Ijtimoiy minbar: "Obid Asomov prezident, Mirza bosh vazir bo‘lsin"

O‘tgan hafta Facebook ijtimoiy tarmog‘ida bahsimiz mavzusi O‘zbekistonda mart oyiga mo‘ljallangan prezident saylovi, sizning ehtimoliy nomzodlaringiz va kim bu oliy lavozimga loyiqligi bilan bog‘liq edi.

Bahsimiz qatnashchilari ayni mavzuda qariyb 150 ta sharh qoldirishgan. Ayrim sharhlarga o‘nlab munosabatlar izhor etilgan.

Ushbu sharhlar bilan tanishib chiqib, xulosa qilishimiz mumkinki, mualliflardan aksariyati, deylik taxminan 95 foizi, kelgusi prezidentlikka nomzod sifatida joriy prezident, O‘zbekistondagi "eng asosiy rahbarlik kursisini" deyarli chorak asrdan beri egallab kelayotgan Islom Karimov nomzodini qo‘llashlari haqida yozishgan.

Eslatib o‘tish kerak, bu “dastak”lash aksariyat holatlarda faqat mamlakatdagi “tinchlik va barqarorlik” bilan izohlangan.

Masalan Sanjarbek Uzb "Dodamiz bo‘lsinlar. Shunda O‘zbekiston tinch va faravon bo‘ladi. Islom Karimov eng loyiq nomzod" degan sharh qoldirgan.

Dilshod Qodirovning yozishicha, "Ollohga shukurki Vatanimiz tinch. Tinchlik esa shu inson I.A.Karimov yurgizgan siyosat sabab. Bu insondan minnatdor bo‘lishimiz kerak. Bu tinchlik sabab, el yurt, mahalla va oilalarimiz tinch. Shu tinchlik sabab biz erkaklar ko‘chada yurib xalqimiz va asosiysi oilalarimiz manfaati uchun harakatda yuribmiz. Ovozni I.A.Karimovga beraman. Olloh umrlarini ziyoda kilsin".

Demak aytib o‘tganimizdek sharhlarning aksari ana shu ma‘noda…

Lekin, joriy Prezidentga muqobil nomzodlar haqida oz bo‘lsa ham ba‘zi fikrlar qoldirilgan. Bu fikrlarda tilga olingan nomzodlar "O‘zbekiston Xalq Harakati" lideri Muhammad Solih, milliarder ishbilarmon Alisher Usmonov, Bosh vazir o‘rinbosari Rustam Azimov va Bosh vazirning o‘zi Shavkat Mirziyoyev.

Shohruh Abdullaev "Bosh vazir birinchi o‘rinbosari va Moliya vaziri Rustam Azimovni ko‘plab ziyoli va intilektual o‘zbekistonliklar qo‘llab-quvvatlaydi, deb o‘ylayman", deya sharh qoldirgan.

Ali Khanning fikricha esa, "Islom Karimov kuchli siyosatchi, juda uzoqni ko‘ra oladi deb aytolmayman, lekin tajribali. Mamlakat uchun anchagina ishlar kildi. Ammo yetarli emas. Hozir O‘zbekistonga xaqiqiy ma‘nodagi siyosiy va iqtisodiy islohotlar o‘tkaza oladigan va hozirgi hukumatni, umuman jamiyatni korruptsiya botqog‘idan chiqara oladigan liberal qarashdagi rahbar kerak. Afsuski, hozir bizda bunday ko‘zga ko‘rinarli shaxsning o‘zi yo‘q. Yoki bo‘lsa ham Karimovning soyasida ko‘rinmay qolyapdi".

Pulat Turon "Muhammad Solih akaga o‘xshagan yoshroq nomzod bo‘lsa koshki, chunki Muxammad Solih aka O‘zbekstonni ipidan ignasigacha biladi, hamda nimani qayerdan olib qayerga qo‘ysa xalqni rozi qilolishligini! Iymoni bor bulsin", deya muxolifat rahbarlaridan birining nomzodini qo‘llagan.

Lekin Baxodir Xamidov "O‘zbekistonga yosh va chaqqon prezident kerak! Muxolifatchilar orasida birorta aqlli nomzod yo‘q, bari laqma, esini yegan chollar", degan fikrda.

Sherzod Turdiev ham shunga o‘xshash fikrda: "Muhammadsolih akangiz 20 yildan buyon tog‘u toshda qochqinda yuraverib o‘zbek tilini ham unutvorgan"

Roxatoy Irismatova "Men Alisher Usmonov prezident bo‘lshini xohlardim" deya yozgan.

Ilxom Xadjimuradov "Shaxsan man umuman kutilmagan odam prezident bo‘lishini xohlardim... lekin Rustam Azimov Yaxshi nomzod..." deydi.

Farhod Bek "Meni ajablantirayotgan narsa hamma Karimovni abadiy yashaydi, deb o‘ylayotgani. Sal kam 80 yoshga kirdi. Biz O‘zbekistn fuqarolari sifatida Islom Karimovdan keyin qaysidir odamni prezident qilishimiz kerak, bu bilan biz kelajagimizni quramiz degani. Lekin nomzodar topilmayotganining sababi bor. Karimov televizorni hech kimga bermaydi. Bosh vazirning qanday odamligini ko‘plba o‘zbekistonliklar ko‘rmagan. Men Karimovni yomon demoqchi emasman, u qaridi, shilq etib o‘lib qolishi hech gap emas. Biz kelajakni ko‘zlashimiz kerak. Iloji bo‘lsa yaxshi, vatanimiz uchun jon kuydiradigan odamni saylashmiz kerak. Hech kim abadiy yashamaydi. Hozir Karimov o‘zidan boshqa kimni prezident qilib qoldirishga ham ikkilansa kerak. Xalq ham bilmasa, prezident ham bilmasa unda holimiz voy", degan xulosaga kelgan.

Yana bir bahsimiz qishtirokchisi esa O‘zbekiston umuman har qanday saylovalr kontseptsiyasini mutlaqa shubha ostiga olgan. "Qo‘rqmalaring, tomirida qon oqayotgan ekan prezident postini hech kimga bermaydi. Saylov-paylov hammasini rasmiyatchilik va xalqini aldash xolos", deydi u.

Lekin bu boradagi bahslarning hammasiga Shava Uzbek hazilomuz tarzda o‘ta o‘zgacha taklif bilan nuqta qo‘ygandek: "Obid Asomov prezident, Mirza bosh vazir bo‘lsin".

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002

Your contact details
Disclaimer