Erkin fikr: "Bollada ayib yo‘q…"

Har gal O‘zbekiston milliy terma jamoamiz muvaffaqiyatsizligidan keyin Mirjalol Qosimov Toshkentcha shevada bir oz bosiq ovoz bilan “bollada ayib yo‘q…” deb bir oz pauza qiladi. Bu ibora futbol ishqibozlari orasida allaqachon askiyaga aylanib bo‘lgan. Qosimovni odatda so‘zga chechanmasligi uchun tanqid qilishadi. Lekin futbolchiga so‘zga chechan bo‘lish na hojat, maydonda chaqqon bo‘lsa bo‘lgani.

Agar futbol oyoq bilan emas, balki til bilan o‘ynalganda, sharhlovchilarimiz jahon chempionligini umuman qo‘ldan boy bermagan bo‘lardilar. Sababi ular o‘yinni sharhlashdan ko‘ra, futbol mutasaddilarini maqtashni rosa o‘rniga qo‘yib qo‘yishadi. Sharhlovchilarimizdan tashkil topgan “Paxtakor” emas “Paxtachi” jamoasi tuzib, “Barsa”, “Real”ni…barchasini real gap yanchib tashlardik. O‘zim sardorlik kilardim shu “klubga” lokin. Zepp-akani FIFAsini ko‘klarga ko‘tarib, kamina ham "ko‘kidan" olarmidi?!

“Bollada ayib yo‘q…,” deganda Mirjalol Qosimovning ko‘zlariga bir nigoh tashlaganmisiz?! Unda ko‘p ma‘no bor. Qosimov o‘zbek futbolining dostoni (legendasi) bo‘lishiga qaramay ancha kamtarin odam. Nazarimda tushungan odam uchun uning gaplarida chuqur bir ma‘no bordek. Ya‘ni, hammasiga jamoa emas jamiyat aybdordek.

“Biz bir jamoamiz”

Chunki, shu futbolchi bolalar chetdan kelmagan. Ular shu yerda katta bo‘lgan o‘zbek o‘g‘lonlaridir.

Aytmoqchi bo‘lganim, “bu dunyoda hamma o‘g‘ri…” deganlaridek, har birimiz ham o‘z sog‘ligimiz va vaqtimizni “o‘g‘irlab” bekorchi ishlar bilan ovora bo‘lib yurganimizni anglamaymiz.

Har bir shaxs o‘z ish o‘rnida professional faoliyat yuritsa – ish vaqtida osh-posh, to‘y-po‘yga ketmay yoki telefonda safsata sotmay… ishxona manbalaridan shaxsiy maqsadlarda foydalanmaydigan bo‘lgan taqdirdagina… O‘zbekiston futbol mundialiga aniq boradi. Chunki futbolchilarimiz ham biz kabi choyxona-poyxonaga boradi. Odatda parhez saqlamaydi.

Qachonki, har birimiz o‘zimizni isloh qilib halollikka intilib yashasak, ana o‘shanda futbol mundialiga aniq boramiz. Futbol jamiyat barometri kabi bir narsa desa mubolag‘a bo‘lmaydi. Nemislar bejiz jahon chempioni bo‘lishmadi. Nemis millati xaqida gapirganda birinchi ko‘z oldimizga keladigan narsa – bu ularning punktualligidir. O‘zbekcha aytganda, soat kabi aniq yurishidir. Yana ham aniqroq aytganda, ularda aytildi-qilindi, birovning vaqtini o‘g‘irlamaslik, omonatga xiyonat ya‘ni, va‘da qilib turib… aytdim-qaytdim degan narsalar umuman mavjud emas. Bu odatda “ertaga keling” deydigan davlat idoralari haqida. Aslida, shular “futbolli buvisini” ko‘rsatvoradi, fuqaroni “otangga bor, onangga bor” qilib. Qolaversa, Ovro‘poda futbol soliq to‘lovchilar hisobidan emas, xususiy shirkatlar tomonidan moliyalashtiriladi.

Futbolda yana bir asosiy jihat, bu to‘p uzatish madaniyati, ya‘ni sherigiga qulay pas berishdir. “Mendan ketguncha egasiga yetguncha” qabilida emas. Bu davlat byudjetidan qurilayotgan inshootlar tenderini qo‘lga kiritgan tashkilotlarga taaluqli.

Har gal mundialga bir bahya qoladi. Ancha-muncha ishqibozlar shuning orzusida olamdan ham o‘tib ketishdi. Osiyodan jahon chempionatiga yarimta chiptani qo‘lga kiritganda, ummon ortidan kelgan raqib jamoalar shu chiptaga qo‘shib termamizni ham “bir yamlamay yutib yuboradi”.

Hozirgi kunda futbolchilarimizga asosiy yetishmaydigan narsa – bu g‘oliblik ruhi. Maydonga har qanday raqibga qarshi, ko‘zi chaqnab, qo‘rqmay tushish. Yana hakamdan arazlash yoki achchiq qilib sariq, qizil kartochkalarni olmaslikka intilish. Xullas, qachon katta futbol forumlariga borishimizga aniq javob topgandayman. Qachonki, kamina ham bu kabi mavzudan-mavzuga o‘tlab ketmay, internet forumlarda anonim-pononim sharhlarni qoldirmay, bir kun kelib qo‘rqmasdan o‘z nomi bilan yoza oladigan bo‘lgandagina, shu chorak asrlik orzu amalga oshishi aniq. Ana o‘shandagina, rahmatli Hojiboy Tojiboy etganidek “biz ham mundialga muzqaymoq yalagani boramiz”. Hozircha esa, kechirib qo‘yasiz…

“Bolam, futbol-putbolini qo‘y. Foyda yo‘q undan. Undan ko‘ra qo‘yga qara. Ba‘rab jonga tegdi. Qo‘yda baraka bor! Bularingni tilini qara, bitta to‘pning ketidan yuguraverib osilib qopti... Qo‘y yog‘ida bo‘lgan oshdan yeganda, kuch bo‘lardi, charchab qolishmasdi...”

Onajonlar sog‘ bo‘lsin! O‘zbegimdan qo‘ymasin!

Toshkentlik futbol ishqibozi

Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002