Dunyo rahbarlari Parijdagi birdamlik yurishiga yig‘ildilar

Image copyright AFP

Yakshanba kuni dunyoning 40 dan ortiq mamlakat rahbarlari Parijda xurujlar qurbonlari xotirasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan birdamlik yurishida qatnashdilar.

Parijdagi ikki hodisada 17 kishi halok bo‘lgandi.

Image copyright

Frantsiya poytaxti ko‘chalariga uch milliondan ortiq kishi chiqqan.

Ulkan sondagi parijliklar poytaxtning Bastiliya maydoni va boshqa ko‘chalarini to‘ldirganlar.

Harakat xavfsizligini ta‘minlash uchun 1350 harbiy va 2000 politsiyachi jalb etilgan. Yurish jarayonini uylarning tomiga joylashtirilgan snayperlar kuzatib turishgan.

Shu bilan birga, politsiya Parijdagi Sharli Ebo satirik jurnali va yahudiylar do‘koniga hujum qilganlarning sheriklarini qidirmoqda.

Frantsiya Ichki Ishlar vaziri mamlakatda yaqin haftalarda terror xavfi kuchliligini bildirgan.

Bernard Kaznev yakshanba kechqurun Ovro‘polik hamkasblari bilan uchrashib, xavfsizlik masalalarini muhokama qiladi.

Xavfsizlik choralari

Image copyright Reuters

Janob Kaznev Parijdagi yurishda alohida xavfsizlik choralari ko‘rilganini, xususan snayperlarning shayligini ta‘kidlagan.

Birdamlik harakatida qatnashganlar orasida Britaniya Bosh vaziri Devid Kemeron, Olmoniya kantsleri Angela Merkel, Falastin Muxtoriyati rahbari Mahmud Abbos, Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu va Rossiya Tashqi Ishlar vaziri Sergey Lavrovlar bor.

Marokash Tashqi Ishlar vaziri Salohiddin Meziyar Parijga tashrif buyurgan bo‘lsa ham, payg‘ambarga nisbatan karikaturalar va aktsiya qatnashchilari ko‘tarib olgan plakatlardagi akslarni shakkoklik ekanini aytib, harakatda qatnashishni inkor qilgan. Biroq Parij rahbariyatiga o‘z ta‘ziyasini bildirgan.

BBC muxbiri Kris Morrisning xabar qilishicha, yurish mahalliy vaqt bilan 15.00 da hujum qurbonlarining qarindoshlari boshchiligida Place De La Republiqueda boshlangan.

Image copyright epa

Undan oldin Frantsiya Prezidenti Fransua Olland yahudiylar jamoasi vakillari bilan uchrashgan.

Ayni paytda "Milliy front" rahbari Marin Le Pen o‘zining tarafdorlarini bugungi marshda ishtirok etmaslikka chaqirgan. Namoyishga ishtirok etish taklif qilinganlar orasida Marin le Pen yo‘q.

Marin Le Pen hozirgi Frantsiya hukumatini bu marsh bilan o‘z reytingini ko‘tarib olmoqchi bo‘layotganlikda ayblagan va o‘z tarafdorlarini Frantsiya janubidagi Boker shahrida yurishga taklif qilgan.

Image copyright Getty

Juma kuni Parijdagi yahudiylar supermarketida Amedi Kulibali va sherigi odamlarni garovga olgan, so‘ngra o‘zi politsiya tomonidan otib o‘ldirilgandi.

Chorshanba kuni Charlie Hebdo jurnali ofisiga aka-uka Quashiylar hujum qilib, sakkiz jurnalist doxil 12 kishini o‘ldirgan va yashiringan edilar.

Qidiruv amaliyotlari natijasida Sherif va Said Quashiylar ham o‘ldirilgan.

Politsiya hujum ishtirokchilaridan biri Hayat Bumeddinni qidirmoqda. Ma‘lumotlarga qaraganda, u allaqachon Frantsiya hududini tark etib, Turkiya yoki Suriyada bo‘lishi mumkin.

Yangi hujum

Xabarlarga binoan, "Charlie Hebdo" karikaturalarini ko‘chirib bosgan Gamburgdagi Hamburger Morgenpost gazetasi ofisiga noma‘lum kishilar yoqilg‘i idishini uloqtirganlar.

Politsiyaga ko‘ra, yong‘in tezda o‘chirilgan, hech kim jarohatlanmagan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002