Mamadali Mahmudov: "Omonsiz yillar"

Image copyright Human Rights Watch
Image caption Mamadali Mahmudov avvaliga sovet KGBsi, keyin esa o‘zbek maxsus xizmatlarining ta‘qibiga uchragan

Taniqli adib Mamadali Mahmudov o‘zining navbatdagi blogida "Omonsiz yillar" deb nomlangan avtobiografik essesidan boblar bilan o‘rtoqlashadi.

O‘sha-Turkistonni ko‘z ochirmas to‘zon qoplagan zamonda (1978) men Rusiyaning qonli bosqini, aniqrog‘i, uning bir zarrasi haqida roman ("O‘lmas qoyalar")ni yozdim. Yaratganning qo‘llovimi, u "Sharq yulduzi" jurnalida (1981) bosildi. Mening fahmimcha, bu ish jurnalning bosh redaktori, professor Hafiz Abdusamatovning roziligi bilan bo‘lgan. So‘ng u darhol ta‘tilga chiqib ketgan...

Yana Tangri bilguvchi. Ammo ko‘p o‘tmay, jurnal (roman bosilgan sonlar) KGB tomonidan yig‘ishtirib olindi. "O‘lmas qoyalar"ni chop etishga sababchi bo‘lgan yozarlar ishdan chetlatildi. O‘shanda men O‘zbekiston Yozuvchilari uyushmasida maslahatchi edim. Haydaldim. Bu ham yetmaganday, o‘t ichida qoldim.

KGB bosimi, So‘rog‘i, Ta‘qibi, Vahmi, O‘ldirishga urunuvi... Nima uchun? O‘rta Osiyoda kommunistik tuzum o‘rnatilgach, Moskva Turkiston tarixini buzib ko‘rsata boshladi: Temur qonxo‘r... Bobur qonxo‘r... Oydinlar qoralandi: "Bosmachilar", "Xalq dushmanlari". Oqibat ular: Qirildi, Qamaldi, Osildi, Otildi, Surgun etildi... Bunga tarix guvoh.

1921 yilda "Mustamlaka inqilobi"da bosilgan quyidagi yozdiqning mag‘zini chaqing: "Mustamlakachilarga yerli xalqdan chiqqan haqiqiy rahbar, o‘zlari bilan bir safda turadigan teng huquqli o‘rtoq kerak emas. O‘rislarga tilmochlar va ijrochi polislar zarur". Rusiya islom diniga ham toqat qilmagan. Turkiston elining buyuk kurashchisi, botiri Turor Risqulovning 1923 yilda "Yangi Turkiston"da chop etilgan maqolasidan bir lavha: "Pristavlarning hokimlik surishlari shu darajaga yetdiki, ular hatto masjidlarga qo‘ng‘iroq osish harakatida bo‘ldilar. O‘zlarining to‘raliklarini va hukmdorliklarini ko‘rsatmoq uchun, nomoz vaqtida masjidlarga itlar bilan kirib kelardilar".

Kechmishimizni buzib ko‘rsatishga chor Rusiyasi halvo ekan. Kommunistik tuzum butunlay tuhmatga o‘tdi. Masalan, Rusiyaning O‘rta Osiyoni cheksiz qon to‘kish evaziga bosib olganligidan sharmandalarcha tondi: "Turkiston Rusiyaga qo‘shib olingan". Bu yolg‘ondan nafaqat O‘rta Osiyo oydinlari, balki dunyo, jumladan, Ovro‘pa bilan Amerika ham yoqa ushlashdi. Men Kreml so‘ziga qarshi chiqdim. Haqni yozdim: "Rusiya O‘rta Osiyoni bosib olgan".

KGBning menga bosimi borgan sari kuchayib bordi. Ularning aksari men bilan nisbatan normal muomalada bo‘lsalar ham, ichlarida ilonlar o‘ynardi. Men buni ko‘zlarining tub-tublarida deyarli sezilmas darajada cho‘kib yotgan kinni ko‘rib bilganimdan aytayapman. Ko‘pincha bir xil savol bilan boshimni qotirishardi. Oxirida "Tushuntirish xati" yozdirib olishardi. KGB binosidami? Yo‘q. "Maxsus xodim"lar meni goh "Rossiya", goh "Leningrad", goh "O‘zbekiston", goh "Toshkent", goh "Chilonzor" qo‘niq (otel)laridagi "maxsus xonalar"ga chaqirardilar.

Tabiiyki, kechgan savol-javoblarni bu maqolaga sig‘dirishim qiyin. Yo‘qsa, u qaytariqlardan iborat bir kitob bo‘ladi. Shu bois KGBning o‘ris xodimi- Anatoliy bilan bo‘lib o‘tgan qo‘nishuvga e‘tiboringizni qarataman: - Rus xalqiga munosabatingiz qanday? - Yaxshi. - Ishongim keladi. - Men iloj-imkonim boricha haq deb yashayman. - Sira yolg‘on so‘zlamaysizmi? - Ilojim boricha. - Men aniqlikni yoqtiraman. - Zamon-zamonda... - Ya‘ni? - Bu so‘zdan foydalanmaydigan odamning o‘zi yo‘q. Bundan: Sizam ayromassiz, Tuzumlar ham, Siyosatlar ham, Tarixlar ham, Adabiyotlar ham, Hukmdorlar ham, Daholar ham, Hatto: Elchilar ham... - Muncha ishonch bilan so‘zlaysiz?

- Bu mening tajribam, kuzatuvim, o‘qish, uqishim, aql-idrokim mahsuli. - Shu xudbinona fikringiz sababli yanglishgansiz. - Masalan? - "O‘lmas qoyalar"da haqni buzib ko‘rsatgansiz. - Rusiya tarixi... - Chor rusiyasi tarixini ko‘zda tutayapsizmi? - "maxsus xodim" gapimni bo‘ldi. - Ha. - Soxta narsa. - Chernyayev, Skobelev, Kaufman kabi generallar... - Nikolay II dajjollarining uydirmalariga ishonasizmi? - Anatoliy tag‘in gapimni kesdi. - Har qalay... - Oldi-qochdidan boshqa narsamas. Sovet tarixi - to‘g‘ri tarix. Nimaga undan andoza olmagansiz? - Men u tarixni to‘g‘ri deb o‘ylaganman.

- O‘zingizni go‘llikka solmang. Hammani aldasangiz ham, meni aldolmaysiz. Sizning tilingiz boshqa, dilingiz boshqa. - Ishonmasangiz nima ham deyman. - Buning uchun kallangiz ketishi mumkin, - "Maxsus xodim" menga Azroildek sovuq qaradi. - Behbudiylar hayoti sizga saboq bo‘lmaydimi? Yoshsiz... Shu sizga kerakmi?"... - Shayxulislom Nosir Mullo Ishoq, Qozikalon Qalandarxo‘ja Junaydullo, Qozikalon Yusufxo‘ja Abdulla Xo‘ja singari el-yurt kattalari xalq nomidan: "Biz o‘z xohish-istagimiz bilan Rusiyaga qo‘shilamiz" deb Peterburgga - Nikolay II huzuriga borganlar. Imperator ularni hurmat bilan kutib olgan, siylagan, iltimoslarini qondirgan. Bu tarixiy haqiqatdan nega yuz o‘girasiz? Anatoliy ataylab menga Vatan xoinlarini ro‘kach qildi. Nega? Meni tuzoqqa ilintirish niyatida. Sabab - Hali ham u men to‘g‘rimda uzil-kesil bir qarorga kelolmagandek edi. Ya‘ni uning miyasida: "Qasddan yozmagandir?" degan bir o‘y yog‘i tugayotgan shamdek miltirab turganday edi. Men maxsus xodimning omonat fikrini qat‘iylashtirish uchun unga mavhumga qotilgan yolg‘onni suqdim: - Buni bilganimda edi... U mening ichimdagini bilib olish ilinjida ko‘zimga tikilib, bir muddat jim qoldi. So‘ng so‘radi: - Boshqacha yozarmidingiz? - Ha, - men ichimni bekitdim. - Xatoni tuzatish mumkin...

Zamon nozik va qaltis edi. Qo‘rqdim. O‘limdan. Muhim ishlar... Qanday? Kelajakda g‘animning yuzidagi qora niqobini yechish, olchoq basharasini elga ko‘rsatish niyatida edim. Yana qo‘zg‘atish... Bu ayrim do‘stlarimga ishonchsizday, hatto yolg‘onday tuyulsa ham, men shunday o‘y bilan yashardim. - Xayolingiz qochdimi? Qayoqqa? - O‘tmishga, - Anatoliyning qo‘qqis savolidan sergak tortdim. - Mavhum so‘zga toqatim yo‘q. - "O‘lmas qoyalar"ni qayta ishlash xususida fikrim chuvalandi. - Ishonaymi? - So‘zim - so‘z. - Gap isbot talab qiladi. - Vaqt bersangizlar. - Vaqt ham beramiz, ko‘mak ham beramiz. - Rahmat. - Bilasiz,Turkistonning Rusiyaga qo‘shib olinishi progressiv ahamiyatga ega. Rusiya chirigan, qoloq, qashshoq, ta‘bir joiz bo‘lsa, o‘lik o‘lkaga madaniyat, ma‘rifat, ilm-fan, texnika, jonli til bilan aytsam, jon olib keldi. Bu bilan "maxsus xodim" "O‘lmas qoyalar"ni qayta ishlashda shu narsalarga e‘tibor berishimni urg‘ulab o‘tdi. Men sukut saqladim. Anatoliy fikrini mustahkamlashda davom etdi: - Turkistonda yangi millatlar, yangi davlatlar tuzdik. Ularning ayrimlari yarim yovvoyi edi.

Bu mening yuragimga ignadek botdi. Boshimga qon tepdi. "Maxsus"ga g‘ijinib boqqanimni kech sezdim... Biroq hayotim qil ustidaligi uchun unga bir so‘z demadim, deyishdan o‘zimni zo‘rg‘a tiydim. "Maxsus" irshaydi va o‘zini jo‘rttaga oqlagan bo‘ldi:

- O‘zbekni aytmadim. - SSSR Konstitutsiyasida millat ayirish qoralanadi. - Men buni sizni sinish uchun aytdim. Bizning ishda bu mumkin. - Ya‘ni KGBda. - Ta‘kidlash shartmas. Chayonga kim inonadi? Lekin men "maxsus"ga o‘zimni ishonganday qilib ko‘rsatdim. Aftidan, u buni sezmadi. Bir unsiz oldimga oq standart qog‘oz va yozg‘ich (ruchka) qo‘ydi. Men "O‘lmas qoyalar"ni qayta ishlayman" degan mazmunda o‘ris tilida "tushuntirish xati" yozdim. U zamonda o‘zbek tili - ikkinchi darajali til edi. O‘z yurtimizda... Yuqorida "KGBning o‘ldirishga urinuvi..." degandim. Shunga izoh tariqasida uch misol keltiraman. Birinchi misol: "Rusiya" qo‘nig‘ida KGB xodimidan uzilib, katta so‘qoqqa (ko‘cha-tahr) yo‘naldim. Tun cho‘kayotgan palla edi. Beton ariqcha chetida taksi kutdim. Shunda, kutilmaganda bir yuk mashina yo‘ldan chiqib, mening ustimga bostirib kela boshladi. Men jon holatda o‘zimni chetga oldim. Bir soniya kechikkanimda, g‘ildiraklar ostida qolardim. Oraliq bir qadam ham chiqmasdi. Bashang kiyingan bir o‘ris yonimga kelib: - Tebya Bog spas*, - dedi va mendan sekin uzoqlashdi. "Qo‘rqqanga qo‘sha ko‘rinadi" degan gap bor. Men uni: "KGB iti" deb o‘yladim. Yana qaydam? Har narsani Tangri bilguvchi. Men yana ikki avtohalokatdan omon qolganman. Tirik bo‘lsam, nasib etsa, bir zamonlar kelib, balki, bu haqda ham yozarman. Ikkinchi misol: Elda: "O‘zini asraganni, Xudo asraydi" degan gap yuradi. Ta‘qib kuchaygandan keyin men to M.S. Gorbachev* zamonigacha ko‘chaga yolg‘iz chiqishni tark etdim. Hatto eshikni ham o‘zim ochmasdim, tunda derazaga ham yaqinlashmasdim. Ko‘nglimda vahm, g‘ulg‘ula hukmron edi. Bu paytlarda "O‘lmas qoyalar" xalq tiliga tushgan, G‘arbiy Olmoniya bilan Turkiyada bosilgan edi. O‘shanda meni olib ketishga bir turk yigiti Toshkentga kelgan. G‘arbiy Olmoniya bilan Turkiyada yashashga taklif qilgan. "Ishtonsizning cho‘pdan xadigi bor" degandek, men unga uncha ishonmaganman. Shunga unamaganman! Afsus, u yigitning ismi-sharifi esimda qolmagan. Ammo bunga O‘zbekiston Yozuvchilari uyushmasi guvoh. Shu keltirgan misollarim sabab: KGB meni qamashga ikkilangan. Gapdan cho‘chigan. Shu bois imi-jimida ish ko‘rishni ma‘qul topgan. Bu mening shaxsiy fikrim. Chindan ham KGB gapdan cho‘chiganmi? Ha. El so‘zidanmi? Qisman. Asosan AQSh bilan Ovro‘poning: Achchiq, Keskin, Odil talqinidan... Yana: Bi-Bi-Si, Ozodlik, Amerika ovozi radiolarining: Bo‘ron, Dovul, To‘fonlardan-da kuchli hayqiriqlaridan... Zotan yorug‘ olamda so‘zdan qudratli narsa yo‘q. U yer yuzini: Kul qilishi ham mumkin, Gul qilishi ham mumkin.

Gapim o‘zimga bo‘ysunmay qoldi. Cho‘zilib ketdi. Uzr. Uni tizginlab, asosiy o‘zanga buraman. O‘sha omonsiz yillarda biz Yunusobod massivida, besh qatli beton uyning beshinchi qatida yashardik. Bir kuni Yozuvchilar bog‘ida (Do‘rmon) do‘stlar bilan gapga berilib, tun cho‘kkanini sezmay qolibman. Shoshilinch Rajabboy Ota Turk bilan Yunusobodga qaytdik. Men har ehtimolga qarshi "Volga"mda, o‘tirg‘ichim ostida bolta va pichoq saqlardim. Mashinani garajga burdim. Shunda fara yorug‘ida ko‘zlari g‘araz o‘ti bilan chaqnayotgan barzangi o‘risga ko‘zim tushdi. U qopi yonida bezrayib turibdi. Uning qo‘li bo‘sh bo‘lsa-da, ko‘ylagi ostida bir nima bordek edi. Do‘ppaygan bu narsani men to‘pponcha deb taxmin qildim. Yuragim dukkillab ura ketdi. Rajabboyga sir bermadim. Unga boltani tutqazdim. - Qo‘rqma, - dedim iloji boricha xotirjam ovozda, - biz ikki kishimiz. "Volga"dan tushdik. Men qopini ochib, mashinani temir garajga qo‘ydim. Qopini yopib, qulfladim. Qo‘limda pichoq. Biroq tizzalarim qaltirayapti. Rajabboy bilan o‘ris bir qulochcha oraliqda bir-biriga tikilib turishibdi. Yuzma-yuz. So‘zsiz. Hujumsiz. Sovuq. Men qo‘rqayotganimni sezdirmaslik uchun ular sari shaxd yurdim. O‘ris shoshmay, xotirjam, ammo alamzada bir alfozda to‘rt-besh qadam o‘ngga chekindi. To‘xtadi. Men bundan sevindim. G‘alva, janjalga kimning toqati bor? Hozir o‘zim jar labida turganimda, bu o‘lganning ustiga tepgan bo‘ladi. O‘ris mendagi kechinmani sezdimi yoki o‘zichami, bilmadim, bo‘g‘iq bir ovozda to‘ng‘illadi: - Ya oshibsya (Men adashdim). So‘ng bezraygancha bizga qarab turaverdi. O‘ris bu so‘zni kimga, nimaga, nima uchun aytdi? Jumboq. "Telbamikan?" degan fikr xayolimga keldi. Lekin buni yuragim rad qildi: yo‘q, undoqmas. Ovozida kin bor. Jinnilarda kin nima qilsin? U sog‘. Kiyinishiga qara. Ministrday. O‘ris bu so‘zni havoga aytmadi. "Kelgusi gal yanglishmayman..." degan ma‘noda aytdi. Shuni ta‘kidlayki, men o‘risning ovozida qo‘rquvni tuymadim. Undan tez uzoqlasharkanmiz, Rajabboy menga: - Bir o‘limdan qoldingiz, - dedi va so‘ng ikkilangan bir tovushda qo‘shimcha qildi, - balki majruh etib ketarmidi?.. - Balki? - Men bor uchun... - To‘g‘ri, - dedim uni bo‘lib, - Sen bor uchun menga tegmadi. Qo‘rqqanidanmas. U bir kishini yo‘q qilishga topshiriq olgan... - Menimchayam shunday. - Qo‘rqmadingizmi? - Yo‘q. - Senda ikkita yurak bormi deyman? - Menga Ota Turk ruhi madad bo‘ldi...

Uchinchi misol: Kech kuz edi. Quyosh botarga qiyalaganda, Respublika KGBsidan menga bir mahalliy xodim, adamshmasam, andijonlik edi, qo‘ng‘iroq qildi: - Bugun soat to‘rtda "Zarafshon" restorani yoniga keling. - Tinchlikmi? - Ha. Qarindoshim Haydarali bilan kelishilgan manzilga bordik. "Volga"ni restoran qarshisidagi qo‘nalg‘a (stoyanka)ga qo‘ydik. - Sen meni kutib tur, - dedim Haydaraliga. - Xo‘p. Belgilangan vaqtda KGB xodimi bilan uchrashdik. U gapni qisqa qildi. - Moskvadan vakil kelgan. Siz bilan gaplashmoqchi. Bugun vaqt topolmadi. Ertaga shu paytda, shu yerda ko‘rishamiz. Kechikmang. Biron yerga borishimiz ham mumkin... Bu haqda hech kimga og‘iz ochmang! - Tinchlikmi? - yuragim "shuv" etdi. - Tinchlik. - Qayerga?

Bilmadim... Bu mening farazim. Balki, ichkarida qo‘nishar... Tilingizga mahkam bo‘ling. Yana o‘zingizga tashvish orttirmang!.. - Xo‘p, - dedim yolg‘ondan. Qorasuvga - Zohir A‘lamning uyiga yondik (yo‘l oldik-tahr.). KGBchi bilan kechgan gap-so‘zni unga aytdim. Zohirning yuzi oqardi, ko‘z qorachig‘i kengaydi. - Xayriddin Saloh bilan Yusuf Shomansurning izsiz yo‘qolib ketganini bilasizmi? - El-yurtga ayon narsani... - Yaxshiyam bundan meni ogoh etdingiz, - u gapimni og‘zimdan oldi, - bormang. - So‘z berib qo‘ydim. - KGBni aldasangiz, Xudo sizni olqishlaydi. - Men bunday qilolmayman. - Zaharlanib qoldim deysiz. - Yo‘q, do‘stim, bu qo‘limdan kelmaydi, kelganda ham u ishonmaydi. Makkor odam. Yangi makr o‘ylab topadi. O‘chakishmagan ma‘qul. Zohirning qovoqlari uyuldi. Ikki qoshi orasida qalin tirishlar paydo bo‘ldi. U norozi ohangda to‘ng‘illadi: - Keyin kech bo‘lishi mumkin...

(Davomi bor)