Osiyo Kubogi, Avstraliya: O‘zbekistondan munosabat

Image copyright AFP

Shu soatlarda Avstraliyada futbol bo‘yicha 2015 yilgi Osiyo Kubogi start oldi.

Ushbu nufuzli turnirda O‘zbekiston doxil qit‘aning 16 milliy terma jamoasi g‘oliblik uchun kurash olib borishadi.

Bu - Avstraliyaning ilk bor Osiyo Kubogiga mezbonlik qilishi bo‘ladi.

Bu yilgi Osiyo Kubogining rasmiy ochilish tantanalari biroz avval Melьburndagi 30.050 kishilik "Rectangular" stadionida bo‘lib o‘tdi.

G‘oliblik uchun kurashni esa, mezbon Avstraliya va Quvayt milliy terma jamoalari boshlab berishdi.

Mezbon milliy terma jamoa o‘zbekistonlik nomdor hakam Ravshan Ermatov brigadasi boshqargan ochilish uchrashuvida Quvaytni 4:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.

Uchrashuvning 1-bo‘limi 2:1 hisobida mezbon Avstraliyaning g‘alabasi bilan yakunlandi.

Bu yilgi Osiyo Kubogi ochilish uchrashuvining ilk to‘pini Quvayt milliy terma jamoasi o‘z hisobiga yozgan esa-da, bu - ularni yirik mag‘lubiyatdan qutqara olmadi.

Ochilish uchrashuvida hisobni ochgan birinchi to‘p muallifi - quvaytlik Ali Husayn Fathiy, baribir, Osiyo Kubogi tarixiga kiradigan bo‘ldi.

O‘z tuprog‘ida Osiyo chempioni bo‘lish ishtiyoqida yongan mezbon Avstraliya esa, guruh bosqich saralash bellashuvlarining ilk uchrashuvidanoq 3 ochko jamg‘ardi.

O‘z o‘rnida eslatib o‘tish joiz, agar keyingi bosqichga chiqsa, O‘zbekiston chorak finalga chiqish uchun kurashda aynan mezbon Avstraliyaga to‘qnash kelishi ehtimoli ham bor.

Image copyright AFP

Toshkentdan faxriy futbol sharhlovchisi Axbor Imomxo‘jayev BBC O‘zbek Xizmati bilan suhbatida aytishicha, shu soatlarda O‘zbekistondagi barcha futbol ahlining nigohi televizion ekranlariga qadalgan:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Qit‘a tarixidagi 16-Osiyo Kubogi o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari orasida allaqachon katta qiziqishga sabab bo‘lgan:

Hali turnir arafasidayoq O‘zbekistondagi futbolga ixtisoslashgan turli internet nashrlari mahalliy muxlislarning yuzlab izohlariyu munosabatlariga to‘lib-toshgandi.

2011 yil Qatarda bo‘lib o‘tgan so‘nggi Osiyo Kubogida O‘zbekiston tarixiy natija qayd etib, turnirning yarim finaliga chiqqan.

Agar, futbolga ixtisoslashgan turli internet nashrlarida qoldirayotgan fikrlariga tayanilsa, o‘zbekistonlik futbol ishqibozlarining aksariyati bu yil o‘z jamoalaridan Osiyo chempionligini kutishmoqda.

Yangi Osiyo chempioni esa, 31 yanvar kungi final uchrashuvi ortidan ma‘lum bo‘ladi.

ShUNDAY EKAN: Bugun start olajak Osiyo Kubogi o‘yinlarini kelasi 22 kun davomida qachon, qayerda va qanday qilib tomosha qilmoqchisiz? Bu galgi turnirda O‘zbekiston milliy terma jamoasining imkoniyatlarini qanday baholaysiz? Sizningcha, bu yil qit‘aning qay bir milliy terma jamoasida Osiyo chempioni bo‘lish imkoniyati yuqori? Javoblaringiz uchun avvaldan rahmat.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002