"O‘zbekistonni g‘alaba ruhi hech qachon tark etmasin"

Image copyright Reuters

Milliy terma jamoa shu daqiqalarda yakuniga yetgan dastlabki uchrashuvida Shimoliy Koreyani 1:0 hisobida mag‘lub etdi.

Igor Sergeyev o‘yin 63-daqiqasida kiritilgan yagona to‘p muallifiga aylandi va O‘zbekiston futboli tarixiga kirdi.

O‘zbekiston Sidneydagi dastlabki g‘alabasi ortidan, hisobidagi 3 ochko bilan "B" guruhi peshqadamiga aylandi.

Osiyo Kubogining nimchorak finaliga chiqish uchun "B" guruhida yana Xitoy va Saudiya Arabistoniga qarshi to‘p suradi.

Milliy terma jamoaning bu yilgi futbol bo‘yicha Osiyo Kubogidagi ilk g‘alabasi Toshkentda qanday kutib olindi?

O‘zbekistonlik faxriy futbol sharhlovchisi Axbor Imomxo‘jayev bilan suhbatimizda:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Milliy terma jamoa navbatdagi uchrashuvini 14 yanvar kuni xitoylik raqiblariga qarshi o‘tkazadi.

Guruh bosqich saralash bellashuvlarining 2-tur uchrashuvi bu gal Brisbenda bo‘lib o‘tadi.

Eslatib o‘tish joiz, O‘zbekiston 2011 yilgi so‘nggi Osiyo Kubogini ham mezbon Qatar milliy terma jamoasini 2:0 hisobida yengish bilan boshlagan.

Xuddi o‘sha turnirda o‘zining rekord natijasini qayd etib, Osiyo Kubogining yarim finaliga chiqqan.

Jamoa o‘shanda uch o‘yindan 7 ochko to‘plab, o‘z guruhidan peshqadam mavqe‘da keyingi bosqichga chiqqan.

Kubokning ochilish uchrashuvida mezbon Qatarni, keyin boyvachcha Quvaytni yengib, Osiyo Kubogida katta tajribaga ega Xitoy bilan durang hisobi qayd etgan.

"B" guruhining bugun bo‘lib o‘tgan ikkinchi uchrashuvida esa, Xitoy ham Saudiya Arabistonini 1:0 hisobida mag‘lub etdi.

Qolgan uchrashuvlar

Image copyright Reuters
Image caption O‘zbekiston bugungi raqibini bundan avval ham uch marotaba mag‘lub etgan

Shanba 10 yanvar kungi guruh bosqich saralash uchrashuvlarini boshlab bergan Janubiy Koreya ham Omanga qarshi xuddi shu kabi hisobni qayd etdi.

2015 yilgi Osiyo Kubogini mezbon Avstraliya o‘zining g‘alabasi bilan boshlab bergan:

Milliy terma jamoa 9 yanvar kuni Melburnda bo‘lib o‘tgan va o‘zbekistonlik nomdor hakam Ravshan Ermatov boshqargan ochilish uchrashuvida Quvaytni 4:1 hisobida mag‘lub etgandi.

Guruh bosqich saralash bellashuvlarining bugun shanba kuniga qadar bo‘lib o‘tgan dastlabki uchrashuvlari ortidan, Avstraliya, Janubiy Koreya, O‘zbekiston va Xitoy hisoblaridagi uchtadan ochko bilan o‘z guruhlarida peshqadamlik qilishmoqda.

Turnirning qolgan guruh bosqich saralash bellashuvlari ertaga yakshanba kuni davom etadi.

Bu yilgi Osiyo Kubogi 9 yanvar kuni start olgan va qit‘aning yangi chempioni 31 yanvar kuni aniqlanadi.

Joriy paytda to‘rt karra Osiyo chempioni Yaponiya amaldagi kubok sohibi sanaladi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002