Yava dengizida uchoq "qora qutisi" ovozlari eshitilgan

Image copyright Reuters

Indoneziya rasmiylari aytishicha, Yava dengizida uchoq "qora quti"si uzatadigan signal "eshitilgan", bu signallar halokatga uchragan AirAsia aviashirkatining yo‘lovchi uchog‘iga tegishli "qora quti"dan kelayotgan bo‘lishi mumkin.

Indoneziya qurolli kuchlari qo‘mondoni general Moeldokoning BBCga aytishicha, signal qayd etilgan joyga g‘avvoslar yuborilgan.

"Qora quti" signallari eshitilgan joy bundan oldin AirAsia shirkati uchog‘ining dum qismi topilgan joydan 300 metrcha uzoqlikda, deya xabar tarqatgan Indoneziya ommaviy axborot vositalari.

Rasmiylarga ko‘ra, "qora quti" uchoqning yon qismidan ajralib boshqa joyga tushgan bo‘lishi mumkin.

Bundan oldin Yava dengizi tubidan uchoqning dum qismini suv yuzasiga olib chiqishga harakat qilingan, ammo dengizda to‘lqinlar kuchaygani va ko‘rish masofasining yomonlashgani g‘avvoslarning ishini imkonsiz qilgan edi.

Bortida 162 inson bilan Indoneziyaning Surabayya shahridan Singapurga 28 dekabr tongida parvoz qilgan Airbus A320-200 yo‘lovchi uchog‘i havoga ko‘tarilganidan bir soatcha o‘tib radarlardan g‘oyib bo‘lgan edi.

Qidiruvlar natijasida dengizdan AirAsia shirkati uchog‘ida bo‘lgan insonlarning jasadlari Yava dengizidan topilgan.

Image copyright Reuters

Uchoq bortidagi birorta inson ham omon qolmagan.

Uchoqda 137 katta odam, 18 bola va yetti nafar ekipaj a‘zosi bo‘lgan.

Halokatga nima sabab bo‘lgani hozircha noma‘lum.

Biroq uchoq halokatga uchragan paytda hududda ob-havo yomonlashgan va uchuvchi parvoz yo‘nalishini o‘zgartirishga ruxsat so‘ragan.

Shundan keyin uchoq bilan aloqa uzilgan.

Yo‘lovchi uchoqlar "qora quti"lari halokat paytida shikastlanmasligi choralari ko‘riladi va suvga tushganda ham ishlash qobiliyatini yo‘qotmaydigan qilib yasaladi.

"Qora quti"dagi akkumulyator 30 kun mobaynida signal uzatishga qodir bo‘ladi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002