"O‘zbek TVni tushunganga chiqargan"

"Axborot" dasturi boshlanay degan vaqt "O‘zbekiston" kanaliga olsam, xotin, "shuni nimasini ko‘rasiz, xech qanday yangilik bermasa, turgan-bitkani kattalar uchun "alla bolamning" o‘zi", dedi.

"Eey, xotin, O‘zbek TV bergan xabarni mag‘zini chaqishni bilish kerak", desam, "yo‘g‘-e, dadasi juda hazilkashsizda, lekin bunisi oshib tushdi", dedi.

- Kel, yonimda jim quloq solib o‘tir, dedim unga qarata.

Mana birinchi xabar: "Bugun Oliy Majlis Quyi Palatasining a‘zolari ‘Jinoiy Kodeksning ayrim moddalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalarni bir ovozdan qabul qilishdi. Mazkur o‘zgartirishlar jamiyatni yanada demokratlashtirishga hamda fuqarolik jamiyatini qurishga qaratilgan".

Buni eshitib xotin hayron, hech narsa tushunmadi, menga qaradi.

"Xotin, buni tushunganga chiqargan. Iborani qara, chiroyli qilib qog‘ozga o‘rashganini, axir bu san‘at-ku… odamlarni hurkitib yubormay, ‘yanada demokratlashtirish’ deyapti. Demak, ‘otti kallasidek’ jarimalar endilikda ‘filli kallasidek’ bo‘ladi. Deputatlar budjetning teshiklarini yamashning eng oson yo‘lini topishgan", deb talqin qilib berdim.

Ikkinchi xabar: "Joylarda aholining kam ta‘minlangan qismini himoya qilish chora-tadbirlari doirasida, mahalliy hokimiyatlar oziq-ovqat mahsulotlarini arzonlashtirilgan narxda sotish maqsadida yarmarkalar tashkil etishmoqda".

Bunisiga, xotindan xech qanday savol kutmay, oziq-ovqat narxi osharkan, ertaga bozorga tushib g‘amlab qo‘yish kerak, dedim.

Buni eshitgan xotin, "dadasi, bu yangilik xo‘jaligimizga bevosita bog‘liq ekanmi?!" dedi.

Keyingisi, xalqaro yangiliklar (buni "tubkaning tagidan xabarlar" deb atasa xam bo‘laveradi aslida): "Gvatemalada kuchli zilzila, Montevedeoda suv toshqini, Rio-de-Janeyroda yer ko‘chkisi…"

Xotin "baqa-bashara" qilib, "Bu shaharlar qayerda ekan-a o‘zi?", deb so‘radi.

Eee, tovuq miya, bundan maqsad senga jo‘g‘rofiyani o‘rgatish emas, balki dunyo ostun-ustun, hamma joy ishkal… Faqatgina yagona jannatmakon yurtimizda tinchlik… shuni shukronasini qil, boshqasi bilan ishing bo‘lmasin degan xabarni yetkazish, dedim.

Buni tushunishga katta aql kerak emas, ko‘rib eshitganingni 180 gradus bursang, asl manzara yaqqol namoyon bo‘ladi ko‘z o‘nginda deb, TV kurishning sirli formulasini tushuntirib qo‘ydim xotinga.

"Shuni oldinroq aytmaysizmi, umrim bino bo‘lib shuncha yangiliklardan quruq qolib yurgan ekanman", deb afsus chekdi xotin, bo‘sh vaqtini rus seriallarini ko‘rishga sarflaganini eslab.

Bir oz o‘ylanib, "dadasi balki, dunyoning turli burchaklarida bo‘hronlar bo‘lib turgan bir vaqtda, hayotni qora rangga emas, balki shunaqa pushti rangga bo‘yab ko‘rsatish maqsadga muvofiq bo‘lsa ajabmas", dedi.

"Yaxshidir achchiq haqiqat, lek shirin yolg‘on yomon. Shu shirin yolg‘onga lekin, aldanib qolg‘on yomon", deb Sher-akamni qo‘shiqlarini xirgoyi qilib bersam, xotin ham anoyi emas... "shunga Sher-akangizni TVga yaqin yo‘latmay qo‘yishgan-da", deb odamni mot qildi.

Ertasiga xotinning o‘zi tashabbusni qo‘liga oldi.

"Dadasi bu yoqqa kelin o‘tiring divanga, bugun yangi ‘Uchburchak’ degan ‘erkin fikrlar maydoni’ teleloyiha bo‘larmish, shuni birga tomosha qilamiz", dedi.

Dastur ham boshlandi. Xullas, bir so‘z bilan aytganda, o‘sha jurnalistlarga qo‘l keladigan ‘kaltak yemaydigan’ mavzuni davomi – internetdan ko‘ra kitob o‘qinglar degan. Esda qolgan joyi – jurnalist kitobni afzalligini isbotlash uchun shunday dedi: "Ulug bobokalonimiz Ibn Sino kasalni tuzatganlari evaziga xaq olganlarida, kutubxonadan foydalanishni so‘ragan ekanlar".

Buni eshitib xotin rosa qotib kuldi: "Ibn Sino, taqsir xaqim evaziga internet kafeingizdan 1000 megabayt narsa yuklab olay, demabdilar-da", deb.

Bir oz fursatdan so‘ng bundanda aqlliroq fikrni o‘rtaga tashladi – "u zamonlarda ulug‘ alloma insonlarni Olloh yo‘lida tekinga, hech qanday haq so‘ramay bisabillo davolagan emasmidilar".

Oynai jahonda yana o‘sha jurnalist ayol "hamkasbimning onalari 85 yoshda, har safar Farg‘onadan Toshkentga kelganlarida menga hech narsa kerak emas, faqatgina "Sharq ziyokori" do‘konidan kamida 10 dona kitob olib bering der ekanlar", dedi.

Xotin bunga ham o‘rinli savol berdi. "Nima "Sharq ziyokori"ning bo‘limi Farg‘onada yo‘q ekanmi? Bunday qog‘ozga o‘ralgan reklamaga ne hojat?! Kitob do‘konining savdosi o‘lgan ko‘rinadi", deb mantiqli fikrlay ketdi xotin.

Xotinning bu kabi "siyosiy saviyasi"ning oshishi odamni ancha xavotirga soldi.

Har holda ayol kishining og‘ziga elak tutib bo‘lmaydi, degan dono xalqim. U-bu noo‘rin (‘quloqlar" bor) joyda aqlli bashara qilib nogahon kar-kar qilib qo‘ysa, Xudo ko‘rsatmasin!... haligi "moddadagi ayrim o‘zgartirishlarni" qo‘llab, haligi "filli kallasidek" jarimani to‘lab, kasodga uchrashdan O‘zi asrasin!, dedim ichimda.

Rahmatli qo‘shnimning aytganlari esimga tushdi: "Ukam, uzoq umr ko‘ray desang, uch narsaga aralashmagin: Xudoning ishiga, er-xotinning urushiga va davlatning ishiga".

Ashaddiy telemuxlis.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Your contact details
Disclaimer