Radikal ulamo Abu Hamza AQShda umrbod qamaldi

Image copyright AFP

Radikal musulmon ulamosi Abu Hamza al-Masriy terrorchilikni dastaklagani uchun Nyu-Yorkdagi mahkama tomonidan umrbod qamoq jazosiga hukm etildi.

U may oyida qator ayblovlar, xususan garovga olish va AQShda terrorchilikka tayyorgarlik jamlog‘ini barpo qilishga tayyorgarlik ko‘rishda aybdor deb topilgandi.

AQShda mahkama ishi boshlanishidan avval uni Britaniyadan ekstraditsiya qilishini jarayoni uzoq davom etgan.

Jazo belgilanishi jarayonida uning himoyachilari Abu Hamzaning qo‘llari yo‘qligi va ko‘zi ojizligini hisobga olishni so‘raganlar.

Ular, shuningdek, Abu Hamzani Koloradodagi Supermaks federal turmasiga joylashtirish AQShning Londondagi hakamlarga bergan va‘dasining buzilishini anglatishini aytishgan.

Juma kuni hakamlar AQSh hukumati Britaniyaga bunday va‘da qilmagani va umrbod qamoq jazosi Abu Hamzaga eng munosib jazo ekanini bildirishdi.

Hakam Katrin Forrest Abu Hamzaning amallarini "vahshiyona" va "noto‘g‘ri" deya tasvirlab, uning qachon ozod qilinsa xavfsiz bo‘lishini bilmasligi uchun umrbod tutqunlikka hukm qilayotganini aytdi.

U Abu Hamzaning qaysi turmada saqlanishi masalasini federal rasmiylarga qo‘yib berishini bildirdi.

Asl ismi Mustafo Kamol Mustafo bo‘lgan ulamo 11ta ayblov, jumladan 1998 yilda Yamanda g‘arblik sayyohlarni garovga olish fitnasiga aloqadorlikda aybdor deb topildi.

Yaman armiyasi garovdagilarni ozod qilishga uringanida uch britaniyalik va bir avstraliyalik sayyoh nobud bo‘lgandi.

Abu Hamza AQShning Oregon shtatida terrorchilarni tayyorlash jamlog‘ini yaratishga yordam berishda ham aybdor topildi.

Tergovga ko‘ra, Abu Hamza Londondagi Finsberi Park masjididan o‘z tarafdorlarini jihodga qo‘shilishga chaqirgan.

London politsiyasi 2003 yilda Finsberi Park masjidiga reyd o‘tkazgan, biroq Abu Hamza hibsga olinmagan va masjid tashqarisida imomlik qilishni davom ettirgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002