Charlie Hebdo tahririyati hujumi gumondorlariga qidiruv e‘lon qilingan

Image copyright EPA

Parijdagi Charlie Hebdo satirik jurnali tahririyatiga hujumda gumon qilinayotgan ikki shaxs nomlari va fotosuratlari e‘lon qilingan.

Frantsiya politsiyasiga ko‘ra, hajviy jurnal tahririyatiga hujumda aka-uka Sherif va Said Quashiy va Amid Murod ismli shaxslar gumon qilinmoqda.

Gumondorlardan birining Reyms shahrida istiqomat qilgani va bu shahardagi xonadonlarda tintuv o‘tkazilgani haqida xabar qilingan.

Politsiya gumondorlarning qarindoshlari deb ko‘rilayotgan yetti kishini hibs qilgan.

Hibslar Reyms, Sherlevil-Mezer va Parijda amalga oshirilgani xabar qilingan.

34 va 32 yoshli aka-uka Sherif va Said Quashiylar fotosuratlarini e‘lon qilar ekan, politsiya gumon qilinayotgan shaxslarning “qurollangan va xavfli” ekanlari haqida ogohlantirgan.

Sherif Quashiy 2008 yili Iroqqa jihodiy jangarilar yuborishda ayblangan Parijdagi guruhga aloqadorlik bilan uch yillik qamoq jazosiga hukm qilingan, bir yarim yilni qamoqda o‘tqazgan.

Image copyright elvis

Gumondagi Amid Murodning 18 yoshda ekani, keyinroq u o‘zini politsiyaga topshirgani haqidagi xabarlar paydo bo‘lgan, biroq buni rasmiylar tasdiqlamaganlar.

Internet ijtimoiy tarmoqlarida uchinchi gumondorning do‘stlari jurnal tahririyatiga hujum paytida uning maktabda bo‘lgani haqida yozganlar.

Frantsiyada Charlie Hebdo tahririyatiga hujumda halok bo‘lgan 12 kishiga motam e‘lon qilingan.

Motam kuni bir qancha norozilik aktsiyalari va masjidlarga hujumlar sodir etilgani kuzatilgan. Payshanbaga o‘tar kechasi Parij g‘arbidagi Le-Man shahridagi masjidga noma‘lum kishilar shovqin granatalari uloqtirganlar. Shuningdek, mamlakat janubidagi Por-la-Nuvel shahri masjidiga qarata o‘q uzilgan.

Rasmiylarga ko‘ra, bu hodisalarning Parijdagi hujumga albatta aloqasi bor.

8 yanvar kuni tush payti butun mamlakat bo‘ylab bir daqiqa sukut saqlangan.

Poytaxt Parijdagi Notre Dame de Paris ibodatxonasida qo‘ng‘iroqlar chalingan.

Frantsiya Prezidenti Fransua Olland televideniyedagi chiqishida qurbonlarni Frantsiya g‘oyalari uchun halok bo‘lgan qahramonlar deb atagan.

"Bu shubhasiz terroristik hujumdir. Bu bizning erkinligimizga hujumdir. Ozodligimizga hamla qilganlarni ushlash uchun barcha choralar ko‘riladi va ular qilmishlari uchun albatta javob beradilar. Frantsiya printsiplariga qarshi turganlarga biz munosib javob qaytaramiz. Bunday qiyin lahzalarda barcha frantsuzlar jipslashishlari kerak", degan Frantsiya prezidenti.

Butun Frantsiya bo‘ylab xavfsizlik choralari kuchaytirilgan.

Ommaviy axborot vositalari joylashgan binolar, diniy ibodatxonalar, naqliyot va boshqa muhim deb ko‘rilgan inshootlarni qo‘riqlashga armiya safarbar qilingan.

Parijdagi hodisaga butun dunyodan munosabatlar yangramoqda.

Jumladan, Tojikiston Islomiy partiyasi ham Sharli Xebdo jurnaliga hujumni qoralagan va buni insoniylikka zid deb atagan.

"Islom shiorlarini niqob qilib olib, bunday harakatlarni amalga oshiruvchilar musulmonlarni yomonotliq qilmoqdalar. Islom bunday himoyaga va bu kabi himoyachilarga muhtoj emas", deyiladi Islomiy partiya bayonotida.

Tojikiston musulmonlari Payg‘ambarga nisbatan karikaturani chop etilishini xato hisoblasalar ham, diniy tuyg‘ulari haqoratlangan insonlarni tajovuzdan saqlanishga chaqirganlar.

Bundan oldinroq Frantsiyadagi asosiy islomiy guruhlar butun mamlakat bo‘ylab musulmonlarni bir daqiqalik sukutga qo‘shilishga da‘vat qilganlar va terrorizmni qoralaganlar.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002