Krishtianu Ronaldu yana jahonning "Eng zo‘r futbolchisi"

Image copyright Getty

Bu - Portugaliya va "Real"(Madrid) yulduzining ketma-ket ikkinchi bor bu kabi nufuzli maqomga loyiq, deb topilishidir.

Xalqaro Futbol Uyushmalari Federatsiyasi tasnifida jahon futbolida yilning eng yaxshilari kecha dushanba kuni Tsyurixda aniqlandi.

Image copyright EPA

Bundan avval 2008 yilda ham ushbu mukofotni qo‘lga kiritgan Krishtianu Ronaldu esa, o‘z hisobidagi "Oltin to‘p"larining sonini uchtaga yetkazdi.

Krishtianu o‘tgan yili o‘z futbolchilik karerasida ilk bor UEFA tasnifida "Ovro‘poning eng qoyilmaqom o‘yinchisi", deb ham topilgandi.

12 yanvar kungi tantanali marosim chog‘ida yana: "Jahonning eng zo‘r ayol o‘yinchisi", eng qoyilmaqom erkak va ayol murabbiylari, "Fair Play" ("Xolis o‘yin uchun"), "Ferents Pushkash" ("Eng ajoyib to‘p muallifi") va FIFA prezidenti sovrinining yangi sohiblari ma‘lum bo‘ldi. Yana shuningdek, FIFPRO ramziy terma jamoasi a‘zolari ham aniqlandi.

Qolgan sovrindorlar bilan tanishing:

"Jahonning eng zo‘r ayol futbolchisi", deb Nadin Kessler (Olmoniyaning "Volfsburg" klubi futbolchisi) topildi.

Kolumbiya milliy terma jamoasi yarim himoyachisi Xames Rodriges esa, "Yilning eng ajoyib goli sohibi"ga aylandi.

Bu yilgi "Fair Play" ("Xolis o‘yin uchun") sovrindorlari hammani hayron qoldirgani aniq: Mukofot Braziliyada bo‘lib o‘tgan 2014 yilgi jahon chempionatini uyushtirishga yordam bergan bir guruh ko‘ngillilarga berildi.

Image copyright Reuters

Jahonda yilning eng yaxshi erkak murabbiyi deb esa, amaldagi jahon chempioni bo‘lmish Olmoniya milliy terma jamoasi Bosh murabbiyi Yoaxim Lev topildi.

Olmoniyaning "Volfsburg" ayollar jamoasi ustozi Ralf Kellerma kechagi marosim ortidan, "Jahonning eng yaxshi ayol Bosh murabbiysi"ga aylandi.

Image copyright FIFA

FIFPRO ramziy terma jamoasi a‘zolari ham aniqlandi - Darvozabon: Manuel Noyyer. Himoyachilar: Serxio Ramos, Filipp Lam, Tyago Silva va David Luiz. Yarim himoyachilar: Toni Kroos, Anxel Di Mariya va Andres Inesta. Hujumchilar: Lionel Messi, Krishtianu Ronaldu va Aren Robben.

Image copyright Getty

Yaponiyalik faxriy jurnalist Xidoshi Kagava esa, Yaponiya futboli rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi uchun FIFA prezidenti sovrinini qo‘lga kiritdi.

Ronaldu

Image copyright Getty

Yaqinda esa, Amerikaning nufuzli "Taym" jurnali Portugaliya futboli yulduzini "Dunyoning 100 ta eng qudratli insoni" ro‘yxatiga kiritgandi.

Portugaliyalik sara hujumchi bugun futbolga befarq bo‘lmagan aksariyat tomonidan haqli ravishda jahondagi ikkita eng zo‘r o‘yinchidan bittasi deb tan olinadi.

Krishtianu Ronaldo 2009 yilda dunyodagi eng qimmat birinchi futbolchi sifatida ham tarixga kirgan.

Ispaniyaning nahang "Real"(Madrid) jamoasi uni Angliyaning qizil iblislaridan o‘sha paytda rekord - 80 million AQSh dollariga sotib olgandi.

Krishtianu Ronaldo bir bolaning otasi va rossiyalik mashhur model Irina Sheyk bilan yuradi.

Portugaliyalik futbol yulduzi o‘zining G‘azo Bo‘lgasidagi xayriyaparvarlik ishlari bilan ham arab dunyosida ancha nom chiqargan.

Sobiq jamoadoshi va hozirda Londonning "Arsenal" klubi o‘yinchisi Mesut O‘zil yaqinda bergan suhbatida Krishtianu Ronaldoga "Qur‘oni Karim" suralarini o‘rgatgani haqida ham aytib o‘tgandi.

Ronaldu va O‘zbekiston

Image copyright Reuters

Ronalduning "Real"(Madrid) jamoasi katta sondagi o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari jon kuydirib muxlislik qiladigan sanoqli xorijiy klublardan bo‘ladi.

Mahalliy futbol ishqibozlari bu jamoa ishtirokidagi o‘yinlarni deyarli qoldirmay kuzatib borishadi.

Ispaniya La Ligasidagi pichoqqa ilingudek hech bir xabar ham O‘zbekistondagi futbolga ixtisoslashgan biror bir nashr e‘tiboridan chetda qolmaydi.

Ayni o‘rinda shuni ta‘kidlab o‘tish joizki, Ronaldu O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova Vasiylik kengashi raisi bo‘lgan Fond Forumning taklifi bilan 2009 yilda Toshkentga ham kelgan.

Xuddi o‘sha paytda Fond Forum yulduz futbolchi bilan hamkorlikka oid memorandum imzolashga ham muvaffaq bo‘lgani aytilgandi.

So‘nggi xabar O‘zbekistondagi futbolga ixtisoslashgan qator internet nashrlarida ham mahalliy ishqibozlarining qizg‘in munosabatlariga sabab bo‘lgan.

O‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashgan aksariyat Ronaldu, "Real"(Madrid) va bir-birlarini so‘nggi yangilik bilan tabriklagan.

Krishtianu bu yil ushbu maqomga eng loyiq futbolchi bo‘lganini isbotlashga uringan.

Ammo qoldirilgan fikrlar orasida, "Hammasi kutilgan shaxslarga topshirildi. Faqat, himoyachilarda haqiqatan bahslashsa bo‘ladigan vaziyat va chiroyli golni ikkiga bo‘lish kerak edi. Sababi, Van Persining goli qolgan hech birinikidan qolishmasdi. "Oltin to‘p"ning sohibi esa, ancha oldin ma‘lum bo‘lgandi", - degan mazmundagilari ham, sanoqli bo‘lsa-da, uchraydi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002