Kurdlar Kobanening 80 foizini "Islomiy Davlatdan tortib olishdi"

Rasmiy ma‘lumotga binoan, Suriya sharqidagi Kobane shahrida Islomiy Davlat (ID) jangarilariga qarshi kurashib kelayotgan kurdlar hozirda muhim tumanni qo‘lga kiritganlar va shaharning 80 foizini o‘z nazoratlari ostiga olganlar.

Suriya inson huquqlari kuzatuv guruhiga ko‘ra, Peshmerga qo‘shinlari dastagida kurd jangchilar Kobanedagi xavfsizlik idoralari, jumladan politsiya qarorgohi joylashgan mavzeni qo‘lga olganlar.

ID Kobanega sentyabr oyida bostirib kirib tez orada butun shaharni egallab olgandi.

Undan beri AQShning havodan qilgan hujumlari yordamida kurd jangchilari muntazam ravishda IDni siqib chiqara boshlaganlar.

Kobanelik rasmiy Idris Nassan oxirgi xabarlarni tasdiqladi, hamda ID jangchilari hali ham shahar sharqidagi Maqtala va Kani Kordan tumanlarini ushlab turganini aytdi.

"Umid qilamizki, kelgusi bir necha kun ichida kurd jangchilari butun shahar ustidan nazoratni qo‘lga kiritadi", - dedi u.

Janob Nassanga ko‘ra, IDga qarshi kurash va havodan hujumlar ancha shiddatliroq tus olgan.

AQSh Bosh qo‘mondonligi yakshanba kunining o‘zida Kobanega sakkiz marta havodan hujum qilingani va IDning 11ta mavqei yo‘q qilinganini bildirdi.

IDning Kobanega bostirib kirishi oqibatida minglab qochqinlar shahar yaqinidagi turk chegarasini kesib o‘tganlar. Janglarda yuzlab odamlar nobud bo‘lishgan va ayollar qullikka olinganlar.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002