O‘zbekiston Qonunchilik palatasi rahbari o‘zgardi

Image caption Nurdinjon Ismoilov Namangan prokuraturasi, adliya boshqarmalarini boshqargan

O‘zbekiston parlament saylovidan keyingi ilk sessiyasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri etib Nurdinjon Ismoilov saylangani xabar qilinmoqda.

54 yoshli Nurdinjon Ismoilov Dilorom Toshmuhamedova o‘rnini egallagan.

Bundan oldin Erkin Halilov uzoq yillar davomida parlament rahbari bo‘lgan.

Mutaxassisligi bo‘yicha huquqshunos Nurdinjon Ismoilov Namangan prokuraturasi, adliya boshqarmalarini boshqargan.

U 1995 yildan buyon O‘zbekiston parlamenti deputati etib saylangan.

Mamlakatda parlament bir palatali bo‘lgan yillari Oliy Majlisning qonunchilik qo‘mitasini boshqargan.

2001-2002 yillarda prezident ma‘muriyatida ham ishlagan.

Yuridik fanlar nomzodi Nurdinjon Ismoilov 2012 yildan buyon Prezident Karimovning parlament, siyosiy va ijtimoiy tashkilotlar bilan hamkorlik bo‘yicha deb nomlanadigan davlat maslahatchisi lavozimida ishlab kelayotgan edi.

Nurdinjon Ismoilov O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining nomzodi sifatida Namangan viloyatidagi Chortoq okrugidan ilgari surilgan va saylovda yutib chiqqani e‘lon qilingan.

O‘zining saylovoldi dasturida janob Ismoilov parlamentning o‘rni va ahamiyatini oshirish, parlamentda muxolifatning faoliyati ta‘minlanishi va sudlarning mustaqilligi kafolati, aholining ijtimoiy himoyasi uchun va‘dalar bergan.

12 yanvar yangi saylangan O‘zbekiston parlamenti quyi palatasi 150 deputatining ilk majlisi bo‘lib o‘tgan.

Oliy Majlis yuqori palatasining birinchi majlisi 14 yanvarga mo‘ljallangani xabar qilingan.

O‘zbekiston mustaqil davlat bo‘lganidan keyingi parlament va prezident saylovlari erkin va adolatli saylovlar sifatida tan olinmagan.

Oddiy saylovchilarning ochiq, erkin va demokratik tanlovi sifatida ko‘rilmagani uchun Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik tashkiloti yoki boshqa nufuzli xalqaro tashkilotlar O‘zbekistondagi saylovlarni kuzatishga to‘laqonli missiya yubormaydi.

Mustaqillikning ilk yillarida mamlakatda faoliyat yuritgan "Birlik" va "Erk" muxolifat partiyalari O‘zbekiston ichkarisida erkin faoliyat yurita olmaydi.

Kam sonda qolgan muxolifat a‘zolariga hozirgacha terrorchilik tashkiloti a‘zosi sifatida qaraladi.

Faollarning harakatlanishlari va telefon so‘zlashuvlari ortidan muntazam ayg‘oqchilik yo‘lga qo‘yilgan.

Mamlakat konstitutsiyasiga qayta-qayta o‘zgarishlar va tashkillashtirilgan referendumlar Islom Karimovga 1989 yildan buyon hokimiyat tepasida qolishiga yo‘l ochgan.

Navbatdagi prezidentlik saylovining O‘zbekistonda 29 mart kuniga mo‘ljallangani e‘lon qilingan.

Aksar kuzatuvchilar taxminicha, xuddi 2002 yil referendumi yoki 2007 yildagi prezidentlik saylovida kuzatilgani singari jamoatchilikka huquqiy-qonuniy asoslari tushuntirib o‘tirilmasdan ham Islom Karimov nomzodi ilgari suriladi va 80-90 foizlik saylovchilar "ovozlari" bilan yana yangi 5 yillik prezidentlik muddati boshlangani e‘lon qilinadi.

"Piket o‘tkazishga ruxsat yo‘q!"

Image caption Faollarga piket o‘tkazishga ruxsat berilmagan

Toshkentlik inson haqlari faoli Yelena Urlayevaning BBCga xabar qilishicha, bugun uch faolga Oliy Majlis oldida yangi saylangan deputatlarga qaratilgan aktsiyalarini o‘tkazishga izn berilmagan.

Militsiya xodimlari faollar Yelena Urlayeva, Shuhrat Rustamov va Aliqul Sarimsoqovlardan O‘zbekistondagi qator rahbar shaxslarni javobgarlikka tortish kerakligi yozilgan plakatlarni tortib olganlar va deputatlarga pochta orqali murojaat qilishni maslahat berganlar.

Shuningdek, militsionerlar O‘zbekiston Prezidentidan o‘z huquqlari tiklanishini talab qilib kelayotgan farg‘onalik onaxon Rahbarxon Odilovani ham Oliy Majlis binosi oldidan quvib solishgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002