Osiyo Kubogi: "Milliy terma jamoa jangovar kayfiyatda"

Image copyright Reuters

Bu kabi bahoni mezbon Brisbendan BBC O‘zbek Xizmati bilan eksklyuziv suhbatida O‘zbekiston Futbol Uyushmasi matbuot kotibi bildirdi.

O‘zbekiston 14 yanvar kuni Xitoyga qarshi navbatdagi uchrashuvini o‘tkazadi.

Har ikki jamoa ham bu yilgi Osiyo Kubogini g‘alaba bilan boshlashgan.

Bo‘lajak raqiblar ertangi tur uchrashuvlari arafasida 3 tadan ochko bilan "B" guruhida birinchi o‘rinni bo‘lishib turishibdi.

Har ikki milliy terma jamoa ham dastlabki o‘yinida o‘z raqiblarini bir xil: 1:0 hisobi bilan mag‘lub etgan.

Image copyright AFP

O‘zbekiston Shimoliy Koreya, Xitoy esa, Saudiya Arabistoni ustidan g‘alaba qozongan.

Har to‘rt milliy terma jamoa ham guruh bosqich saralash bellashuvlarining 2-tur uchrashuvini ertaga chorshanba kuni Brisbenda o‘tkazishadi.

Osiyo Kubogi: mezbon Brisbendan eksklyuziv fotoreportaj - tomosha qilish uchun ana shu linkka bosing.

Hozir Brisbenda bo‘lgan O‘zbekiston Futbol Uyushmasi matbuot kotibi Sanjar Rizayevning aytishicha, jamoa navbatdagi uchrashuviga tayyor.

"Albatta, 100 foiz tayyor. Turnirga har doim yuqori maqsadlar bilan kelinadi. Buning uchun yetarlicha tayyorgarlik ko‘rildi va ana shu hozirliklar asnosida barcha sharoitlar ham yaratib berildi. Shu sababli ham, ana shu tayyorgarliklarni amalda ko‘rsatishning vaqti keldi. Ertangi o‘yinga keladigan bo‘lsak, turnirni g‘alaba bilan boshladik. Boshqa tomondan, bu g‘alaba hozir ortda qoldi. Endi o‘yinga yangicha kayfiyat va yangi tayyorgarlik bilan maydonga tushish kerak. Hozir hamma g‘alaba kayfiyatida", - deydi suhbatdoshimiz.

Sanjar Rizayevning aytishicha, O‘zbekiston milliy terma jamoasi pley-off bosqichiga yo‘llanmani ertangi uchrashuvining o‘zidayoq naqd qilishni maqsad qilgan.

Suhbatdoshimizga ko‘ra, O‘zbekiston milliy terma jamoasi bunga tayyor:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

O‘z o‘rnida eslatib o‘tish joiz, ertangi raqiblar Qatarda bo‘lib o‘tgan 2011 yilgi Osiyo Kubogida ham bitta guruhda to‘p surishgan.

Ikkovlon o‘rtasidagi guruh bosqich saralash bellashuvlarining yakuniy tur uchrashuvi 2:2 durang hisobi bilan yakunlangan.

Image copyright Reuters

Undan avval mezbon Qatar va Quvayt milliy terma jamoalarini mag‘lub etgan O‘zbekiston o‘z guruhi peshqadami sifatida keyingi bosqichga chiqqan.

O‘zbekiston Futbol Uyushmasi matbuot voizi Sanjar Rizayevning aytishicha, Qatarda qayd etilgan bu kabi natija o‘zlarini cho‘chitayotgani yo‘q.

"Bilasizmi, 2011 yilgisi umuman boshqa turnir va umuman boshqa davr edi. Hozir ikkala terma jamoa ham o‘zgargan. Albatta, raqibni hurmat qilish kerak. Har bitta o‘yinga jiddiy munosabatda bo‘lish kerak. Bizga qarshi Xitoy o‘ynaydimi, Saudiya Arabistoni yoki Janubiy Koreya, har bir o‘yin, har bir raqibga o‘ziga xos yondashuv bo‘lishi kerak. Lekin raqib tanlash kerak, degan fikrdan uzoqdaman. Terma jamoaning kayfiyati, albatta, jangovar. Chunki bundan ortiq bo‘lishi mumkin emas. Turnir yaxshi boshlandi va biz mana shunday davom etishini xohlardik", - deydi suhbatdoshimiz.

Image copyright AFP

O‘z o‘rnida eslatib o‘tish joiz, o‘zining tarixida rekord natijaasini ham O‘zbekiston aynan 2011 yilgi Osiyo Kubogida qayd etgan.

Pley-off bosqichida Iordaniyani mag‘lub etib, ilk bor qit‘a miqyosidagi ushbu nufuzli turnirning yarim finalchisiga aylangan.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi vakillarining turli matbuot anjumanlarida qilgan chiqishlariga tayanilsa, bu yilgi Osiyo Kubogida munosib o‘yin ko‘rsatishni niyat qilishgan. O‘z oldlariga esa, oliy maqsadlarni qo‘yishgan.

Agar, ayrim ma‘lumotlarga tayanilsa, ertangi raqiblar bungacha bir-birlariga qarshi ja‘mi 7 bor to‘p surishgan.

Shundan to‘rttasida O‘zbekiston g‘alaba qozongan bo‘lsa, ikkovlon bir bor durang natija qayd etishgan. Ikki bor Xitoyning qo‘li baland kelgan.

Image copyright epa

Milliy terma jamoani Avstraliyada O‘zbekistonning o‘zidan borgan yuzdan ortiq futbol muxlislari qo‘llab-quvvatlab turishibdi.

Suhbatdoshimiz Sanjar Rizayevning aytishicha, mezbon avstraliyaliklar orasida ham o‘z jamoalaridan tashqari, O‘zbekistonga ishqibozlik qilayotganlari oz emas.

Agar, uning so‘zlariga tayanilsa, ilk o‘yindagi muxlisliklari bilanoq o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari mahalliy tashkilotchilarni tan oldirib ulgurishgan. Ularning mehrlarini qozonishgan.

O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi, bir ma‘noda, hal qiluvchi uchrashuv 14 yanvar kuni Toshkent vaqti bilan tushki 14:00 da boshlanadi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002