Drezdenda 18 ming odam islomiylashishga qarshi namoyish qildi

Image copyright Reuters

Ovro‘poning islomiylashib borayotganini da‘vo qilayotgan va ularga qarshi chiqayotgan taraflar dushanba kechasida butun Olmoniya bo‘ylab ko‘p sonli yurishlarini amalga oshirganlar.

Drezden shahrida an‘anaviy tadbirga aylanib ulgurgan - Islomiylashishga qarshi namoyishga bu safar rekord sonli 18 ming odam chiqqan.

Ayni shaharda ularga qarshi chiqish qilganlar soni esa 3 ming kishi bo‘ldi.

Berlin, Kyoln, Drezden va Shtutgart shaharlarida o‘tgan yurishlarda minglab odamlar ishtirok etishdi.

Berlinda "Ovro‘polik vatanparvarlar G‘arbning islomiylashishiga qarshi" (PEGIDA) nomli an‘anador harakatning bir necha yuz ishtirokchisining yo‘lini 5 ming nafarcha odam to‘sib oldi.

Bu tashkilot Drezdenda islomiylashishga qarshi norozilik namoyishlarini har hafta uyushtirishni boshlagan.

Bu namoyishlarda "Madaniyatimizni saqlab qolish uchun", "Diniy fanatizmga qarshi" va "Nemis zaminida diniy urushlarga qarshi" nomli shiorlar ko‘tarib olinadi.

Olmon matbuotiga ko‘ra, Shtutgart, Myunster va Gamburgda PEGIDAga qarshi 22 ming odam namoyish qilgan.

Chiroqsiz sobor

Kyoln shahri hokimiyati, o‘z va‘dasiga sodiq qolgan holda, shahardagi bosh soborning tashqi chiroqlarini o‘chirib qo‘ygan. Shuningdek, uning yonidagi maydon va markaziy ko‘chalardagi chiroqlar ham o‘chirilgan.

Image copyright Reuters

Undan tashqari, barcha davlat idoralari chiroqlari ham o‘chirib qo‘yilgan. Shahar hokimiyati bu bilan PEGIDA tarafdorlariga o‘z noroziligini izhor qilgan.

"Bu protest emas, lekin an‘anador qarashlarga ega bo‘lgan nasroniylarni nima qilayotganlari haqida o‘ylab ko‘rishga majbur qilishni istardik", - dedi Kyoln soborining bosh ruhoniysi Norbert Feldxof.

Chiroqlar o‘chirib qo‘yilishi ortidan Kyolndagi aksilislomiy yurish tashkilotchilari tadbirni bekor qilishga qaror qilganlar.

Aksilislomiy yurishga bir necha yuz kishi qo‘shilgan bo‘lsa, ularga qarshi 2 mingga yaqin odam namoyish qilgan.

Kyoln hokimi odamlar "asossiz ksenofobiya"ga qarshi chiqqanlarini aytdi.

Ayni damda, politsiyaga ko‘ra, Berlinda 5 mingga yaqin odam PEGIDAning 300 tarafdori yo‘lini to‘sib, ularning hokimiyat binosidan Brandenburg darvozasiga yurishlariga qo‘ymagan. Shuningdek, shahar ma‘muriyati qarori bilan ko‘chalardagi chiroqlar o‘chirib qo‘yilgan.

Olmoniya Kantsleri Angela Merkel o‘z Yangi yil murojaatida PEGIDA amallarini qoraladi, hamda uning rahbarlarini "bag‘ritosh" va "darg‘azab" deya tasvirladi.

Olmoniyaning Stern jurnali o‘tkazgan so‘rovga ko‘ra, Olmoniyaning har sakkizinchi yashovchisi agar o‘z uyi yaqinida PEGIDA islomiylashishga qarshi namoyish o‘tkazayotgan bo‘lsa, unga qo‘shilishga tayyor ekanini aytgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002