"Rossiyaga kelayotgan muhojirlar soni keskin kamaydi"

Image copyright Reuters

Rossiya Federal Muhojirlik xizmati ma‘lumotlariga ko‘ra, mamlakatga kelayotgan muhojirlarning soni keskin kamaygan.

Rossiyadagi 'Interfaks' axborot agentligining Federal Migratsiya xizmati boshlig‘i Konstantin Romodanovskiydan iqtibos keltirishicha, bu ko‘rsatkich 70 foizni tashkil qilgan.

'2015 yilda, 2014 yilga solishtirganimizda, biz xorijiy fuqarolarning kirishi va chiqishi 70 foiz pasayganini qayd etmoqdamiz', deb aytgan Konstantin Romodanovskiy.

Janob Romodanovskiy so‘zlariga ko‘ra, bu pasayish Rossiyada ish topish qiyinlashgani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Biroq Ukraina inqirozi bois Rossiyaga joriy qilingan G‘arb sanktsiyalari 2014 yilning kuz oylaridan Rossiya milliy valyutasi rubl qadrini pasaytirgani, buning oqibatida bu mamlakatda ishlab pul topib, vatanidagi oilasiga mablag‘ yuborayotgan mehnat muhojirlarining daromadlari kamayishiga olib kelgan.

BBC bilan suhbatlarda Markaziy osiyolik mehnat muhojirlari oylik daromadlari va vatanlariga yuborayotgan pul jo‘natmalari qariyb ikki baravar kamayib ketgani haqida aytganlar.

2014 yilning noyabr-dekabr oylaridan Rossiyada qolib ishlab yetarli pul topa olishiga ko‘zi yetmagan muhojirlar vatanlariga qaytishni boshlaganlar.

Shu kecha-kunduzda ham Rossiya shaharlaridan, xususan, O‘zbekiston shaharlariga parvoz qilayotgan uchoqlar to‘lib qaytayotgani kuzatilmoqda, bu esa ko‘p sondagi mehnat muhojirlarining Rossiyani tark etayotganlarini ko‘rsatadi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002