Olmoniya O‘zbekiston bilan kelishuvni sir tutmoqda

Image caption Afg‘onistonda Olmon askarlari

NATOning Afg‘onistondagi missiyasi o‘zgargani va u yerdagi askarlar va harbiy texnika soni kamayganiga qaramasdan, Olmoniya O‘zbekistonning Termez shahridagi harbiy havo bazasidan foydalanishda davom etadi.

Olmoniyada chiqadigan Der Tagesspiegel ro‘znomasining yozishicha, bu haqda o‘zbek tomoni bilan bir necha oy oldin kelishuvga erishilgan, ammo kelishuv tafsilotlari sir saqlanmoqda.

Olmoniya harbiy kuchlari Termezdan Afg‘onistonga minglab qo‘shinlarini kiritish va chiqarish darvozasi sifatida 2002 yildan buyon foydalanib keladi.

Askarlar va harbiy jihozlar Mozori Sharifga harbiy uchoqlarda kiritilishdan oldin osuda harbiy qarorgohga oddiy uchoqlarda keltiriladi.

Ammo Afg‘onistondagi NATO kuchlari hozirda faqat afg‘on armiyasini tayyorgarlikdan o‘tkazish bilan shug‘ullanadi.

Endilikda Afg‘onistonda Olmoniyaning bir necha minglik qo‘shini emas, 850 nafarlik harbiy bo‘linmasi qolgan.

Ammo bu bilan Olmoniya Termez qarorgohidan foydalanish huquqini ozaytirgani yo‘q.

Olmoniyaning Der Tagesspiegel ro‘znomasi xabar berishicha, o‘tgan yil birinchi sentyabrida Toshkentda O‘zbekiston bilan shartnoma izmzolangan, ammo o‘zbek tomonining talabi bilan uning tafsiloti sir tutilmoqda.

Olmoniya uchoqlari bundan buyon Termezga har kuni parvoz qilmaydi, biroq, Olmoniya Mudofaa vazirligining ro‘znomaga ma‘lum qilishicha, Afg‘onistonda vaziyat yomonlashishi mumkinligi e‘tiborga olinib, havo qarorgohidan foydalanish muddati uzaytirilgan.

Gazetaga ko‘ra, oxirgi yillarda Termezdagi havo harbiy bazasidan foydalanish uchun yiliga 16 million yevro berilgani nazarga olinsa, bu tanlov Olmoniyaga arzonga tushmaydiganga o‘xshaydi.

Bundan buyon Termez harbiy bazasidan foydalanish uchun qancha berilishi ham sir tutilmoqda.

Der Tagesspiegel xabar berishicha, Olmoniya "dunyoning eng yomon avtoritar" davlatlaridan biri bilan hamkorlik qilayotgani uchun bitim tafsilotining sir tutilayotgani olmon tomoniga ham qo‘l keladi.

Ro‘znomaning ta‘kidlashicha, Olmoniya Afg‘onistondagi qo‘shinlarini ozaytirayotgani uchun O‘zbekiston bilan ziddiyatli hamkorligini qayta ko‘rib chiqishi mumkin edi.

Ammo, Olmoniya Tojikiston va ko‘rfaz mintaqalarida muqobil yo‘llarni ko‘rib chiqqan esa-da, alal-oqibat Termezga ustunlikni bergan.

Sababi Olmoniya o‘z qo‘shinlarini himoya qilish masalasiga ko‘proq ahamiyat bergani bilan bog‘liq ekani aytilmoqda.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002