"Charlie Hebdo"ga hujum qilganlar o‘rab olingan

Image copyright EPA

Frantsiya politsiyasi Parij shimolida Charlie Hebdo jurnaliga hujum ishtirokchilari yashiringani aytilayotgan omborni qamal qilgan.

Bundan oldin politsiya va gumonlanuvchilar o‘rtasidagi otishmada bir kishi halok bo‘lgani, bir necha kishi jarohatlangani aytilgandi. Biroq bu rasman tasdiqlanmagan.

Image copyright Reuters

Muxbirlarning xabar berishicha, gumondorlar bilan garovdagi kishini qutqarish bo‘yicha muzokaralar boshlangan. Politsiya hujumchilar yashiringan ombor tomiga chiqib olishgan.

Dammarten shahri politsiya bilan to‘la.

Frantsiya politsiyasidagi manbaning oldinroq xabar qilishicha, 7 yanvar kuni Parij shahridagi Charlie Hebdo hajviy jurnal tahririyatiga hujum qilib 12 insonni o‘ldirganlikda gumon qilinayotgan aka-uka Quashiylar poytaxtdan 35 kilometr shimoldagi Dammarten-an-Goel shahrida bir insonni garovga olganlar. Garovdagi inson bosmaxona ishchisi, ayol kishi bo‘lgan.

Image copyright Reuters

Dammarten shahar rasmiysining Assoshieyted Pressga aytishicha, hukumat gumondorlar bilan telefon aloqasi o‘rnatganlar va maktab oldida insonlarni, maktab o‘quvchilarini xavfsiz joyga ko‘chirishga kelishilgan. Ular rozi bo‘lganlar.

Dammartendagi uch maktabning 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan o‘quvchilarini tez orada evakuatsiya qilinishi va avtobuslarda ota-onalari kutib turgan joyga yetkazilishi aytilgan. Maktablarning derazalari gilamlar bilan yopilgan, politsiya ularni qo‘riqlab turibdi. Ko‘chalarda hech kim yo‘q, do‘konlar berkitilgan. Dastlabki 12 avtobus o‘quvchilarni ko‘chirishga tayyor qilingan.

BBC muxbiriga ko‘ra, shaharda vaziyat tinch ko‘rinadi, politsiya qidirilayotganlar yashiringan hududni nazorat qilmoqda. Politsiya odamlarni tashqariga chiqmaslikdan ogohlantirgan.

Oxirgi xabarlarga ko‘ra, Parij janubida kosher mahsulotlar do‘konida ham otishma sodir etilgan. Qurollangan shaxslar bir necha ayol va bolalarni garovga olgani aytilmoqda. Tasdiqlanmagan ma‘lumotlarga ko‘ra, ikki kishi o‘ldirilgan.

Amaliyotlar

Dammarten-an-Goel shahriga eltadigan asosiy yo‘lda politsiya avtomobillari karvoni tizilgan.

Hujumda gumon qilinganlar oxirgi marta 8 yanvar kuni Viller-Kotre shaharchasidagi avtomobil yonilg‘i quyish shoxobchasida ko‘rilgani xabar qilingan.

Parijdan 80 kilometrcha shimoli-sharqda joylashgan Viller-Kotredagi shoxobcha rahbari so‘zlariga ko‘ra, aka-uka Quashiylarga o‘xshagan qurollangan ikki kishi avtomobiliga benzin quyishgan.

Ular Renault Clio rusumidagi avtomobilda bo‘lganlar.

Bu hujumchilar satirik jurnal tahririyatiga hujumdan keyin o‘zlari o‘tirgan mashinani tashlab qochib o‘g‘irlagan avtomobil deb ko‘rilmoqda.

Gumondorlar shu atrofdagi qalin o‘rmonda yashiringan deb taxmin qilingan dastlab.

Butun Frantsiya shimolida xavfsizlik choralari kuchaytirilgan.

Xavfsizlikni ta‘minlashga 88 ming odam jalb qilingan.

Qurollangan politsiya kuchlari barcha yo‘llarni kuzatmoqda.

Image copyright Reuters

Hujumchilarni qidirishga aviatsiya ham jalb qilingan.

Payshanbadan jumaga o‘tar kechasi ham tikucharlar qishloq hududlarini qidirish ishlarini to‘xtatmaganlar.

Uyma-uy yurib qidiruvdagi shaxslar qidirilgan.

Xavfsizlik choralari

Shuningdek, bugun Frantsiya Prezidenti Fransua Olland va ichki ishlar vaziri Bernar Kaznev shoshilinch yig‘ilish o‘tkazganlar.

Frantsiya Sog‘liqni saqlash vaziri har ehtimolga qarshi ikki kasalxona to‘liq tayyor holatga keltirib qo‘yilgan.

Ayni paytda Britaniyada ham xavfsizlik choralari kuchaytirilgan.

Charlie Hebdo jurnalidagi karikaturalarni qayta bosishga chaqiriqlarni dunyodagi bir qancha nashrlar xavfsizlik yuzasidan rad qilishgan.

Bundan oldin rossiyalik sobiq milliarder milliarder Xodorkovskiy hamma jurnalistlarni payg‘ambarning karikaturalarini ko‘chirib bosishga chaqirgan. Unga javoban Checheniston rahbari Ramzan Qodirov Xodorkovskiyni vaziyatni taranglatishda ayblagan va uni barcha musulmonlarning dushmani deb atagan edi.

YuKOSning sobiq rahbari esa Qodirovning murojaatini o‘ziga nisbatan tahdid deb tushungan.

Internet tarmoqlarida hodisaga va bu kabi chaqiriqlarga turli xil munosabatlar bildirilmoqda.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002