Avstraliya, Osiyo Kubogi: O‘zbekiston Xitoyga yutqazdi

Image copyright epa

O‘zbekiston uchun bu yilgi Osiyo Kubogining pley-off bosqichiga yo‘llanmani naqd qilishi mumkin bo‘lgan guruh bosqich saralash bellashuvining 2-tur uchrashuvida Xitoy 2:1 hisobida g‘alaba qozondi va "B" guruhi peshqadamiga aylandi.

O'z navbatida, Xitoy hisobidagi 6 ochkosi bilan muddatidan ilgari keyingi bosqichga chiqdi.

O‘yinda hisobni 23-daqiqada O‘zbekiston ochganiga qaramay, raqib Xitoy uchrashuvning qolgan vaqtida hisobni o‘z foydasiga hal qildi.

Saudiya Arabistoni va O‘zbekiston hisoblaridagi 3 tadan ochko bilan, to‘plar nisbatidagi farqqa qarab, ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni bo‘lishib turishibdi.

O‘z o‘rnida eslatib o‘tish joiz, O‘zbekiston va Xitoy Qatarda bo‘lib o‘tgan 2011 yilgi Osiyo Kubogida ham bitta guruhda to‘p surishgan.

Ikkovlon o‘rtasidagi guruh bosqich saralash bellashuvlarining yakuniy tur uchrashuvi 2:2 durang hisobi bilan yakunlangandi.

Undan avval mezbon Qatar va Quvayt milliy terma jamoalarini mag‘lub etgan O‘zbekiston o‘shanda o‘z guruhi peshqadami sifatida keyingi bosqichga chiqqandi.

Image copyright Reuters

"B" guruhida ikkinchi yo‘llanma uchun kurash buyog‘iga Saudiya Arabistoni va O‘zbekiston o‘rtasida kechadi.

18 yanvar kuniga belgilangan yakuniy tur uchrashuvida qay bir milliy terma jamoa g‘alaba qozonsa, ikkinchi yo‘llanma o‘shanga nasib etadi.

"B" guruhidagi to‘plar nisbatidagi farq esa, hozircha, Saudiya Arabistoni tomonida.

Eslatib o‘tish joiz, pley-off bosqichiga chiqqan taqdirda ham, O‘zbekistonning mezbon Avstraliya jamoasiga qarshi to‘p surishi ehtimoli yuqori.

Avstraliya esa, bungacha Quvayt va Omanni yirik hisobda mag‘lubiyatga uchratgan, o‘z tuprog‘ida Osiyo chempioni bo‘lishni maqsad qilgan.

O‘z o‘rnida eslatib o‘tish joiz, o‘zining tarixida rekord natijasini ham O‘zbekiston aynan 2011 yilgi Osiyo Kubogida qayd etgan.

Pley-off bosqichida Iordaniyani mag‘lub etib, ilk bor qit‘a miqyosidagi ushbu nufuzli turnirning yarim finalchisiga aylangan.

Ammo yarim finalda aynan Avstraliyaga yirik 0:6 hisobida yutqazib, o‘z tarixida ilk bor Osiyo Kubogining finaliga chiqish imkoniyatini boy bergandi.

Xitoy bilan esa, O‘zbekiston Osiyo Kubogi doirasida bungacha uch bor to‘qnash kelgan bo‘lsa, shundan ikkitasida g‘alaba qozongandi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002