AirAsia uchog‘ining "qora quti"lari topildi

Image copyright Reuters

Indoneziya qidiruv guruhlari dekabr oxirida halokatga uchragan AirAsia shirkati uchog‘ining ikki "qora quti"sini ham topishgan.

Indoneziya transport xavfsizligi milliy qo‘mitasi rahbarining aytishicha, g‘avvoslar qora qutini dengiz tubidan chiqarib olishga urinishmoqda.

Image copyright .

Bundan oldin birinchi "qora quti" chiqarib olingan edi.

28 dekabr kuni bortida 162 yo‘lovchi bilan Airbus uchog‘i halokatga uchragan, qidiruv amaliyotlari natijasida Yava dengizida uchoqning dastlabki qoldiqlari topilgandi.

Yakshanba kuni rasmiy manbalar "qora quti"lar 30 metr chuqurlikda ekanligini xabar berishgan. Ularni ko‘tarish imkoni bo‘lmasa, shishirilgan qoplar yordamida olib chiqiladi. Avvalroq uchoqning orqa qismi shu tariqa chiqarib olingan, lekin unda qora qutilar yo‘qligi aniqlangandi.

Qutqaruvchilar signallar bir-biridan 20 metr masofadan tarqalayotganini aytganlar.

Qattiq zarbalarga chidamli qilib ishlanadigan "qora quti"lar suv ostida uzoq vaqt turadi va halokatdan keyin 30 kungacha signal uzata oladi.

28 dekabrda Indoneziyaning Surabay shahridan Singapurga yo‘nalgan uchog‘i yomon ob havo hududiga tushib qolgan, ekipaj dispetcherlardan yo‘nalishni o‘zgarishtirishga ruxsat so‘ragan, biroq birozdan so‘ng radarlardan yo‘qolgan edi.

Indoneziya dengiz ishlari vaziri asosiy vazifa jasadlarni olib chiqish ekanini ta‘kidlagan.

Image copyright GETTY IMAGES

Hozirgacha 48 ta yo‘lovchining jasadlari topilgan.

"Qora quti"larni o‘rganish uchun Indoneziyaning Jakarta shahriga yetkaziladi. Halokat sabablarini aniqlashga ikki hafta ketishi mumkin. Qutilar qattiq shikastlanmagan bo‘lsa, dastlabki ma‘lumotlar ikki kun ichida yuzaga chiqadi.

Mutaxassislar "qora quti"lar-o‘zi yozib oluvchi vositada saqlangan ma‘lumotlar uchoq halokati sabablariga aniqlik kiritishiga umid qilmoqdalar.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002