"Ichkilik hamma baloning onasi"

Besh kun surunkali ichish oqibatida Moskvada istiqomat qiluvchi erkak o‘z xotini va farzandini kallasidan judo qildi, deb xabar beradi Vesti.ru.

Aniqlanishicha mazkur erkak Yangi Yil boshlanishidan beri tinmay spirtli ichimliklarni iste‘mol qilgan. Bunga uning turmush o‘rtog‘i norozilik bildirgan. Oqibatda er jahli chiqib, xotinining kallasini olib tashlagan, so‘ng esa 1 yoshli bolasiga nisbatan ham shunday qilgan.

27 yoshli ayolning va 1 yoshli bolaning kallasiz tanalari politsiya tomonidan topilgan. Erkakka nisbatan qidiruv e‘lon qilingan. Gumonlanuvchi qorovul bo‘lib ishlagani ma‘lum, deyiladi xabarda.

Bu dahshatli hikoya, aroq xaqidagi hammaga ma‘lum bo‘lgan rivoyatni esga tushiradi. Ichkilik hamma baloning onasi deb bejiz aytilmagan.

Kishini xursand qiladigan narsa, O‘zbekistonda ichuvchilar soni ancha kamayganligi. Avvallari ichkilik erkaklar uchun bir madaniyatdek ko‘rilardi. Xech bir yig‘in spirtli ichimliklarsiz o‘tmasdi. Hozirga kelib ichib yurish uyat ishdek bo‘lib qolgan. Bunga albatta, aholining diniy ongining o‘sishi sabab. Qolaversa, nafaqat din, balki sog‘lom turmush tarzi madaniyatining rivojlanishi ham muhim o‘rin tutadi.

Toshkentda bayram kunlari ko‘chalarda mast-alas odamlar kamaygani kuzatildi. Undan tashqari, endilikda odamlar ichkilikning nafaqat sog‘liqqa, balki cho‘ntakka ham zararini hisobga olgan holda o‘zlarini ichkilikdan tiymoqdalar.

Statistik raqamlarga ko‘ra, O‘zbekiston sobiq ittifoq va Markaziy Osiyoda kishi boshiga eng kam spirtli ichimlik iste‘mol qiluvchi mamlakat hisoblanadi.

TV yoki gazetaning jinoyat rukni ostida ketadigan xabarlarga ko‘ra, hodisanining kelib chiqishiga eng avvalo ichkilik sabab bo‘ladi. e-tarix.uz websaytida chop etilgan maqoladan anglashilicha, bu kabi mayxo‘rlikka qarshi chaqiriqlar o‘zbek ommaviy axborot vositalarida har doim bo‘lgan.

Vadud Mahmud. Turkistonda mayxo‘rlik (1923)

Bo‘za, may va umuman kayf beradurg‘on ichkiliklarining zararli bo‘lishi to‘g‘risida so‘zlab o‘ltirish ortiqchadir. Uning qandayin zahri beomon ekani ilman sobitdir. Yaqinda butun Rusiya olimlarining Maskovda bo‘lub o‘tkan qurultoyi aqlsizlik-jinnilikning ichkilikka juda yaqin aloqada bo‘lganini isbot etdi.

Bu narsa Turkistonning butun shahar va qishloqlarig‘a yoyilg‘on. Hatto ba‘zi bir ziyolilar va xotinlarig‘a hurriyat tarafdori bo‘lg‘on kimsalar o‘z oilalari bilan ham "rasman" ichishmakka boshlag‘onlar.

Ko‘p kishilar buning ko‘p ichilishini bilimsizlikdan, zararini tushunmaganlikdan keladir, deydilar. Lekin bu to‘g‘ri emas. Do‘xturlar ham tamaki va "alkagul" ning zararini juda yaxshi bilaturib, o‘zlarini shundan torta olmaydirlar. Bu, to‘g‘risi, tarbiyasizliqdan kelgandir. Bunday kishilar o‘zlarini idora eta olmaydurg‘on zotlardir. Bunga o‘rgangandan keyin qutulish qiyin.

"Turkiston" gazetining o‘tgan sonlaridan birida, Turkiston Xatq komissarlar sho‘rosining ko‘knori ekishni man qilib chiqarg‘on qarori yozildi. Biz buni ko‘rub xalqni zaharlaydurg‘on moddalardan birini kamaytirish va bitirish yo‘lig‘a kirishganligini ko‘rub juda sevindik va olqishladik. Bugun ichkilik to‘g‘risinda ham o‘z tovushimizni xalqning homiyi va murabbiyi bo‘lg‘an yuqori hukumat doiralariga eshitdirmakchimiz.

Ichkilik o‘zgarishdan keyin bir necha vaqtlar man qiling‘on bo‘lsa ham, "iqtisodiy-siyosat" bilan yana eski holig‘a qaytdi. Samogun va musallas pishirg‘uvchilar bilan kurash olib borg‘on bo‘lsa ham, ul ko‘p vaqt davom etmadi. Shundan keyin yana rivoj olib ketdi.

Mana bu kurashni to‘xtatmaslik kerak. Yuqori doiralarimizning, ayniqsa, bo‘lis va qishloq tashkilotlarining va xalqimizni madaniy hayotga yaqinlashtirmoq dardida bo‘lg‘on ishchilarimizning shu masalaga jiddiyroq qaramoqlarini o‘tinamiz.

Toshkentlik jurnalist

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002