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Your contact details
Disclaimer