Aleks Ovumi: Qaddofiy jamoasida basketbol o‘ynagandim

Image copyright Alex Owumi
Image caption Aleks Ovumi Liviyada shohona yashaganini aytadi

AQShlik basketbolchi Aleks Ovumi Liviyaning Beng‘ozi shahri basketbol jamoasi bilan shartnoma imzolagan vaqti bu jamoaning egasi kim-u yaqin orada mamlakat urush og‘ushiga cho‘mishi haqida umuman hech qanday ma‘lumotga ega emasdi.

Beng‘ozida unga ajratilgan kvartira bekamu ko‘st va shohona edi.

2010 yil 27 dekabr kuni Aleks "Al-Nasr Beng‘ozi" jamoasida o‘ynash uchun yetib kelgan vaqti Toj Mahalga qiyoslash mumkin bo‘lgan kvartiraning har yerida Muammar Qaddofiy va uning nabiralari suratlari borligiga u qadar e‘tibor ham bermadi.

Jamoa prezidenti bilan gaplashgan vaqti aslida kvartira Qaddofiyning o‘g‘li Mutassimga tegishli ekani, jamoa ham Qaddofiylarniki va men ular uchun o‘ynashimni aytishdi.

Image copyright Alex Owumi
Image caption Muammar Qaddofiyning o‘zi o‘yinga kelgandi

"Qaddofiy!" Men Nigeriyada tug‘ilganman. O‘smirlik davrimda Muammar Qaddofiy qahramon ko‘rilardi. Men uni Nelson Mandela singari Afrika ramzi sifatida ko‘rardim. Balkim yoshlik qilib, butun fikri hayolim sport bilan bo‘lib uning qilmishlaridan xabardor bo‘lmagandirman"...

"Jamoadagi boshqa xorijlik o‘yinchilar bilan mashqqa kirishgan vaqtim uldarning kayfiyati yomon ekanligini ko‘rdim. Ularning aytishlaricha oxirgi vaqtlarda jamoaning boshi mag‘lubiyatdan chiqmay qolgan. Shuning uchun o‘yinchilarga maosh ham to‘lanmayapti, hatto ularni yutmasalar kaltaklashyapti...

Ko‘plab o‘yinchilarning badanlarida momataloq va kaltak izlari bor edi. Biri esa ko‘kargan ko‘zini yashirishga harakat qilardi.

Kelgusi kuni bizni huddi olamshumul jamoadek shaxsiy uchoqda Tripolidagi o‘yinga olib borishdi.

Muammar Qaddofiyning o‘zi o‘yinga kelgandi. Men uni uzoqdan ko‘rdim. Maydon chetida esa o‘g‘li Saadiy Qaddofiy - mamlakatning sport ishlari bo‘yicha masu‘li yurardi. U bilan gaplashgan vaqtim juda yaxshi bir inson, sportni sevuvchi shaxs sifatida taasurot qoldirdi.

O‘yinni biz yutdik. Yechinish xonasida shu zahotiyoq hammamizga 1000 amerika dollariga teng dinor solingan konvert ulashdilar.

"Bu rahbarimizdan" deyishdi.

O‘sha o‘yindan keyin Qaddofiy oilasining "erkatoyi" sifatida menga munosabat o‘zgacha bo‘ldi. Na bozorda, na restoranlarda mendan haq olishmasdi.

O‘yinlarni ketma-ket yuta boshladik. Lekin murabbiyimiz Sharif ko‘pda qayg‘uli edi. U misrlik bo‘lgani uchun u yerda vaziyat o‘zgarganidan xavotirda edi.

Men kvartiram joylashgan bino tomiga chiqib ufqni tamosha qilishni yaxshi ko‘rardim. 2011 yil 17 fevral kuni tomga chiqsam ko‘chada 200-300 chog‘lik namoyishchilar borligiga ko‘zim tushdi.

Keyin harbiy karvon paydo bo‘ldi. Namoyishchilarga yaqinlashib kelib, ogohlantirmay o‘q ochishdi.

Qiy-chuv-erda sochilib yotgan jasadlar. Ey Xudo, tushim bo‘lsaydi, deya iltijo qila boshladim...

10 daqiqadan keyin otishma to‘xtatdi. men kvartiramga qaytib, murabbiy Sharifga telefon qildim.

Anchadan keyin javob berib, Misrga ketayotgani, men esa joyimda qolishim kerakligi, kimdir kelib meni olib ketishini uqtirdi.

Boshqa telefonlar javob bermasdi. Internet ishlamasdi. Temir kitob javoniga berkinib, duo qilishdan boshqa ilojim yo‘q edi.

Ba‘zida ehtiyotkorlik bilan derazaga yaqinlashib, ko‘chaga qarardim. Biz yosh qizcha otasining jasadini sudrab uyga olib borishga harakat qilardi. Unga onasi yordamga keldi. Ikkovlon ham og‘ir jasadni sudray olmadilar. Ko‘chada o‘tirib, uvvos solib yig‘lardilar.

Kimdir eshikni taqillatdi. "Xorijlikmisan yo liviyalik?" Amerika pasportini ko‘rsatdim. Ular nari ketishdi. 10-15 daqiqlardan keyin yana o‘q ovozi eshitildi. Otishma ovozi so‘nganidan so‘ng, eshikni qiya ochib qaradim. Qo‘shnim dahlizda qonga belanib yotardi.

Bu qo‘shnimni yaxshi bilardim. 16 yoshli qizi bor edi. Ba‘zida unga ingliz tili o‘rganishga yordam berardim.

Qayerdandir yig‘i va hansirash ovozi keldi...Emaklab borib, burchak ortiga qarasam yerda Kalashnikov avtomati yotibdi. Sal narida askar yosh qizchani zo‘rlayapti...

G‘azabim qo‘zg‘ab, avtomatga qo‘limni cho‘zdim. Lekin boshqa askarlar paydo bo‘lib qurollarini menga o‘qtashdi. Hozir otib, kallamni chil-parchin qiladilar, deb o‘yladim.

Lekin ular meni qurol millari bilan o‘qtab uyimga olib bordilar. Og‘zimga kelganini ingliz tilida aytib, bo‘ralab so‘kdim. Qo‘limdan hech narsa kelmasdi. Orqamdan eshikni yopishdi. Yerga yiqilib, bo‘kirib yig‘ladim.

Yaratganga iltijo qilib, telefonda qayta-qayta bog‘lanishga harkat qilishdan boshqa ilojim yo‘q edi.

Qo‘shni uyda yangi tug‘ilgan chaqaloq ochlikdan tinmay yig‘lardi. Uyimda bor oziq-ovqatni ularga olib chiqib berdim.

Bir -ikki kunda hammasi o‘tib ketadi, deb umid qilardim...Lekin yig‘i, otishma, sirenalar tunu-kun davom etdi.

Yemak hum tugadi. 4-5 kunga yetadigan qilib bor suvni taqsimlab chiqdim. U ham tugadi.

Hojatxonadagi suvni icha boshladim. Yozilgim kelgan vaqti hammomga borardim.

Image copyright Alex Owumi

Keyin Liviya havo kuchlari shaharni qaytarib olish maqsadida havodan bombalay boshlashdi.

Shohona kvartiradagi shohona narsalar mening qornimni to‘ydira olmasdi. Ochlikdan tinkam quriy boshladi. Suvarak va qurt-qumursqalarni topib yeya boshladim. Televizorda ko‘rsatuvlardan esimda qolgan ekan, qurt-qumursqalarni tiriklayin yeyilsa to‘yimliroq bo‘ladi, deganlari.

Ular og‘zimda qimirlardi, lekin ochlikdan huddi mazali go‘sht luqmasini yeyayotgandek edim.

O‘zimni yoshligimda ko‘rib, bir yonimda uch yoshlik vaqtim, boshqa yonimda 26 yoshligim...Ular bilan suhbatlashardim. Yoshligimda baxtliroq ekanligimni ham ko‘rardim.

12 kundan keyin telefonim jiringladi.

Jamoadoshim Mustafo ekan. U ham shaharning boshqa burchidagi kvartirasida qamalib qolgan. Unga mening qaylig‘im Amerikadan telefon qilib, men haqimda so‘rabdi.

Kelgusi kuni hammamiz jamoa ofisiga borishimiz kerakligi, u yerdan rahbarimiz bizni mamlakatdan olib chiqib ketishga harakat qilishini aytishdi.

Ofis mening yashash joyimdan uncha uzoq emas edi. Lekin mening ahvolimda u yerga qanday borishimni bilmasdim.

"Agar bora olmasam, rozi bo‘linglar", dedim.

O‘ta xolsiz bo‘lganim tufayli o‘zim yashaydigan qavatdan pastga tushish uchun 15 daqiqa ketdi. Ko‘chada otilgan o‘qlar sochilib yotardi. Bittasini yerdan olib, "Bunisi ham inson tanasini teshib o‘tganmikan", deb o‘yladim...

Bir vaqtlar ko‘chada birga futbol o‘ynab yurgan yosh bollara endi qo‘llariga o‘zlaridan katta avtomatlar ko‘tarib olishgandi. Yonimga yuugurib kelishdi. Holimni ko‘rib, qo‘limdan ushlashdi. Men ularga qayerga olib borishlari kerakligini bir amallab tushuntirdim.

Jamoa ofisida bizni mamlakatdan olib chiqishga urinishlari, lekin bu xatarli safar bo‘lishini aytishdi. Olti soatcha Misr chegarasiga qadar mashinada borish kerakligini bildirishdi. Bir necha kun avval kamerunlik futbolchini ham huddi shu yo‘lda chegaradan o‘tkazib yubormoqchi bo‘lishgan ekan. Lekin nazorat nuqtasida futbolchi hayajondan o‘zini yo‘qotib, qocha boshlabdi. Uni otib o‘ldirishibdi.

Ofisda bor narsalarni shoshib-pishib tanovvul qilib, narsalarimni olish uchun menga hamrohlik qilib kelgan "mitti askarlar" bilan yana ortga qaytdim. Ko‘chada mashina signali yangradi. Bu bizni Misrga olib boruvchi mashina edi. Mittigina mashinaning oldingi o‘rindig‘ida bo‘yi 2 metrdan ortiq jamoadoshim Mustafo o‘tirardi.

Beng‘ozidan 15 daqiqalik yo‘l yurib, birinchi nazorat nuqtasiga duch keldik. Qora tanli bo‘lganimiz uchun mamlakatdan qochmoqchi bo‘lgan Qaddofiyning yollanma askarlari, deb o‘ylab obdon tintuv qildilar.

Image copyright Alex Owumi
Image caption "Basketbol mening xaloskorim"

Haydovchimiz " Ular basketbolchilar, faqatgina basketbolchilar" deya tinmay uqtirardi.

Yaratganning marhamati bilan nihoyat bizni qo‘yib yuborishdi. Lekin bunday nazorat nuqtalarining yana 7 tasidan o‘tdik. Yana obdon tintuv, tepkilar, yerga uloqtirishlar. 12 soat yo‘l yurdik. Agarda hayotimda yana o‘sha haydovchini uchratsam bisotimda borini hadya qilaman.

Mmsr chegarasini kesib o‘tib, qochqinlar jamlog‘ida Amerikaga ketishni kutib turgan vaqtim murabbiymiz Sharif telefon qilib qoldi. Uyimga kelib, oilam bilan tanishib ket, deb taklif qildi.

Uyga oshiqib turgan bo‘lsam ham, oilam meni bu ahvolda ko‘rmasalar yaxshi, deb o‘yladim. Avtobusga o‘tirib, Aleksandriyaga Sharifning uyiga jo‘nadim.

"Men bilgan Aleks bu emas" deb meni qarshi oldi u.

Soqolim o‘sib ketgan, tishlarim chirigan, ko‘zlarim uyqusizlik va ochlikdan qizarib ketgan, o‘ta parokanda ahvolda edim.

Lekin mening nafaqat tashqi ko‘rinishim, mening vjudim, qalbim ham o‘zgarib ketgandi.

Uning oilasi meni parvarish qilar ekan, Aleksandriyaning "El Olimpi" jamoasi bilan tanishtirishdi. Meni endi pul qiziqtirmasdi, oddiy hayotga qaytmoqchi edim xolos.

Butun mavsum Misr jamoasida o‘ynadim. Uyga qaytmaslik qarorimni onam va qaylig‘im juda og‘ir qabul qildilar.

Nihoyat uyga borgan vaqtim otam komada edi...Kenja o‘g‘li uyga kelmayotganidan qayg‘urib, komaga tushgandi...

Menga ham stress tufayli ruhiy kasallik tashhisini qo‘ydilar. Qaylig‘im bilan munosabatimiz yomonlashdi...

Beng‘ozidagi jamoadoshlarimning aksari men kabi ketadigan joylari yo‘q edi. Ular ortda qolib, ko‘plari janglarda qatnashishga majbur bo‘ldilar. Ulardan biri bilan hanuz gaplashib turaman.

Qo‘shni qizni ham izlab topishga harakat qildim. Lekin uddasidan chiqmadim.

Boshimdan o‘tganlarini yoddan chiqarishim kerak, deb o‘yladim. Lekin yaqinlarimning aytishlaricha, aksincha men hikoyamni boshqalarga yetkazishim kerak.

Xotiralarimni kitob qilib chiqardim. Uni yozar ekanman ko‘plab ko‘z yoshlari to‘kdim.

Image copyright Matthew Bigwood
Image caption "Lekin Yaratganning hamma uchun o‘z rejasi bor. Xoh chapga yur, xoh o‘ngga baribir u chizgan yo‘ldan yurasan"

Liviyaga borganimdan afsuslanmayman.

Hayotda ham, huddi basketbol o‘yinida bo‘lgani kabi, ba‘zida o‘yin yurishmaydi. Lekin Yaratganning hamma uchun o‘z rejasi bor. Xoh chapga yur, xoh o‘ngga baribir u chizgan yo‘ldan yurasan.

Qaylig‘im bilan hanuz birgamiz. Hozir Angliyaning Vuster Volves jamoasi uchun o‘ynamoqdaman.

Hanuz ruhan mushkulliklar bor. Bir qarasang baxtiyorman, bir qarasang tushkun. Jamoadoshlarimga baqirib qolaman. Ular meni tushunadilar. Buning uchun minnatdorman.

Ko‘zimni yumgan vaqtim o‘tmish onlari, 2011 yil hodisalari jonlanadi. Shuning uchun uyg‘oq bo‘lishni afzal ko‘raman. Kuniga atigi 4 soat uxlayman. Erta tongdan mashqqa shoshilaman. Basketbol mening xaloskorim.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002