Peshovar maktabi o‘quvchilari sinfxonalarga qaytdilar

Image copyright REUTERS

Dekabr oyidagi hujum oqibatida 140 dan ortiq inson halok bo‘lgan Pokistonning Peshovar shahridagi maktab o‘quvchilari va o‘qituvchilari ilk bor o‘quv dargohiga qaytganlar.

2014 yil 16 dekabr kuni ro‘y bergan hujumdan keyin butun Pokiston bo‘ylab maktablar yopilgan, ta‘til kunlari uzaytirilgan edi.

12 yanvar kuni mamlakatdagi maktablar qayta ochilgan.

Peshovar maktabidagi qirg‘indan keyin Pokiston hukumati o‘lim jazosiga joriy qilingan moratoriyni bekor qildi, terrorizm bilan bog‘liq jinoyat ishlari ko‘rib chiqilishini tezlashtirish maqsadida harbiy-dala tribunallarini joriy etdi.

Peshovar maktabiga hujum Pokiston Tolibonining Pokiston hududida sodir etgan eng halokatli hujumi bo‘lgan.

Tolibon o‘zining bayonotida, bu hujum Pokiston hukumatining Shimoliy Vaziriston va unga yaqin Haybar mintaqasini jangarilardan tozalash maqsadida 2014 yil iyun oyida boshlagan keng miqyosli harbiy amaliyotlariga javob bo‘ldi, deb aytgan.

Image copyright AP

O‘zbekiston Islomiy harakati Peshovar maktabiga hujumni "Muhammad Xurosoniy guruhiga aloqador olti-etti" jangari uyushtirgani haqida bayonot tarqatgan.

O‘zbekiston Islomiy harakatining "Jundurrahmon" web-saytida e‘lon qilingan bayonotda bu hujum jangarilarning ayollari va bolalariga qarshi Pokiston hukumati "jinoyatlari"ga javoban "ta‘zir berib qo‘yish" bo‘lgan.

Xudkushlik kamarlarini bog‘lab olgan yetti hujumchi devordan oshib Armiya Jamoatchilik maktabi hududiga kirganlar.

Sinfma-sinf kirib, ichkarida bo‘lganlarni o‘qqa tutganlar.

Oqibatda 141 inson halok bo‘lgan.

Ularning 132 nafari voyaga yetmagan bo‘lgan.

120 dan ortiq o‘quvchi yaralangan.

Image copyright AFP

Yetti hujumchi ham o‘ldirilgan.

Bu maktab Pokiston armiyasi harbiy qarorgohiga yaqin bo‘lgan va maktab o‘quvchilarining aksari harbiylarning farzandlari bo‘lganlar.

Peshovar maktabiga hujum butun dunyoda qoralandi.

Bu hujumni Afg‘oniston Toliboni ham tanqid qilib chiqdi.

O‘sha hujumdan buyon Pokiston bo‘ylab xavfsizlik choralari kuchaytirilgan.

Hukumat rasmiylarga maktab bolalarini himoya qilish uchun ko‘proq chora-tadbir ko‘rishga buyruq bergan, yuzlab o‘quv muassasalari xavfsizlik nazorati qayta ko‘rib chiqilgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002

Your contact details
Disclaimer