Hujumlar qurbonlari Parij va Quddusda dafn etildi

Image copyright AFP

O‘tgan hafta Parijda otib o‘ldirilgan odamlardan yettisining dafn marosimlari o‘tkazilmoqda.

Yahudiy supermarketida otib o‘ldirilgan to‘rt erkak Quddusda yerga berilgan.

Parij markazida o‘tgan marosimda Prezident Fransua Ollond otib o‘ldirilgan uch politsiya zobitini mukofotladi.

Politsiya qarorgohida o‘tkazilgan marosimda janob Ollond Frantsiyada eng nufuzli sanalmish Legion d'Honneur unvonini Frank Brinsolaro, Ahmat Merabet va Klarissa Jan-Filiplarning frantsuz bayrog‘i yopilgan tobutlari ustiga qo‘ydi.

"Bu zobitlar biz ozodlikda yashashimiz uchun jon berishdi", - dedi u davlat televideniyesi orqali namoyish qilingan tabdirda chiqish qila turib.

"Ular jasorat va sharaf bilan o‘z vazifalarini bajardilar. Ular politsiya zobitlari bo‘lib jon berdilar", - dedi u ehtiroslarga to‘la marosimda.

Qurbonlardan biri - 40 yoshli musulmon zobit Ahmat Merabet haqida gapira turib, janob Ollond hujumchilar uni "qo‘rqoqlarcha qatl qilishdi", deb aytdi.

Image copyright AFP Getty

Quddusda esa Parijdagi supermarketda otib o‘ldirilgan Yoav Hattab, Filip Braham, Yohan Kohen va Fransua-Mishel Saada Har Hamenuhot qabristonida dafn etildilar.

Marosimda qatnashgan yuzlab odamlar orasida Isroil Bosh Vaziri Benyamin Netanyahu ham bor edi.

Qurbonlarning hech biri Isroil fuqarosi bo‘lmasa-da, ularning oilalari Isroil hukumatining qurbonlarni Isroilda dafn etish taklifini qabul qilganlar.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002