Misr: Muborakning oxirgi ayblovi ham bekor qilindi

Misrda mahkama sobiq prezident Husni Muborak va uning ikki o‘g‘lining o‘g‘rilik ayblovlarini bekor qilib, yangi mahkama ishi o‘tkazilishini buyurdi.

Janob Muborak o‘z chiqimlari uchun hukumatdan 14 million dollar olganlikda aybdor deb topilib o‘tgan may oyida uch yilga qamalgandi.

Biroq, kassatsiya mahkamasi tergov jarayonlarida qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘yilganini aniqlagan.

Janob Muborakning advokati BBC bilan suhbatda 86 yoshli sobiq prezident tez orada Qohiradagi harbiy kasalxonadan ozod etilishini aytdi.

O‘g‘rilik aybi janob Muborakni panjara ortida ushlab turgan oxirgi ayblov edi.

Janob Muborakning 2011 yilda o‘z iste‘fosi bilan yakun topgan g‘alayonlarda yuzlab namoyishchilarni o‘ldirishga aloqadorlik aybi o‘tgan noyabrda bekor qilindi.

Sobiq prezident va uning o‘g‘illari - 53 yoshli A‘lo va 51 yoshli Gamal ham ikki ayri korruptsiya ishida aybsiz topildilar.

Uylar va saroylar

Misrning oliy apellyatsion mahkamasi bo‘lmish Kassatsiya mahkamasi seshanba tongida o‘tkazilgan qisqa brifingda uch kishining o‘g‘rilik ayblovlarini bekor qilgani va yangi mahkama ishi o‘tkazilishini buyurganini e‘lon qildi.

Ilk mahkama ishida prokurorlar janob Muborak va uning o‘g‘illari davlatning 100 ming Misr funtidan ortiq pulini shaxsiy xarajatlari yo‘lida sarflaganlarini da‘vo qilishgandi. Ularga ko‘ra, uchovlon qalloblik bilan o‘z nomlariga o‘tkazib olingan xususiy uylar va davlatga tegishli saroydagi kommunal xizmatlar, interer dizayni, bog‘lar dizayni, mebel va boshqa uy jihozlari uchun davlat g‘aznasidagi pullarni sarflaganlar.

Prokurorlar da‘vosiga ko‘ra, boshqa xarajatlar orasida yana bir villaning ta‘mirlanishi, janob Muborakning nevaralaridan biri yashashi uchun saroyga qo‘shib uy qurilishi, hamda marhum nevarasi uchun ziyoratgoh qurilishi kirgan.

Prokurorlar mahkamaga taqdim qilgan dalil-isbotlar orasida minglab original va soxta cheklar bo‘lgan.

Yangi mahkama ishida janob Muborak ozod qilinishi mumkin, chunki unga qarshi boshqa hech qanday ayblov qolmagan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002