Farang yozuvchisi: "Qur‘on mutolaasidan keyin Islomga munosabatim o‘zgardi"

Image copyright AFP
Image caption "Taslim" romanida Fransa "islomlashadi"...

BBCning Parijdagi muxbiri Hyu Skofeldning xabar berishicha, Fransani islomlashgan bir mamlakat o‘laroq tasniflagan romanning nashr etilishi qizg‘in bahslarga sabab bo‘lmoqda.

Bu roman hikoya qilishinicha, go‘yo Fransadagi universitetlarda Qur‘on o‘qitiladi, ayollar hijobga kirgan va ko‘pxotinlilik qonuniy bo‘ladi.

2022 yilda Fransaning dunyoviy tuzumi tobora inqirozga uchrab boradi va musulmonlar partiyasining rahbari mamlakatning yangi prezidenti etib saylanadi.

Xotin-qizlarning o‘z ishlarini tashlab, uyda o‘tirishlari rag‘batlantiriladi, natijada esa ishsizlar soni ozayadi.

Hijob bu jamiyatda me‘yorga aylanadi, ko‘pxotinlilik haqida qonun qabul qilinadi.

Universitetlarda esa Qur‘ondan saboq berish majburiy bo‘ladi.

Islomdan "olabo‘ji" yasashmi?

Image copyright Reuters
Image caption Fransa musulmonlari...g‘alaba qilmoqdami?

Tobora jonsizlashayotgan va zino botqog‘iga botgan fransaliklar nihoyat yangi Islomiy Fransani qabul qilishadi.

Ana shu bahstalab va ayrim nuqtalarda, tanqidchilarga ko‘ra, fitnakor mavzu bugun mamlakatda eng taniqli deb sanalgan farang yozuvchisi Mishel Velbek (Michel Houellebecq) yangi romani markazidadir.

"Taslim" (Soumission) bugun sotuvga chiqarilgan, ammo bu roman bir haftadan beri bahsu-munozaralar markazida qolmoqda.

Ammo bu kitob adabiyot nomi bilan Islomdan "olabo‘ji" yasashmi?

Yoki Velbek faqat bir adabiyotchi o‘laroq o‘z ishini qilmoqda xolosmi?

Ya‘ni, dunyoga ko‘zgu tutib, ehtimol ozgina bo‘rttirish bilan haqiqatlarni oshkor qilayotgandir balki?..

Bu masalada qutblashgan bahslar avjiga chiqmoqda, chunki ayni zamonda Fransada Islom va o‘zlik masalasi milliy munozaraga aylanib ulgurgan.

Millatchilarning muvaffaqiyati

O‘tgan yil aksilmuhojirligi bilan nom qozongan Milliy Jabha ilk bor Ovro‘po parlamentiga saylovlarda g‘alaba qildi.

Milliy Jabha rahbari Marin Li Pen 2017 yilgi saylovda jiddiy raqibga aylanmoqda.

Romanda esa... aynan shu Le Pendan uzoqlashish istagida bo‘lgan o‘rtayo‘l partiyalar yangi, istarasi issiq siyosatchi Muhammad Ben Abbesni qo‘llab-quvvatlashadi.

Bu romanning muvaffaqiyati boshqa bir asar bilan bog‘liq...

O‘ng qanot jurnalist Erik Zemmurning "Fransa suiqasdi" nomli romanida yangi, o‘ziga ishongan Islom qarshisida mamlakatning ahloqan taslim bo‘lishi ta‘riflanadi.

Velbekning tanqidchilari esa u o‘z romani bilan u Zemmur va "neo-reaktsioner"larning aqidasini dastaklamoqda deyishmoqda.

Liberation so‘l qanot gazetasi Velbekni "Marin Le Penni dastaklashda" aybladi.

Televizion jurnalist Ali Baddu esa "bu kitob mening ko‘nglimni aynitdi. Men o‘zimni kimdir haqorat qilganday his qildim. Qarang, yangi yil taniqli farang yozuvchisining Islomni yomonotliq qiladigan romani bilan boshlanmoqda", deb aytdi.

"Dinlarning eng jo‘ni"?..

Image copyright AFP
Image caption Mishel Velbek: "Ortiq xudosiz emasman..."

Velbek bir zamonlar Islomni "dinlar orasida eng ahmoqonasi" deb atagandi.

Ammo bu romani bilan ig‘vogarlik qilish niyatida bo‘lmagani aytadi.

Roman nashr etilishidan avval suhbatlarining birida yozuvchi, Fransa siyosatini musulmon partiya isloh qilishi mutlaqo imkonlidir deb aytdi.

Ammo "ehtimol, vaqtini sal ertaroq ko‘rsatgandirman", dedi u.

"Men o‘zimni bir musulmon o‘rniga qo‘yib ko‘rdim... Shunda ularning naqadar shizofreniyaga yaqin bir holatda qolishganini tushunib yetdim", deydi Velbek Paris Review bilan suhbatida...

Unga ko‘ra, musulmonlar an‘anador o‘laroq sotsialistlardan ham uzoqlashmoqda, chunki ular besoqolbozlarning oila qurishiga ruxsat berishdi... boshqa tarafdan esa, o‘ng qanot siyosatchilar ham ularni qabul qilmayapti...

"Musulmon saylovda qatnashaman desa... kimga ovoz beradi? Kim uning manfaatlarini himoya qiladi, bu imkonsiz bir holatga aylandi", deydi yozuvchi.

"Ortiq xudosiz emasman"

Qizig‘i shuki, Mishel Velbek o‘z suhbatlarida dinning jamiyatga qaytib kelayotganini olqishlashini aytadi.

U o‘zining ortiq xudosiz emasligi va hatto Islom hozirgi ekzestentsial bo‘shliqdan ko‘ra yaxshiroq ekanini urg‘ulaydi.

"Alal-oqibatda Qur‘on men o‘ylaganimdan ko‘ra yaxshiroq ekan... Men o‘qib chiqdim", deydi yozuvchi o‘z suhbatida.

"Tabiiyki, diniy kitoblar talqinlar uchun ochiq bo‘ladi, ammo sidqidildan o‘qib ko‘rsangiz, jihod nomi bilan tajovuz qilish oqlanmaydi, ibodat qilish qanchalar muhim ekanini ko‘rasiz... Shuning uchun ham men o‘z fikrimni o‘zgartirdim".

"Shuning uchun men qo‘rqqanimdan yozmadim bu asarni... Men bu yo‘lda biz qaytaga kelishuvga erishishimiz mumkin deb o‘yladim. Albatta, feministlar bilan qiyin bo‘ladi, ochig‘ini aytsak... Ammo boshqa ko‘plab odamlar bu kelishuvni dastaklashadi".

Velbekning romani qahramoni Fransua asar oxirida ana shunday "kelishuvga" erishadi. Islomlashgan Sorbonna universitetida saboq berish uchun ishga qaytishga rozi bo‘ladi. Fransua o‘ziga va‘da qilingan yaxshigina oylik va bir necha xotin olish imkoniyatiga... ko‘z yumolmaydi...

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002