Parijdagi ro‘znoma tahririyatiga hujumda 12 kishi halok bo‘ldi

Image copyright AFP
Image caption Prezident Olland hukumatning favqulodda yig‘ilishini chaqirgan

Frantsiya rasmiylariga ko‘ra, Parijdagi Charlie Hebdo ("Charli Ebdo") hajviy nashri tahririyatiga uyushtirilgan hujumda 12 kishi halok bo‘lgan, 10 kishi yaralangan.

Politsiyaning bildirishicha, yaradorlardan 5 nafari og‘ir ahvolda.

Musulmon rahbarlarini hajv qilgan nashr bundan avval ham hujumga uchragan.

Image copyright AFP

2011 yilda Muhammad Payg‘ambarni hajv qiluvchi karikaturalarni chop etishi ortidan uning idorasiga qo‘lbola bomba uloqtirilgan.

Nashrning eng so‘nggi karikaturasi "Islomiy Davlat" rahbari Abubakr al-Bag‘dodiy haqida bo‘lgan.

Shohidlarning aytishlaricha, hujumda Kalashnikov avtomatlari bilan qurollangan bir necha kishi ishtirok etgan.

Frantsiya Prezidenti Fransua Olland hodisa joyiga yetib kelgan, uning fojiali hodisa yuzasidan hukumatning favqulodda yig‘ilishini o‘tkazishi kutilmoqda.

Image copyright Reuters

Janob Olland, o‘zining ta‘biricha, Frantsiya respublikasining tamoyillariga hujum qilganlar"ni topib, jazolashga va‘da bergan.

U hujumni Frantsiyaga qarshi terrorchilik amali" deb atagan.

Prezidentning aytishicha, so‘nggi haftalarda bir necha terrorchilik hujumlarining oldi olingan.

Parijdagi otishmani Britaniya bosh vaziri Devid Kameron qoralab chiqqan.

Janob Kameron Britaniya terorga qarshi kurash va matbuot erkinligini himoya qilishda Frantsiyani dastaklashini aytgan.

Hujum ortidan Frantsiya politsiyasi mamlakatdagi matbuot idoralarini ogohlikni oshirishga chaqirgan.

Yangi yil arafasida xavfsizlik choralari shundoq ham kuchaytirilgan, politsiya islomiy jangarilarning ehtimoliy hujumlaridan ogohlantirgan edi.

"Islomiy Davlat" Frantsiyaga hujum uyushtirish bilan tahdid qilgan.

Image copyright Reuters